
Parijda «Anorbank» rahbarining «o‘g‘irlanishi» sahnalashtirilgani aytilmoqda
Aniqlanishicha, Qahramonjon Olimovning Fransiyadagi «o‘g‘irlanishi» qarz va biznes masalalarini hal etish uchun sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkin.

2025 yil yoz oyida o‘zbekistonlik bankir Qahramonjon Olimov Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani ma’lum qilingandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar undan 10 million dollar tovon puli talab qilgan. Bu voqea haqida ilk xabarni «Le Monde» e’lon qilgan va u qisqa vaqt ichida xalqaro OAVda, jumladan O‘zbekistonda keng tarqalgan. Biroq «The Insider» va «L’Express» qo‘shma surishtiruvi voqeada jiddiy qarama-qarshiliklar mavjudligini aniqladi.
Bankir Olimov sobiq ish beruvchisi Botir Rahimovga yaqin vakil (M.) tomonidan tashkil etilganini bildirgan. «The Insider» ma’lumotlariga ko‘ra, Rahimov 2016 yilda O‘zbekistondan ketgach, uning aktivlari hisobidan Olimov «moliyaviy magnat»ga aylangan. M. esa Rahimovning Turkiyadagi biznes sherigi bo‘lib, to‘liq shaxsiy ma’lumotlar tahririyatda mavjud.
Nashr tasarrufidagi hujjatlar va Telegram yozishmalari ikki tomonning munosabatlari odatdagi «jinoyatchi – jabrlanuvchi» sxemasiga mos kelmasligini ko‘rsatmoqda. Olimov va M. o‘zaro xushmuomalada bo‘lgan, hatto ba’zi hollarda do‘stona tarzda muloqot qilgan.
Olimov «o‘g‘irlangani» aytilgan Nitssa yaqinidagi Rokfor-le-Pan kommunasidan joylashgan villa kriptovalyuta orqali ijaraga olingan. Ijara jarayonida Olimovning yaqin tanishi Shuhrat Ziyovuddinovning pasporti vositachiga yuborilgan, keyinchalik esa «xotini bilmasligi uchun» anonimlik so‘ralgan.
Olimovning o‘zi 22-iyunda o‘g‘irlanganini, 23-iyunda esa qo‘yib yuborilganini aytgan. Ammo «The Insider» topgan dalillarga ko‘ra, M. ismli shaxs Olimov Parijga qaytishi uchun birinchi klass aviachiptani o‘z bank kartasi bilan to‘lagan va uning nusxasini Telegram orqali Olimovga yuborgan.
24-iyun kuni Olimov politsiyaga ariza bergan. Shunga qaramay, ayni shu kuni va unga qadar ikki taraf Telegram orqali do‘stona muloqotni davom ettirgan. Puli talab qilingan «200 ming dollarlik qarz»ning bir qismi politsiyadagi so‘roq bilan bir vaqtda, taxminan soat 19:00 da o‘tkazib berilgani ma’lum bo‘ldi.
Yozishmalar 26-iyungacha davom etgan. Olimovning M.ga yuborgan so‘nggi xabarida shunday deyilgan: «Meni zudlik bilan militsiyaga olib ketishyapti. Aloqani uzaman». M. Esa unga javoban: «Nega? Ular bu inssenirovka ekanini bilib qoldimi?», — deb yozgan.
Olingan dalillar orqasida surishtiruvchilar hodisaning o‘zini biznesni qonuniylashtirish yoki qarz majburiyatlarini yopish bo‘yicha sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelishmoqda.





