add

Rossiya «Tolibon»ni rasman tan oldi. Qolganlar-chi?

04.07.2025 | 21:00306712

Rossiya Federatsiyasi Afg‘oniston Islom Amirligini rasman tan oldi. «Tolibon» joriy etgan bayroq Moskvadagi elchixona tepasiga osildi.

Rossiya «Tolibon»ni rasman tan oldi. Qolganlar-chi?
Reuters axborot agentligining xabar berishicha, Rossiya Afg‘onistondagi «Tolibon» hokimiyatini rasman tan olgan dunyodagi birinchi davlatga aylandi. Rossiya uzoq yillar davomida «Tolibon» harakatini terrorchi tashkilot deb tan olgan. Bunga asosiy sabab — «Tolibon»ning 1990-yillar oxiri va 2000 yillarning boshlarida Afg‘onistonda amalga oshirgan zo‘ravon harakatlari, inson huquqlarining ommaviy buzilishi va ularning xalqaro terroristik guruhlar bilan aloqasi bo‘lgan. 2003 yilda Rossiya Oliy sudi «Tolibon»ni rasmiy ravishda terrorchi tashkilot deb e’lon qildi. Bu qaror o‘sha paytdagi global xavfsizlik kontekstiga, xususan, AQSH boshchiligidagi xalqaro terrorchilikka qarshi kurash siyosatiga hamohang edi. «Tolibon» harakati o‘sha davrda «Al-Qoida»ga boshpana bergani, xalqaro koalitsiya kuchlariga qarshi kurashgani uchun, Rossiya ham uni xavfli kuch sifatida ko‘rdi. Biroq 2021 yilda AQSH va NATO kuchlari Afg‘onistondan butunlay chiqib ketgach, «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni egalladi. Endilikda ular amalda butun mamlakatni boshqaruvchi kuchga aylandi. Shu o‘zgarishdan so‘ng, Rossiya o‘z yondashuvini pragmatik yo‘nalishga burdi. Ya’ni «Tolibon» hali rasmiy tan olinmagan bo‘lsa-da, Rossiya ular bilan aloqa o‘rnatdi, Moskvada uchrashuvlar o‘tkazdi va Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy va xavfsizlik sohalarida hamkorlik qilishga harakat qila boshladi.  Bu Rossiyaning mintaqaviy barqarorlikni saqlash, ekstremistik guruhlarning Markaziy Osiyoga tarqalishining oldini olish va AQSH ta’sirining kamayganidan geosiyosiy foyda ko‘rish istagi bilan bog‘liq.   O‘zbekiston uchun «Tolibon» kim? O‘zbekistonning «Tolibon» harakatiga nisbatan munosabati har doim ehtiyotkorlik bilan muvozanatli bo‘lgan. Rasman O‘zbekiston «Tolibon»ni hech qachon diplomatik jihatdan tan olmagan va u bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri elchixonalar darajasida aloqalar o‘rnatilmagan. Shunga qaramay, mamlakat amaliyotda «Tolibon»ni faqat jangari kuch sifatida emas, balki Afg‘onistondagi siyosiy voqelik, muzokara tomoni sifatida ko‘rib kelgan. Bu yondashuv Islom Karimov davrida kuzatilgan. Islom Karimov Afg‘onistondagi beqarorlikning mintaqaviy xavfsizlik uchun tahdid ekanligini ko‘p bora aytgan va tinchlik o‘rnatish uchun harbiy yechim emas, muzokaralar zarurligini urg‘ulagan. Masalan, 1999-yilda BMT Bosh Assambleyasida qilgan chiqishida u Afg‘oniston muammosini ichki tomonlar, shu jumladan «Tolibon» bilan muzokara yo‘li bilan hal qilish kerakligini ta’kidlagan. O‘sha yillarda «Tolibon» Afg‘onistonning katta qismini nazorat qilayotgan bir paytda ham O‘zbekiston ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borgan, jumladan, «Tolibon» vakillari Toshkentga tashrif ham buyurgan. 2021 yilda AQSH kuchlari Afg‘onistondan chiqqach va «Tolibon» hokimiyatni egallagach, O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi — ya’ni rasmiy tan olmagan holda ular bilan muloqotni davom ettirdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu voqeani quyidagicha izohlagan: «Bular [toliblar — tahr.] bilan bugun yo kecha emas, ikki yil oldin — hali hech qaysi davlatlar ular bilan gaplashmaganda muloqotni boshlagandik. Menga xalqimning tinchligi kerak, osoyishtaligi kerak. Faqat va faqat o‘zbek xalqimning, jonajon O‘zbekistonning tinchligiga ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar, muloqotga kirishishga tayyorman». Tolibon vakillari 2021- va 2022 -yillarda Termizda va Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro yig‘ilishlarda ishtirok etgan. O‘zbekiston bu orqali Afg‘onistonda barqarorlik bo‘lishini, chegarada xavfsizlik saqlanishini va iqtisodiy aloqalar, xususan temir yo‘l, energetika va humanitar hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zlagan. Afg‘oniston orqali O‘zbekistonni Pokiston portlari bilan bog‘lovchi «Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar» temiryo‘li loyihasi doirasida ham «Tolibon» bilan muloqot olib borilgan. Shuningdek, Ozarboyjonda o‘tgan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 17-sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning xalqaro maydonga qaytayotganini olqishladi.   Ikkilanib turgan G‘arb davlatlari Tolibon harakati 2021-yil avgustida Afg‘onistonda hokimiyatni egallagungacha ham Qatarda rasmiy vakolatxonaga ega edi. Biroq, bungacha ham, 2021 yildan keyin ham G‘arb davlatlari, xususan AQSH, ularning hokimiyatini rasman tan olmadi. AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari «Tolibon»ni rasmiy hukumat sifatida tan olish uchun avvalo inson huquqlari, xususan ayollar va qizlarning ta’lim olish huquqi ta’minlanishi, inklyuziv hukumat tuzilishi va terrorchilikka qarshi aniq kafolatlar bo‘lishi kerakligini ta’kidlab kelmoqda. «Tolibon» esa bu talablarning ayrimlarini rad etgan yoki o‘z uslubida talqin qilgan. 2021 yilda AQSH Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqqanidan so‘ng toliblar tezda Kobulni egalladi. Bu voqeadan so‘ng AQSH «Tolibon»ni tan olmagan bo‘lsa-da, u bilan amaliy masalalar, jumladan, xavfsizlik, insonparvarlik yordami va evakuatsiya bo‘yicha aloqa o‘rnatdi. AQSH Davlat departamenti bu munosabatni «de-fakto muloqot», deb atagan. Shunga qaramay, AQSH «Tolibon»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarmagan, ayni vaqtda ular bilan ba’zi amaliy muzokaralarni olib bormoqda. Yevropa Ittifoqi ham «Tolibon»ni tan olmagan. Biroq Yevropa Ittifoqining Afg‘onistonda insonparvarlik yordamlarini muvofiqlashtirish uchun Kobulda texnik vakolatxonasi mavjud. Yevrokomissiya vakillari qayd etishicha, bu vakolatxona diplomatik missiya emas, balki bevosita afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish maqsadida ochilgan. BMT esa Afg‘onistonga nisbatan neytral pozitsiyada qolmoqda.  «Tolibon» BMT a’zosi bo‘lgan Afg‘oniston delegatsiyasini o‘zgartirishni so‘ragan, ammo BMT bu talabni haligacha qanoatlantirmagan. Shu bilan birga, BMT orqali Afg‘onistonga yillik milliardlab dollarlik gumanitar yordam yetkazilmoqda, bu jarayonlarda «Tolibon» bilan ham aloqa yo‘lga qo‘yilgan. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

undefined | Vaqt.uz