
Rossiya Qirg‘izistonda ham AES qurmoqchi
Rossiya prezidenti Bishkekka tashrifi chog‘ida Moskva Qirg‘iziston uchun atom elektr stansiyasi qurishi mumkinligini ma’lum qildi.

Moskva va Bishkek Qirg‘izistondagi ilk atom energetikasi loyihasini ishga tushirish masalasini muhokama qilmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida Moskva mamlakatda kichik modulli reaktorlardan foydalangan holda atom elektr stansiyasi qurish imkoniyatini o‘rganayotganini ma’lum qildi. U loyiha hozircha muhokama bosqichida ekanini, yakuniy qarorni esa Qirg‘iziston hukumati qabul qilishi lozimligini ta’kidladi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kompaniyalari allaqachon Qirg‘iziston energetika tizimida faoliyat yuritmoqda. Rossiya respublika iste’molchilariga elektr energiyasi yetkazib bermoqda, mamlakat daryolarida gidroelektr stansiyalarini loyihalash va modernizatsiya qilishda ishtirok etmoqda. Rossiyaning «Rosatom» atom davlat korporatsiyasi o‘tmishdagi ishlanmalarning ekologik oqibatlarini kamaytirish maqsadida sobiq uran qazib olish maydonlarini rekultivatsyoiya qilish dasturini amalga oshirayotganini Putin qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, boshqa qo‘shma loyihalar ham muhokama etilmoqda. Tomonlar Issiqko‘l viloyatida yirik quyosh elektr stansiyasini, Qirg‘iziston shimolida esa yangi issiqlik elektr markazini qurishni rejalashtirmoqda. Rossiyaning TASS agentligi xabar berishicha, ushbu inshootlar mamlakatning energiya balansini kengaytirishi va ayniqsa qish oylarida mavsumiy elektr uzilishlarini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
«Rosatom» rahbari Aleksey Lixachev may oyidayoq davlat korporatsiyasi Bishkek loyiha parametrlarini belgilashi bilanoq kichik atom stansiyasi qurilishini boshlashga tayyor ekanini aytgan edi. Gap RITM-200N qurilmasi asosida 110 dan 440 megavattgacha quvvatga ega bo‘lgan blokli atom elektr stansiyasi haqida bormoqda. Rossiya shunga o‘xshash texnologiyalarni O‘zbekiston va Myanmada joriy etmoqda, Yoqutistonda esa foydalanmoqda.
Qirg‘iziston rasmiy organlari ehtimoliy ssenariylarni tahlil qilishda davom etayotganini ma’lum qildi. Ular qurilish qiymati, moliyalashtirish shartlari, o‘zini qoplash muddatlari va xavfsizlik talablarini baholashlari zarur. Shuningdek, ishlatilgan yadro yoqilg‘isi bilan muomala qilish va ob’ektni uzoq muddatli nazorat qilish masalalari alohida muhokama etilmoqda.
Energetika vazirligi stansiya uchun joy qidirayotganini ma’lum qildi, biroq aholi roziligisiz ishlar boshlanmasligini ta’kidlamoqda. Jamiyatda esa yagona nuqtai nazar mavjud emas. Ko‘pchilik aholi boy suv resurslari va an’anaviy energiya quvvatlarining yetarliligini hisobga olgan holda AESning zarurligiga shubha bildirmoqda.
Qirg‘izistonning 24.kg portali yozishicha, ekspertlar loyihaning yuqori narxiga ham e’tibor qaratmoqda: AESning xizmat muddati 60 yildan oshmaydi, bitta stansiyani demontaj qilish esa 500 million dollarga tushishi mumkin. Shu bilan birga, Qirg‘iziston ehtiyojlarini qoplash uchun ikkita AES zarur bo‘ladi va yangi stansiyalarni har 25-50 yilda qurish talab etiladi.





