
Rossiya imperiyasining milliardlab qarzi yana kun tartibiga chiqdi
AQSHdagi investitsiya fondi Rossiyadan asrlik obligatsiyalar bo‘yicha 225 mlrd dollarlik qarzni talab qildi va bu muzlatilgan aktivlar atrofidagi bahsni yanada kuchaytirdi.

AQSHning «Noble Capital RSD» investitsiya fondi federal sudga da’vo arizasi kiritib, Rossiya Federatsiyasidan 225,8 mlrd dollar undirishni talab qildi. Da’vo Rossiya imperiyasi tomonidan 1916 yilda chiqarilgan obligatsiyalar bo‘yicha qarz majburiyatlarini zamonaviy Rossiya davlati zimmasiga yuklashga qaratilgan, deb xabar bermoqda «RBK».
Ish doirasida javobgar sifatida Rossiya Federatsiyasi, Moliya vazirligi hamda Milliy farovonlik jamg‘armasi ko‘rsatilgan. Fond da’vo arizasida Rossiya imperiyasi qarzlari huquqiy vorislik asosida hozirgi davlat zimmasiga o‘tganini ta’kidlaydi. Ularning fikricha, ushbu majburiyatlar xorijda muzlatilgan Rossiya suveren aktivlari hisobidan qoplanishi mumkin.
Da’voda, xususan, 2014 yilda Qrimning anneksiya qilinishi va keyinchalik Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng muzlatilgan aktivlar tilga olingan. Gap Markaziy bankka tegishli, G‘arb mamlakatlarida bloklangan katta hajmdagi mablag‘lar haqida ketmoqda. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu aktivlarning umumiy qiymati 260 mlrd yevro atrofida bo‘lib, ularning asosiy qismi Belgiyada joylashgan «Euroclear» depozitariysida saqlanmoqda.
Biroq «RBK» suhbatlashgan huquqshunoslar ushbu da’voning amaliy istiqbolini juda past baholamoqda. Ularga ko‘ra, «Noble Capital»ning asosiy maqsadi Rossiyadan real ravishda pul undirish emas, balki AQSH hukumatiga muzlatilgan aktivlardan foydalanishning «xususiy-huquqiy» ssenariysini taklif etishdir. Bu yo‘l orqali aktivlarni siyosiy qarorlarsiz, sud mexanizmlari vositasida yo‘naltirish mumkinligi namoyish etilmoqda.
Yevropa Ittifoqi esa 2025 yil dekabrida Rossiya aktivlarini urush tugab, Ukrainaga yetkazilgan zarar qoplanmaguncha muddatsiz muzlatib turishga qaror qildi. Biroq ushbu mablag‘larni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina foydasiga ishlatish masalasida hali ham yagona siyosiy kelishuv mavjud emas.
Natijada, asrlik imperiya qarzlari atrofidagi da’vo nafaqat yuridik, balki geosiyosiy bahsning ham bir qismiga aylanib bormoqda.





