add

Putinni Donbassdagi urushni davom ettirishga chog‘lantirayotgan alohida sabab bor — The Times

Kecha 16:4527204 daqiqa

Keng ko‘lamli urushdan maqsad — faqatgina yangi hududlarni egallab olish emas, deb yozadi nashr.

Putinni Donbassdagi urushni davom ettirishga chog‘lantirayotgan alohida sabab bor — The Times

RF prezidenti Vladimir Putin 2014 yili Ukraina hududiga ilk bor qo‘shin kiritganidan keyin, ortidan sakkiz yil o‘tib, qo‘shni davlatga to‘laqonli bosqin boshlandi. Undan eng ko‘p aziyat chekkan hudud — Donbass. Mintaqadagi ko‘plab shahar va posyolkalar vayron bo‘lgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lumotiga ko‘ra, birgina port shahar bo‘lmish Mariupolda Rossiya bombardimonlari oqibatida kamida 20 ming nafar tinch aholi halok bo‘lgan.

The Times nashrining yozishicha, shuncha vaqtdan buyon tutqich bermayotgan tinchlik kelishuviga erishish umidida AQSH prezidenti Donald Tramp Kiyevga bosim o‘tkazmoqda — uning rejasiga ko‘ra, Moskvaga butun Donbassni topshirish va shu yo‘l bilan Rojdestvoga qadar otashkesimga erishish ko‘zda tutilgan.

Bu orada Kreml Ukraina o‘z qo‘shinlarini Donetsk oblastidagi mustahkamlangan shaharlar — Kramatorsk va Slovyanskdan olib chiqmaguncha janglar to‘xtamasligini ta’kidlamoqda.

 

Rossiyaga yon berishni harbiylar qabul qilmasligi mumkin

Agar Volodimir Zelenskiy Rossiyaga hududlarni topshirishni xohlasa ham, Ukraina Konstitutsiyasi bunday qarorni faqat umummilliy referendumdan keyin amalga oshirishni talab qiladi. The Timesʼning yozishicha, urush sharoitida bunday referendum o‘tkazish juda qiyin, hatto imkonsiz hisoblanadi. Biroq agar Kiyev bosib olingan hududlar ustidan Rossiya hokimiyatini rasman tan olmasdan, o‘z qo‘shinlarini Donbassdan olib chiqib ketsa, referendumga ehtiyoj bo‘lmasdi, deb yozadi nashr.

Biroq «Tirik qayt» fondining yetakchi tahlilchisi Mikola Beleskov fikriga ko‘ra, agar Donbassdan chiqish buyrug‘i berilsa, harbiylarning bir qismi unga bo‘ysunmasligi mumkin. Bu esa milliy birlik uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.

«Ukrainaliklarni asossiz imtiyozlarga majburlash — ayniqsa tuprog‘i uchun 11 yildan ortiq jang qilayotganlar uchun milliy haqorat sifatida qabul qilinishi mumkin», — dedi u.

Rossiya armiyasi hozirda Luhansk oblastining deyarli barchasi va Donetskning 80 foizidan ortig‘ini nazorat qilmoqda. Putin esa agar Ukraina taslim bo‘lmasa, butun Donbassni egallashini da’vo qilmoqda. Lekin Beleskov ta’kidlashicha, Kramatorsk va Slovyansk uchun bo‘ladigan janglar Moskva uchun o‘n minglab qurbonliklar evaziga yuz byuradi.

«Hatto alal-oqibatda hudud boy beradigan bo‘lsangiz ham, dushmanni katta to‘lov to‘lashga majbur qilish yaxshiroq — unga navbatdagi hujumlar uchun shart-sharoit yaratgandan ko‘ra. Jangsiz chekinish siyosiy jihatdan og‘ir va harbiy jihatdan xavfli», — deya urg‘uladi Beleskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto agar Ukraina Donbassdan voz kechadigan bo‘lsa ham, Kreml urushni to‘xtatmasligi ehtimoli katta.

«Rossiya nuqtayi nazariga ko‘ra, (AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlayotgan) bu rejalarning barchasi — chinakam tinchlik kelishuvi emas, balki Ukrainani ichki bo‘linishlar yaratish va undan keyingi muzokaralar chog‘ida yanada mustahkamroq pozitsiyalarga ega bo‘lish uchun hujumlarni davom ettirish yo‘lida foydalanish», — dedi Beleskov.

 

Ukrainaga bosim va Kiyevning pozitsiyasi

Zelenskiy bu hafta Dauning-stritda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yevropadagi ittifoqchilardan qo‘llab-quvvatlov olganiga qaramay, uning siyosiy pozitsiyasi sezilarli zaiflashdi. Bu, xususan, o‘tgan oyda korrupsiya mojarosi ortidan iste’foga chiqqan Andriy Yermak — mamlakatda prezidentdan keyingi eng ta’sirli shaxs hisoblangan maslahatchining ketishi bilan bog‘liq, deb yozadi nashr.

Garchi Yermakning iste’fosi Zelenskiy uchun jiddiy zarba bo‘lgan bo‘lsa-da, bu holat AQSH bilan olib borilayotgan muzokaralarga jiddiy ta’sir qilgani alomatlari hozircha ko‘zga tashlanmayapti.

«Ko‘pchilik Yermakning real siyosiy ta’siri avvalroq ortiqcha baholab yuborilganini tobora anglab bormoqda», — deb yozdi Ukraina prezidenti ma’muriyatiga yaqin siyosatshunos Volodimir Fesenko.

AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan rejada, shuningdek, Ukrainada 100 kun ichida prezidentlik saylovlarini o‘tkazish nazarda tutilgan edi. Zelenskiyning birinchi muddati o‘tgan yili tugashi kerak edi, ammo urush tufayli joriy qilingan harbiy holat sabab saylovlar qoldirildi. Shu bois Politico nashriga bergan intervyusida Donald Tramp Ukraina «endi demokratik davlat emas», degan bayonot berdi.

Zelenskiy esa «hokimiyatga yopishib olgan» degan ayblovlarni rad etdi va agar Yevropa va AQSH xavfsizlikni ta’minlashga yordam bersa, mamlakat 60–90 kun ichida saylov o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi. «Men saylovga tayyorman», — dedi u.

Tramp esa urushni Rojdestvogacha yakunlashni rejalashtirmoqda va Kiyevga o‘z taklifiga javob berish uchun sanoqli kunlar qoldirayotganini bildiradi. Zelenskiy esa Yevropa yetakchilariga unga nisbatan bosim kuchayganini, xuddi darhol hududiy imtiyozlar bo‘yicha qaror qabul qilishni talab qilayotgandek vaziyat yuzaga kelganini aytgan.

 

Rossiyaning keng ko‘lamli urushi — faqat hududlar uchun emas

Nashrning yozishicha, Moskva bir necha bor Ukrainaga qilingan bosqin faqat hududlar uchun emasligini ochiq bildirgan. Kremlning asosiy maqsadi — urushning «asosiy sabablari»ni bartaraf etish, ya’ni Kiyevdagi g‘arbparvar hukumatni yo‘qqa chiqarishdan iborat. Shuningdek, Rossiya Ukrainaga NATOga a’zo bo‘lish imkonini bermaslik va uning armiyasi hajmini cheklashni talab qilmoqda.

Shu bilan birga, hozir xorijda yashayotgan Rossiyaning sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanovning ta’kidlashicha, Vladimir Putin G‘arb davlatlari tomonidan Donbassning to‘liq Rossiyaniki deya e’tirof etilishini o‘zining shaxsiy maqsadlaridan biri deb bilib, unga qattiq yopishib olgan.

«Bu uning sha’ni va hokimiyatiga hurmat masalasi — toki hech kim uni ojiz deb o‘ylamasligi kerak», — degan Kasyanov .

Teglar

Mavzuga oid