
Rasmiy Qirg‘iziston Solovyov masalasida nega jim ekani aytildi
Prezident matbuot kotibi rossiyalik teleboshlovchining gaplarini «puch va jiddiy bo‘lmagan» deya atab, rasmiylar nega bu mavzuda sukut saqlaganini aytdi.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozov rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyo haqidagi bayonotlariga nisbatan rasmiy munosabat bildirilmayotganiga izoh berdi. Bu haqda u o‘zining Facebook sahifasida post qoldirdi.
Rasmiyning fikricha, teleboshlovchining bayonotlarini turli mavzulardagi ko‘p soatlik efirlar davomida yangragan «puch va jiddiy bo‘lmagan» gaplar sifatida qabul qilish lozim.
«Ehtimoliy reaksiyaga kelsak, Solovyov jurnalist va teleboshlovchi ekanini hisobga olib, uning so‘zlariga javoblar tegishli darajada — jurnalistlar yoki boshqa shaxslar tomonidan berilmoqda. Agar bunday bayonotlar deputat yoki vazir tomonidan yangraganida edi, vaziyat boshqacha bo‘lardi. Unda javob bizning deputatlarimiz yoki hukumat a’zolarimiz tomonidan berilgan bo‘lardi», — deya yozdi u.
Japarov matbuot kotibining ta’kidlashicha, Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar «eng yuqori darajada» yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston tomoni Rossiya davlat telekanali rahbariyatidan ushbu vaziyat yuzasidan tegishli munosabat kutayotgani aytildi. Bishkekning bahosiga ko‘ra, bu kabi tushunarsiz bayonotlar xalqlar o‘rtasida asossiz keskinlikni keltirib chiqaradi.
Alagozov qirg‘izistonlik deputatlar tomonidan Vladimir Solovyovni mamlakatda «persona non grata» (istalmagan shaxs) deb e’lon qilish haqidagi tashabbuslardan xabardor ekanini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qarorlarni qabul qilishning o‘rnatilgan qonuniy tartibi mavjud. «Bu masala qanday ko‘rib chiqilishini kuzatamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, propagandachi bir necha kun avvalgi efirlaridan birida Rossiya, xuddi AQSH Venesuelada qilganidek, «xalqaro huquqqa tupurishi» va Armaniston hamda Markaziy Osiyo respublikalarining Rossiya «ta’sir doirasi»dan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularning ichki ishlariga kuch bilan aralashish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerakligi haqida ahmoqona fikr bildirgandi.
«Armanistondan ayrilish — bu biz uchun strategik inqirozdir. «Bizning Osiyo», ya’ni ular Markaziy Osiyo deb ataydigan mintaqadagi muammolar esa Rossiya uchun halokatli xavf tug‘dirishi mumkin. Biz nihoyat maqsad va vazifalarimizni keskin va aniq belgilab olishimiz shart. Shuni ochiq aytish kerakki: o‘yinlar tugadi. Xalqaro huquq va soxta tartib-qoidalarga qarashning hojati yo‘q. Agar milliy xavfsizligimizni himoya qilish uchun Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlashga majbur bo‘lgan bo‘lsak, nima uchun aynan shu mantiq bilan ta’sir doiramizning boshqa strategik nuqtalarida ham xuddi shunday harakatlarni amalga oshira olmaymiz?» — degandi u.
Markaziy Osiyo davlatlarida ham jamoatchilik orasida bu fikrlar keskin norozilikni keltirib chiqardi. Xususan, o‘zbekistonliklar rasmiylardan qat’iy munosabat bildirishni so‘rab, MO davlatlari birgalikda nota berishi kerakligini ta’kidlamoqda.





