
«O‘zgarishlar muqarrar»: Eronni kelajakda nima kutyapti?
42 foizlik inflatsiya, qadrsizlangan riyol va suvsiz qolgan shaharlar. Eron xalqi va hukumati o‘rtasidagi o‘n yillik «ijtimoiy shartnoma» parchalandi. Endi Xominaiy ma’muriyati nafaqat AQSH sanksiyalari, balki o‘z siyosiy mavqeini saqlab qolish uchun kurashmoqda.

Eronda ommaviy norozilik namoyishlari biroz pasaydi. O‘n minglab odamlar hibsga olindi. Tartibsizliklarni qo‘llab-quvvatlashda ayblanganlarning mulklari musodara qilindi, o‘zlari esa «terrorizm» ayblovi bilan ta’qib qilinmoqda. Hukumat hozircha vaziyatni nazorat qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Biroq tashqi xotirjamlik ortida g‘alayonlarga sabab bo‘lgan o‘sha eski muammolar hamon saqlanib qolmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Eronda iqtisodiyotni tiklash va sanksiyalar bosimidan qutilish uchun og‘riqli murosaga borish yoki yangi tartibsizliklarga ro‘baro bo‘lishdan o‘zga chora qolmagan. Izdan chiqqan iqtisodiyot, mintaqaviy ittifoqchilarning zaiflashuvi va AQSH hujumi xavfi ostida qolgan Eron bugun chorrahada turibdi.
«Bu barqaror holat emas va u uzoq davom etmaydi. Tizim ertagayoq butkul inqirozga uchraydi, demoqchi emasman, lekin u hozir tanazzul spiraliga tushib qolgan. Agar o‘zgarishlardan bosh tortilsa, vaziyat faqat yomonlashib boraveradi», — deydi Xalqaro inqiroz guruhi (International Crisis Group)ning Eron loyihasi direktori Ali Vayez.
Oxirgi namoyishlar dekabr oyi oxirida, milliy valuta qadrsizlanishi ortidan boshlangan noroziliklar mamlakat miqyosidagi g‘alayonga aylanib ketishi natijasida kelib chiqdi. Namoyishchilar Eronning amaldagi boshqaruv tizimi — Islom respublikasini ag‘darishni talab qilishdi. Hukumatning ko‘rgan choralari 1979 yilgi inqilobdan keyingi eng shafqatsiz to‘qnashuvlardan biriga sabab bo‘ldi.
Eron davlat OAVlariga ko‘ra, namoyishlar oqibatida 3117 kishi halok bo‘lgan, ulardan 2427 nafari tinch aholi va xavfsizlik kuchlari vakillaridir. AQSHda joylashgan inson huquqlari faollari esa qurbonlar soni 4500 dan oshganini aytishmoqda.
Iqtisodiy inqiroz
2019 yildagi yoqilg‘i narxi oshishi yoki 2022 yildagi xotin-qizlar boshchiligidagi namoyishlar kabi o‘tgan yillardagi g‘alayonlardan so‘ng, davlat odatda subsidiyalar ajratar va ijtimoiy cheklovlarni biroz yumshatar edi. Ammo bu safar so‘nggi namoyishlarga sabab bo‘lgan ijtimoiy qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun hukumatning imkoniyatlari juda cheklangan.
O‘n yillik xalqaro sanksiyalar, shuningdek, boshqaruvdagi xatolar va korrupsiya tufayli Eron riyolining qiymati keskin quladi, neftdan keladigan daromadlar esa kamaydi. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatdagi inflatsiya 42 foizdan oshib, o‘zining cho‘qqisiga chiqdi. Taqqoslash uchun, 2016 yilda — Eron va dunyo davlatlari o‘rtasida yadroviy dasturni cheklash evaziga sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha kelishuv imzolanganidan bir yil o‘tib — bu ko‘rsatkich 6,8 foizni tashkil etgan edi. AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davrida — 2018 yilda ushbu kelishuvdan chiqdi va sanksiyalarni qayta joriy qildi.
Buning ustiga, Eronda muntazam elektr uzilishlari va surunkali suv tanqisligi kuzatilmoqda, bu esa oddiy aholi turmushini tobora qiyinlashtirmoqda. Sanksiyalar yukini kamaytirish uchun Eron Tramp ma’muriyati bilan muzokara o‘tkazishga majbur. Ammo buning uchun Xominaiy Eron tashqi siyosatining asosiy ustunlari — yadroviy dastur, ballistik raketalar va mintaqadagi ittifoqchilar tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash masalalarida yon berishi kerak bo‘ladi.
Ushbu yo‘nalishlar Eronning «ilg‘or mudofaa» strategiyasining — urushni Eron hududiga yetkazmaslikka qaratilgan harbiy doktrinasining asosiy qismlari hisoblanadi. Mazkur unsurlarning birortasidan voz kechish Xominaiy tomonidan qurilgan xavfsizlik arxitekturasining butunlay o‘zgarishini anglatadi. Ilgari oliy rahbar yadroviy dasturni qisman cheklashga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, raketalar va «qarshilik o‘qi» deb ataluvchi kuchlar masalasida hech qachon yon bermagan.
«Eron bu uch masala bo‘yicha rasman cheklovlarni qabul qilishga tayyormi yoki yo‘q, hozircha noma’lum. Tramp agar Eron uranni boyitishni qayta boshlasa, yangi bombardimon kampaniyasini boshlash bilan tahdid qilgani sababli Xominaiy qaror qabul qilishda ikkilanib qolgandek ko‘rinmoqda», — deydi Eron masalalari bo‘yicha tahlilchi va Amwaj.media nashri muharriri Muhammad Ali Shaboniy.
Tramp Eron o‘zining yadroviy infratuzilmasini butunlay yo‘q qilishi kerakligini aytgan. Eron esa o‘z yadro dasturi faqat tinchlik maqsadlarida ekanini ta’kidlab, bu variantni rad etib kelmoqda.
Mintaqadagi guruhlarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga kelsak, Germaniya Xalqaro va xavfsizlik masalalari instituti ilmiy xodimi Halireza Azizining aytishicha, Eron o‘tgan yilning iyun oyida Isroil bilan bo‘lib o‘tgan urushdan so‘ng ushbu tarmoqni qayta shakllantirish ustida ishlamoqda.
Isroil so‘nggi bir necha yil ichida Eronning mintaqadagi eng kuchli ittifoqchisi — Livan «Hizbulloh»ining arsenalini zaiflashtirdi va rahbariyatini safdan chiqardi. Iroqdagi guruhlar mamlakat siyosiy tizimiga ko‘proq jalb qilinib, ehtiyotkor bo‘lib qolishdi, Suriyadagi Bashar Asad rejimi esa quladi. Nihoyat, Eronning o‘zi ham mintaqadagi asosiy dushmani — Isroil tomonidan birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri va keng ko‘lamli hujumga uchradi.
Azizining so‘zlariga ko‘ra, ushbu urushdan so‘ng Eronda mintaqaviy guruhlar bilan ishlashning asl foydasi borasida qizg‘in bahslar boshlandi. Yakunda, «Eron zaminiga faqat mintaqaviy ittifoqchilar zaiflashganidan keyingina zarba berildi, undan oldin emas», degan argument ustun keldi.
«Shu sababli, hozirgi siyosat — sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirish va o‘sha tarmoqni ba’zi o‘zgarishlar bilan qayta tiklashga qaratilgan», — deydi Azizi. Uning ta’kidlashicha, asosiy e’tibor Iroqdagi kichikroq guruhlar bilan ishlash, «Hizbulloh»ga qurol yetkazib berishning yangi yo‘llarini topish va Yamandagi husiylarga ko‘proq tayanishga qaratilgan. Namoyishlar va AQSH zarbasi xavfi bu strategiyani qanchalik o‘zgartirganini baholash uchun hali erta va ma’lumotlar yetarli emas, biroq rasmiy kanallar hozircha hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganidan dalolat bermoqda.
O‘zgarishlar muqarrarmi?
Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralar kun tartibidan butunlay tushgani yo‘q. Namoyishlar avjiga chiqqan pallada, Tramp Eron hukumatining xalqqa nisbatan «shafqatsiz tazyiqlari» uchun mamlakatga zarba berishga ishora qilishi ortidan vaziyat keskinlashdi. Biroq, Fors ko‘rfazi davlatlari Trampni bunday hujumdan tiyilishga undashgach (chunki ular bunday harakat mintaqani tartibsizlikka yetaklashidan xavfsirashadi), u o‘z ohangini birmuncha yumshatdi.
22-yanvar kuni Tramp Vashington va Tehron o‘rtasidagi aloqa kanallari ochiq ekaniga ishora qildi. «Eron gaplashishni xohlaydi va biz gaplashamiz», — dedi u Davosdagi Butunjahon iqtisodiy forumida so‘zlagan nutqida.
Biroq, uning bu so‘zlari AQSH o‘z harbiy kuchlarini Yaqin Sharqqa ko‘chirayotgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Bu, katta ehtimol bilan, Eronni kelishuvga majburlash (kuch ishlatish bilan qo‘rqitish)ga urinishdir. «U tomonga ulkan flot yo‘l olmoqda va ehtimol, ulardan foydalanishimizga hojat qolmaydi», — dedi Tramp.
Shunday bo‘lsa-da, agar Eron katta yon berishlarga majbur bo‘lsa, mamlakat ichida xavfsizlik va boshqaruvning qonuniyligi haqidagi tushunchalarni qayta tiklash qiyin bo‘lishi mumkin. Yillar davomida Eron xalqi va tuzum o‘rtasidagi yashirin «ijtimoiy shartnoma» ijtimoiy va siyosiy erkinliklar evaziga xavfsizlik kafolatiga asoslangan edi. Ammo o‘tgan yili Isroil bilan bo‘lgan va 12 kun ichida Eronda kamida 610 kishi halok bo‘lgan urush ushbu ishonch ustunini parchalab tashladi.
«Eron davlati va jamiyati o‘rtasidagi ijtimoiy shartnoma o‘tgan o‘n yilliklar davomida zaiflashib borayotgan edi. O‘tgan yili elektr va suv inqirozi tufayli asosiy xizmatlardagi uzilishlar ortidan, endi xavfsizlikni ta’minlash masalasi ham shubha ostida qoldi. O‘z umrini uzaytirish uchun Islom Respublikasi endi kengroq muammo — xalqqa o‘zi nima bera olishi va nega mavjudligini davom ettirishi kerakligini tushuntirib berishdek murakkab vazifaga duch kelmoqda», — deydi Shaboniy.
Azizining fikricha, mamlakatda o‘zgarishlar allaqachon boshlangan: siyosiy tizim asta-sekin ruhoniylar boshqaruvidan harbiy yetakchilikka o‘tmoqda. 1979 yilgi inqilobdan keyin tuzilgan elita kuch — Islom inqilobi muhofizlari korpusi mamlakatning eng qudratli iqtisodiy va siyosiy subyektiga aylandi.
«Xominaiy vafotidan yoki hokimiyatdan ketganidan so‘ng, Islom Respublikasini biz bilgan avvalgi qiyofada ko‘rmaymiz. Bu xalqni rejimni o‘zgartirish uchun ko‘chaga chiqishga ko‘proq undaydimi yoki hammasi «Sovetcha ssenariy» bo‘yicha tugab, xavfsizlik tizimi boshqa shaklda qayta namoyon bo‘ladimi — bu ochiq savol. Ammo bir narsa aniq: o‘zgarishlar muqarrar», — deydi Azizi.





