Qirg‘iziston deputati: O‘zbekistondan guruch kontrabandasi sababli fermerlar zarar ko‘ryapti

Qirg‘iziston deputati O‘zbekistondan guruch importi sabab mahalliy fermerlar zarar ko‘rayotganini aytdi. Vazir esa o‘zbekistonlik mavqedoshi undan 32 ming tonna guruch so‘raganini bildirdi.

Qirg‘iziston deputati: O‘zbekistondan guruch kontrabandasi sababli fermerlar zarar ko‘ryapti

Qirg‘iziston Jogorku Kengeshi deputati Burun Amanova bugun, 11-fevral kuni parlamentdagi yig‘ilishda mamlakatga O‘zbekistondan kontrabanda yo‘li bilan arzon narxda guruch olib kirilayotgani sababli mahalliy fermerlar kasodga uchrayotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq-Turpak tumani fermerlari arzon va noqonuniy guruch bois raqobat qila olmayotganidan deputatga shikoyat qilgan.

«Ular import qilinayotgan guruch bilan raqobatlasha olmaydi va shuning uchun ham zarar ko‘rmoqda. Aytishlaricha, olib kelinayotgan guruch Xitoyniki bo‘lishi ham mumkin. Vazirlar Mahkamasi ushbu muammoni hal qilish uchun nima qilmoqda?», deya yig‘ilishda savol berdi Burun Amanova.​

Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Bakit Torobayev guruch kontrabandasi haqida birinchi marta eshitayotganini aytgan.

«Chegarachilar bilan gaplashaman, Fitonazorat ham bor, bu boradagi choralarni kuchaytiramiz. Bundan tashqari, yaqinda menga O‘zbekiston vaziri murojaat qilib, yetishmovchilik tufayli bizdan 32 ming tonna guruch so‘raganini aytib o‘tmoqchiman. Men ularga buncha miqdorda guruch bera olmasligimizni aytdim», – deya qo‘shimcha qilgan Bakit Torobayev.

Bu borada O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi bergan raqamlarga qarasak, O‘zbekiston 2025 yilning yanvar-noyabr oylarida 11 ta xorijiy davlatga, 6,4 mln AQSH dollarlik 14,8 ming tonna guruch eksportini amalga oshirgan. Eng ko‘p guruch yetkazib berilgan davlatlar orasida Qirg‘iziston (2,4 ming tonna) Qozog‘iston (8 ming tonna) va Tojikistondan (3,4 ming tonna) keyin uchinchi o‘rinni egallagan.

Bu birinchi marta emas

Bundan oldinroq, Jogorku Kengeshda suv masalasi ham ko‘tarilgan edi. Unda deputat Umbetali Qidiraliyev sug‘orish suvi uchun qo‘shni davlatlardan to‘lov olinmayotganidan norozilik bildirgan.

«Qirg‘iziston bu gidroinshootlarni saqlashdan iqtisodiy foyda ko‘rmayapti. Ta’mirlash, suvni saqlash, dambalarni ta’mirlash kerak. Bularning bari katta xarajat. Hatto Kanada AQSHdan, Shvetsiya esa Germaniyadan suv uchun pul oladi. Nega Qirg‘iziston o‘z suvi uchun pul olmaydi? Axir bu xalqaro huquq-ku!» – degan edi Qidiraliyev.

Bunga javoban, Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Bakit Toroboyev «Qambarota GES-1» qurilishida O‘zbekiston va Qozog‘iston suvdan manfaatdor ekanini ochiq bildirganini eslatdi. Shuningdek, «Kampirobod» suvombori O‘zbekiston bilan 50/50 tamoyili asosida boshqarilishini aytgan edi.

«Biroq prezident Sadir Japarov ta’mirlash uchun qo‘shnilardan pul olmaslik kerakligini aytgan. O‘z kuchimiz bilan ta’mirlash ishlarini olib borishimizni aytgan. Ular o‘zlari xohishi bilan yordam berishi mumkin. Biz majburlamaymiz”, – dedi Toroboyev.

Shu tariqa, Qirg‘izistonda qisqa vaqt ichida O‘zbekiston bilan bog‘liq savdo va suv masalalarida ikkinchi bor tanqidiy bayonotlar yangradi. Hozircha bu chiqishlarga O‘zbekiston rasmiylari hech qanday munosabat bildirmadi.

Teglar

Mavzuga oid