add

Paxta terimi boshlandi: narxlar, fermerlarga subsidiya va qo‘shni davlatlar bilan taqqoslash

08.09.2025 | 17:00220512

O‘zbekistonda 2025 yilda paxta mavsumida qo‘lda terim uchun 2 ming so‘m tavsiya etildi, fermerlarga esa tonnasiga 1 mln so‘m subsidiya ajratildi. Markaziy Osiyo davlatlarida paxta terimchilari qancha haq olyapti?

Paxta terimi boshlandi: narxlar, fermerlarga subsidiya va qo‘shni davlatlar bilan taqqoslash
Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2025 yilgi mavsumda qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun 2000 so‘m, mashina yordamida terilgan paxta uchun esa 1373 so‘m «tavsiyaviy» narx belgiladi. Vazirlik klaster va fermerlar terimchi bilan kelishib, mustaqil narx belgilashi ham mumkinligini ma’lum qilgan. Ya’ni tavsiyaviy narx bu eng kam miqdor degani emas. Fermer xo‘jaligi o‘zidan kelib chiqib, 1 500 so‘m yoki 1800 so‘m deb narx belgilashi ham mumkin. Fermer xo‘jaliklari terimchilarga o‘tgan yili 18 sentyabr arafasida 1300 so‘mdan 1600 so‘mgacha, o‘rtacha 1500 so‘m atrofida haq to‘langan edi. Vodiyda arzonroq, vohaga esa qimmatroq narxlar qayd qilingan.  Vazirlik 2024 yil oktyabrda bu miqdor (1500 so‘m) terimchilarga qiyinchiliklar tug‘dirgani uchun qo‘lda terilgan paxtaning narxi har bir kilogrammiga 2500 so‘mdan (+1000 so‘m) haq to‘lanishi haqida xabar bergan. Ma’lumot uchun, 2024 yilgi paxta terimi mavsumida 3,5 trln so‘mlik byudjet subsidiyasi klasterlarga berilgan va bu paxta terimini deyarli rag‘batlantira olmagan. Shu yili esa paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya berildi. Korxonalar o‘z mablag‘lari hisobiga paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplanadi. Bu haqida to‘qimachilikka oid videoselektorda ma’lum qilingan.   Shu yili terimchilar qancha oladi? 2025 yilgi paxta mavsumida ideal holda har bir kilo paxta uchun terimchiga 3000 so‘m to‘lanishi kerak: 1000 so‘m subsidiya va 2000 so‘mlik tavsiya etilgan narx hisobidan.  Ammo amalda to‘lov miqdorini fermer xo‘jaliklari o‘zlari belgilaydi. Shu bois qo‘lda terilgan paxta uchun tavsiya etilgan 2000 so‘mdan past narx belgilanishi ham mumkin, biroq bu terim jarayoni samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. «Qo‘l terimiga to‘lanadigan haq kilosiga 2 ming so‘mdan kam bo‘lmasligi, subsidiyani ham 10 oktyabrgacha jisman terib amalda topshirilgan paxtaga ajratilishi aniq qilib e’lon qilinishi to‘g‘ri bo‘ladi. Qo‘l terimiga 2000 so‘mdan kam to‘laganga ham, 10 oktyabrdan keyingi terilgan paxtaga ham subsidiya to‘lanmasligi zarur», – deb iqtisodchi Otabek Bakirov munosabat bildirdi.   Nega terimchilarni rag‘batlantirish kerak? Iqtisodchi Bakirov terimchilarga yuqori haq to‘lashning samarasi haqida mulohazalarini yozdi. Kuzda paxtani tezroq yig‘ib olish tolaning sifatga ham, fermerning daromadiga ham, keyingi qayta ishlash jarayonlariga ham ijobiy ta’sir qiladi. Shuning uchun subsidiya faqat 10 oktyabrgacha terilgan va kamida kilosiga 1 800–2000 so‘mdan yuqori haq to‘langan paxtaga berilishi samara ko‘proq bo‘ladi. Bu holda terimchi har kilo uchun kamida 2800–3000 so‘m oladi. Ya’ni bozordagi narxdan qimmatroq haq to‘lanishi shart. Yuqori haq to‘lashning yana bir samarasi shundaki, u mexanizatsiyaga turtki beradi. Agar ishchi kuchi arzon bo‘lsa, fermer ham, klaster ham paxtani qo‘lda terishni davom ettiradi. Ishchi kuchini qimmatlashtirish orqaligina mashina terimiga o‘tishga qiziqish paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, terimchilarga to‘langan har bir ming so‘m mamlakat bo‘yicha kamida 3,5 trln so‘mlik qo‘shimcha xarajat va iste’molni anglatadi. Odatda ular qishga ko‘mir, bolasiga kiyim-kechak, oziq-ovqat sotib oladi. Bu esa ishlab chiqarishga turtki berib, ayni vaqtda davlatga soliq sifatida qaytib keladi. Shu sababli, terimchilarga yuqori haq to‘lanishi ham qisqa, ham uzoq muddatda iqtisodiyot uchun foyda keltiradi.   Markaziy Osiyo davlatlarida paxta narxlari qancha? Tojikistonda terimchilar uchun 1 kilo paxtaga maksimum 1,5 somoniygacha (1900 so‘m) pul berilyapti. Biroq bundan ko‘pchilik norozi bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, fermerlar paxtani tannarxidan arzonga sotib, kasodga uchrashmoqda. Turkmanistonda esa o‘tgan yili terimchilarga har bir kilogramm paxta uchun 60 tanga to‘langan, keyinchalik 1 manatga (3542 so‘m) oshirilgan. Paxta terimi uchun narxlar ko‘tarilgandan keyin terimchilar paxta dalalariga bolalari bilan chiqqan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir oila (4–5 kishi) bir kunda 180–200 kilogramm paxta yig‘ib, kuniga 200 manatgacha (708 ming 500 so‘m) ishlagan. (Bunda, narxlar 1 AQSH dollarining rasmiy kursi 3,5 manat deb olingan. Aslida bozor kursi 27 manatga teng). Qirg‘izistonda 2025 yilgi mavsumda paxta yig‘im-terimi 80 ming tonna yetishi prognoz qilindi. Bu yil mahalliy korxonalar dehqonlardan paxtani kilosiga 40–45 qirg‘iz so‘mdan (5600–6387 o‘zbek so‘m) xarid qilmoqda. Fermerlar esa kamida 50 qirg‘iz so‘midan (7000 o‘zbek so‘mi) yuqori narx bo‘lsa, xarajatlar qoplanishini ta’kidlashmoqda. Qozog‘istonda esa asosiy paxta yetishtiruvchi hudud Turkiston viloyati hisoblanadi. O‘tgan yili har bir kilogramm uchun terimchilarga 200 qozoq tangasi (4628 so‘m) berilgan. Lekin fermerlardan biri terimchilardan ko‘ra, mashinada paxta terish 3 baravar arzonroq tushishini aytgan. Solishtirish uchun, O‘zbekistonda o‘tgan yili paxtaning har bir kilogrammiga 1500 so‘m atrofida to‘langan. Lekin bu terimchilarga qiyinchiliklar tug‘dirgani va ularni moliyaviy rag‘batlantirish maqsadida 2500 so‘mdan qilib oshirilgan. Klaster uchun ajratilgan 3,5 trln so‘mlik subsidiya esa natija bermagan. 2025 yilda esa vazirlik qo‘lda terilgan paxta uchun 2000 so‘m tavsiyaviy narx belgiladi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari har bir kilogramm paxtaga qo‘shimcha 1000 so‘mdan berishlari kerak. Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston AQSHdan paxta import qilishni yo‘l qo‘ymoqchiligi haqida xabar bergan edi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid