add

Qamrov kam hududlarda bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida DXSH asosida bog‘cha qurishga ruxsat berilmoqda

09.09.2025 | 15:305668

Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurishga ruxsat berilishi mumkin.

Qamrov kam hududlarda bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida DXSH asosida bog‘cha qurishga ruxsat berilmoqda
Kecha, 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev  ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi. So‘nggi sakkiz yilda bog‘chalarda o‘rinlar soni 2,5 milliontaga ko‘paytirilib, maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetdi. Bu qamrovni oshirish maqsadida har yili 20 ming o‘rin ochish rejalashtirildi. Bog‘chalarda ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar uchun dual ta’lim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi. Tadbirkorlarga faoliyatni o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7 yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit ajratiladi. Davlat bog‘chalari va maktablaridagi bo‘sh maydonlarning DXSH asosida tadbirkorlarga bepul berilishini iqtisodchi Otabek Bakirov «ijtimoiy xato yo‘l», deb baholadi.
«Davlat maktabi va davlat bog‘chasi yer maydonlarida xususiy bog‘cha qurish — ijtimoiy xato yo‘l. Bizni kastalangan tabaqalanishga eltadi. Davlat bog‘chasining bo‘sh maydoni bo‘lsa, faqat davlat bog‘chasi qurilish kerak, davlat maktabining bo‘sh yer maydoni bo‘lsa, faqat davlat maktabi qurilishi zarur, davlat shifoxonasi yonida bo‘sh yeri bo‘lsa, faqat davlat shifoxonasi qurilishi lozim. Tilla beshikda tug‘ilganlar balki tushunmas, jamiyatni parokanda qiladigan, ichdan yemiradigan keskin tabaqalanish rag‘batlantirilishi emas, jilovlanishi, tiyib turilishi kerak. Buning eng oson vositasi — ta’lim va tibbiyotdagi teng imkoniyatlar va adolatni ta’minlash», deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Shuningdek, Prezident huzuridagi taqdimotda istiqboldagi rejalar tahlil qilinib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va iste’dodini yuzaga chiqarishda yaxlit tizimning yo‘qligi tanqid ostiga olindi. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan ko‘plab tadbirlar nomigagina, doimiy takrorlanadigan tarzda tashkil etiladi. Ularning samaradorligini baholash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar yo‘q. Endi mazkur muammolar inobatga olinib, zarurat bo‘lmagan tadbirlar o‘tkazishning oldi olinadi. Buning uchun  «Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning namunaviy ish rejasi» ishlab chiqildi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish bo‘yicha ham yagona vertikal tizim joriy etilishi belgilandi. Shu maqsadda «Barkamol avlod» bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda «Ëshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida «Kelajak» markazlari tashkil etiladi. O‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi. 2026-2028 yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan «Yangi avlod» maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi. 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etiladi. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va Davlat byudjeti hisobidan o‘qitiladi. Ularda «Yangi O‘zbekiston» universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik ta’lim dasturi joriy qilinadi. O‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi. Eslatib o‘tamiz, roppa rosa bir yil avval ham Prezident huzurida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqilgan edi. O‘shanda ham maktabgacha ta’lim muassasalarining qamrovini kengaytirish maqsadida maktablarning bo‘sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat berilishi muhokama qilingan edi. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.  

Teglar

Mavzuga oid