
Qozog‘istondan olib chiqilgan 14 mlrd dollar va To‘qayevning iste’foga chiqqan matbuot kotibi
Qozog‘iston prezidentining bayonoti Oqo‘rdaning rasmiy kanalida e’lon qilingan edi, ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay bu xabarlar g‘oyib bo‘ldi. Shov-shuvlar fonida 29-yanvar kuni prezident matbuot kotibi Ruslan Jeldibayning lavozimidan ozod etilgani ham muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 28-yanvar kuni Moliyaviy monitoring agentligi xodimlari oldida so‘zlab, tijorat banklaridagi noqonuniy va shubhali moliyaviy operatsiyalar ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qildi. Uning aytishicha, 2025 yilda Qozog‘iston banklaridan biri orqali qo‘shni davlatdan xorijga 7 trln tanga, ya’ni qariyb 14 mlrd dollar mablag‘ o‘tkazilgan.
Prezident bu holatni huquqiy, iqtisodiy va hatto siyosiy jihatdan g‘ayritabiiy, deb baholadi.
Shu bilan birga, u aniq qaysi bank yoki qaysi davlat haqida so‘z ketayotganini ochiqlamagani jamoatchilikda turli taxminlar va spekulyatsiyalarga sabab bo‘ldi.
Internetdagi shov-shuv va o‘chirilgan xabarlar
Prezident bayonoti e’lon qilinganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar va axborot saytlarida «Qaysi bank?» va «Qaysi davlat?» degan savollar bilan qizg‘in muhokamalar boshlandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, mazkur bayonotga oid xabarlar ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirila boshlandi.
E’tiborli jihati shundaki, prezident ma’muriyatining rasmiy saytida ham 7 trln tanga haqidagi jumla matndan o‘chirilib tashlandi.
Sanksiyalar xavfi va geosiyosiy ishoralar
14 mlrd dollar miqdoridagi tranzit mablag‘lar AQSH va Yevropa Ittifoqining ikkilamchi sanksiyalariga duchor bo‘lish fonida Qozog‘iston uchun ayniqsa jiddiy ko‘rilmoqda.
Internet foydalanuvchilari va tahlilchilar ehtimoliy qo‘shni davlat sifatida asosan Rossiyani tilga olmoqda. Xitoy varianti esa kam ehtimol sifatida baholanyapti, chunki Pekin bilan munosabatlarda bunday yashirin moliyaviy sxemalarga ehtiyoj yo‘qligi ta’kidlanmoqda.
Agar gap sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun amalga oshirilgan tranzit operatsiyalar haqida borayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston bank tizimi uchun xalqaro bosim kuchayishi mumkin.
Banklar atrofidagi taxminlar
Bayonotda bank nomi tilga olinmagani sababli, ijtimoiy tarmoqlarda bir necha moliyaviy institutlar haqida taxminlar paydo bo‘ldi. Ayrim Qozog‘iston banklari o‘z nomlarini oqlashga majbur bo‘lyapti. Jamoatchilikda 2018 yildagi «Bank Astani» bilan bog‘liq voqealar esga olinmoqda, o‘shanda ham prezident tanqidi ortidan bank inqirozga uchragan edi.
Kutilmagan iste’fo
Shov-shuv fonida 29-yanvar kuni prezident matbuot kotibi Ruslan Jeldibay lavozimidan ozod etildi. Bu qaror ham jamoatchilik tomonidan mazkur moliyaviy mojaro bilan bog‘lanmoqda. Hozircha rasmiy izoh berilmadi, yangi matbuot kotibi esa sukut saqlamoqda.
Bayonotni yashirishga urinish jamoatchilikda ishonchni yanada susaytirdi. Ekspertlar fikricha, rasmiy izohlarsiz bu kabi holatlar moliyaviy bozorlar va bank tizimi uchun yanada katta xavf tug‘dirishi mumkin.





