add

Paratsetamol va autizm o‘rtasida bog‘liqlik bormi?

24.09.2025 | 21:40419919

Homiladorlik paytida paratsetamol qabul qilish bolada autizm rivojlanishiga sabab bo‘lishi aytildi. Bu fikr hali ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan.

Paratsetamol va autizm o‘rtasida bog‘liqlik bormi?
AQSH prezidenti Donald Tramp homiladorlik davrida autizm bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi sababli Taylenol (Tylenol, tarkibidagi asosiy ta’sir etuvchi modda paratsetamol) preparatini qabul qilmaslikka chaqirdi. Uning aytishicha, yaqin kelajakda amerikalik shifokorlarga bu dori vositasini homilador ayollarga buyurmaslik tavsiya etiladi. «Taylenol ichish yaxshi emas, mayli, buni ochiq aytaman. Bu yaxshi emas. Shu sababli, ular [tibbiyot idoralari] ayollarga homiladorlik paytida, agar tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra zarur bo‘lmasa, Taylenol iste’molini cheklashni qat’iy tavsiya etmoqdalar. Masalan, juda yuqori harorat holatida», - dedi Tramp Oq uyda sog‘liqni saqlash vaziri Robert F. Kennedi-kichik bilan birga o‘tkazilgan brifingda. AFP ta’kidlashicha, ko‘plab mutaxassislar ushbu preparatni homiladorlik davrida qabul qilish mumkin bo‘lgan eng xavfsiz og‘riq qoldiruvchi vositalardan biri deb hisoblaydilar. Taylenol ishlab chiqaruvchisi Kenvue kompaniyasi ham AQSH rasmiylarining xulosalariga qo‘shilmayapti. «Bizning fikrimizcha, mustaqil va ishonchli ilmiy ma’lumotlar atsetaminofen [paratsetamol] qabul qilish autizmga sabab bo‘lmasligini aniq ko‘rsatmoqda. Biz buning aksini ta’kidlovchi har qanday fikrga qat’iyan qo‘shilmaymiz va bunday da’volar bo‘lajak onalar salomatligiga xavf tug‘dirishidan chuqur tashvishda ekanmiz», - deya kompaniya BBC uchun bergan bayonotida ta’kidlandi. Ba’zi tadqiqotlar haqiqatan ham homiladorlik paytida paratsetamol yoki atsetaminofen qabul qilish bilan autizm o‘rtasida ahamiyatsiz bog‘liqlik borligini ko‘rsatadi. Biroq, bu ma’lumotlar izchil emas va dori vositasining autizmga sabab bo‘lishini isbotlamaydi. Tylenol nima? Taylenol retseptsiz beriladigan og‘riq qoldiruvchi dori vositasidir. Uning faol moddasi AQSHda atsetaminofen, boshqa mamlakatlarda esa paratsetamol nomi bilan tanilgan. Bu preparat turli savdo nomlari ostida, jumladan chaqaloqlar va kichik yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan ko‘rinishlarda sotiladi. U butun dunyo bo‘ylab uy dori qutichalarida og‘riq va isitmani tushirish uchun zarur vositaga aylanib ulgurgan. Homilador ayollar uchun uni qabul qilish xavfsizmi? Dunyo bo‘ylab yirik tibbiyot tashkilotlari va davlat muassasalari bu dori vositasining homilador ayollar uchun xavfsiz ekanligini ta’kidlamoqda. Amerika akusherlar va ginekologlar kollegiyasi ma’lum qilishicha, butun mamlakat bo‘ylab shifokorlar taylenolni homilador ayollar uchun xavfsiz bo‘lgan sanoqli og‘riq qoldiruvchi vositalardan biri sifatida izchil ravishda tilga olishmoqda. «Ilgari o‘tkazilgan tadqiqotlar homiladorlikning har qanday bosqichida atsetaminofenni oqilona qo‘llash va homila rivojlanishidagi muammolar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligi haqida aniq dalillar keltirmagan», - deya ta’kidlanadi tashkilot bayonotida. Buyuk Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati (NHS) tavsiyalariga ko‘ra, paratsetamol homilador ayollardagi og‘riqlarda «birinchi tanlov preparati» hisoblanadi. «U homiladorlik davrida keng qo‘llaniladi va farzandingizga zarar yetkazmaydi», - deyiladi tavsiyalarda. Taylenol ishlab chiqaruvchi Kenvue kompaniyasining ta’kidlashicha, bu homilador ayollar uchun og‘riqsizlantirishning eng xavfsiz variantidir. Ishlab chiqaruvchi ham, amerikalik shifokorlar ham bo‘lajak onalarga har qanday retseptsiz dorilarni qabul qilishdan oldin tibbiyot xodimlari bilan albatta maslahatlashishni maslahat berishadi. Tramp ma’muriyati faqat tana harorati yuqori bo‘lgandagina og‘riq qoldiruvchi dori ichishni tavsiya qilgan. Chunki, uzoq davom etadigan yuqori harorat onaga ham, rivojlanayotgan bolaga ham zarar yetkazishi mumkin. Paratsetamol autizmni keltirib chiqarishi mumkinmi? Aprel oyida AQSH Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vaziri kichik Robert Kennedi autizm sababini besh oy ichida aniqlash uchun «keng ko‘lamli test va tadqiqot dasturi»ni va’da qildi. Biroq, ekspertlar o‘nlab yillar davomida o‘rganilayotgan murakkab sindrom - autizmning sabablarini topish oson bo‘lmasligidan ogohlantirdi. Tadqiqotchilar orasida keng tarqalgan nuqtai nazar shundan iboratki, autizmning yagona sababi yo‘q. Bu kasallik genetik va tashqi omillarning murakkab kombinatsiyasi tufayli yuzaga keladi deb ishoniladi. Avgust oyida Garvard universitetining Chan jamoat salomatligi maktabi dekani rahbarligida o‘tkazilgan ilmiy ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, homiladorlik paytida tailenol ta’siriga uchragan bolalarda autizm va asab tizimining boshqa rivojlanish buzilishlari xavfi yuqori bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilar dori vositasidan foydalanishni cheklash choralarini ko‘rish lozimligini ta’kidladilar, biroq shu bilan birga, og‘riq qoldiruvchi vosita homilador ayollarda og‘riq va isitmani davolashda muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Ammo 2024 yilda e’lon qilingan boshqa tadqiqot taylenol iste’moli va autizm o‘rtasida bog‘liqlik topmagani ma’lum bo‘ldi. Darem universitetining ijtimoiy va yosh psixologiyasi professori Monik Bota shunday dedi: «Sabab-oqibat aloqasini ko‘rsatadigan ishonchli dalillar yoki ishonchli tadqiqotlar mavjud emas». Paratsetamol qanday ta’sir qiladi Og‘riq qoldiruvchi dorilar, shuningdek analgetiklar deb ham ataladigan preparatlar, opioid va noopioid turlariga bo‘linadi. Ko‘knoridan olinadigan yoki laboratoriyalarda sintez qilinadigan opioidlar miyadagi opioid retseptorlari bilan bog‘lanib, rohatlanish hissi bilan aloqador bo‘lgan dofamin gormonining ajralib chiqishiga olib keladi. Biroq, bunday dorilar kuchli qaramlikni keltirib chiqarishi mumkin, shu sababli mutaxassislar avvalo paratsetamol kabi noopioid dorilar yordamida og‘riqni bartaraf etishga urinishni tavsiya etadilar. Qiziq tomoni shundaki, paratsetamolning aynan qanday ta’sir qilishi haqida hali ham yagona fikrga kelinmagan. «Paratsetamolning ta’sir mexanizmi hali to‘liq aniqlanmagan. Ehtimol, u markaziy asab tizimi va bosh miyadagi og‘riqni sezishga ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek, yallig‘lanishga qo‘shimcha ta’sir etishi mumkin», - deydi Buyuk Britaniyadagi Lids universiteti mushak-skelet tibbiyoti professori Filip Konexen. Buyuk Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, paratsetamol miyadagi og‘riq haqida axborot uzatuvchi va tana haroratini boshqaruvchi kimyoviy signallarni to‘sib qo‘yadi. Uzoq vaqt davomida paratsetamol og‘riq bilan bog‘liq bo‘lgan gormonsimon moddalar - prostaglandinlar ishlab chiqarilishida ishtirok etuvchi siklooksigenaza (COX) fermentini bostirib, ta’sir ko‘rsatadi, degan nazariya mavjud edi. Biroq, hozirda paratsetamolning boshqa ta’sir mexanizmlari ham borligi taxmin qilinmoqda. Masalan, organizmda u AM404 birikmasi shaklida metabolizmga uchraydi. Bu birikma og‘riq signallarini uzatishga mas’ul bo‘lgan periferik neyronlardagi natriy kanallariga ta’sir etadi. Mahalliy og‘riqsizlantiruvchi vositalar ham xuddi shunday ta’sir ko‘rsatadi. Paratsetamolni qancha миқдорда qabul qilish mumkin? Sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislar paratsetamol dozalariga qat’iy amal qilish muhimligini ta’kidlamoqda. Ularning aytishicha, agar dori to‘g‘ri miqdorda va qisqa muddat davomida qabul qilinsa, salbiy ta’sirlar kamdan-kam hollarda yuzaga keladi. Buyuk Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati tavsiyalariga ko‘ra, tavsiya etilgan miqdor 500 mg dan bir yoki ikkita tabletka bo‘lib, kuniga to‘rt martagacha, biroq 24 soat ichida sakkizta tabletkadan (4000 mg) oshmasligi lozim. Bu miqdordan oshib ketish jigarning jiddiy zararlanishiga yoki ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin, chunki paratsetamolning taxminan 5 foizi NAPQI deb ataluvchi zaharli modda - benzoxinoniminga aylanadi. AQSH Oziq-ovqat va dori-darmon nazorati boshqarmasi (FDA) ma’lumotlariga ko‘ra, 1998 yildan 2003 yilgacha AQSHda o‘tkir jigar yetishmovchiligining asosiy sababi paratsetamol dozasining oshib ketishi bo‘lgan. Deyarli yarim holatda dozaning oshib ketishi tasodifan sodir bo‘lgan - jabrlanguvchilar bilmagan holda ruxsat etilgan kunlik dozadan oshib ketishgan. Bu tez-tez sodir bo‘ladi, chunki FDA ma’lumotlariga ko‘ra, paratsetamol 600 ga yaqin turli dori vositalarining tarkibiga kiradi. Shu sababli, gripp bilan og‘rigan kishi bir vaqtning o‘zida bir nechta dori vositasini qabul qilishi mumkin, biroq ular dorilarning har birida paratsetamol borligini sezmagan. Mutaxassislar ota-onalarga bolalarning dori dozasini sinchiklab nazorat qilishni maslahat berishadi. Ayniqsa, bola kun davomida turli joylarda — masalan, bog‘chada, buvi-bobosi uyida va o‘z uyida vaqt o‘tkazsa, bu alohida e’tibor talab qiladi. Paratsetamolning samaradorligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) og‘riq va yengil isitmani davolashda paratsetamolni birinchi yordam qatoriga kiradigan dori vositasi sifatida (ya’ni, hali davolanmagan bemor uchun eng xavfsiz va samarali tanlov sifatida) tavsiya etadi. Agar u natija bermasa, bemorlar «og‘riq zinapoyasi» deb ataluvchi tizimning keyingi bosqichiga o‘tkaziladi: avval kuchsiz opioidlar, so‘ngra kuchli opioidlar va zarur bo‘lsa, maxsus davolash usullari qo‘llaniladi. Paratsetamolning samaradorligi og‘riq turiga qarab farqlanadi. Ilmiy tadqiqotlarni ko‘rib chiqish va tahlil qilish bilan shug‘ullanuvchi Britaniya Kokran instituti ma’lum qilishicha, paratsetamol o‘tkir migren, shuningdek tug‘ruqdan va jarrohlik amaliyotlaridan keyingi og‘riqlarni davolashda samarali hisoblanadi. Biroq, uning foydasi, masalan, tizza bo‘g‘imlari artritida «o‘rtacha» darajada baholanadi. Bel og‘rig‘i yoki onkologik kasalliklar bilan bog‘liq jismoniy noqulayliklarda esa paratsetamol platsebodan ko‘ra samaraliroq emas ekanligi aniqlangan.

Teglar

Mavzuga oid