add

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi imperiyaning o‘limoldi talvasasidir — ukrainalik siyosatchi

Kecha 22:306 daqiqa

Vladimir Putin uzoq yillar davomida Ukrainani yo‘q qilish g‘oyasiga mutaassib darajada berilgan. Ukraina Oliy Radasining tashqi siyosat va parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasi raisi Oleksandr Merejkoning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Milliy xavfsizlik arxividan yaqinda oshkor etilgan ma’lumotlar bu holatni tasdiqlagan.

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi imperiyaning o‘limoldi talvasasidir — ukrainalik siyosatchi

«Turli manbalarda, hujjatlarda AQSH prezidenti Jorj Bush kichik va Putin o‘rtasidagi suhbat haqida aytib o‘tilganini tez-tez uchratib turardim. Bu haqda avvaldan ma’lum edi, lekin hech qanday hujjatli isboti yo‘q edi. Menimcha, bu juda muhim voqelik, chunki u Putin bir necha o‘n yillar davomida Ukraina mustaqilligini yo‘q qilish g‘oyasiga mutaassib darajada mukkasidan ketganini aniq ko‘rsatadi» — deydi Merejko.

Endi esa, shu yillar davomida «xalqaro huquq» degan tushuncha Putin uchun shunchaki quloqqa chalingan gapdan boshqa narsa bo‘lmagan. Xuddi shu tarzda, Ukraina mustaqil davlat sifatida butun sivilizatsiyalashgan dunyo tomonidan tan olingani ham unning uchun mutlaqo ahamiyatsiz bo‘lgan.

«Putin Ukrainaga hech qachon mustaqil, suveren davlat sifatida qaramagan. Xalqaro huquqqa tayanadigan bo‘lsak, uning asosida davlatlarning suveren tengligi prinsipi yotadi. Bu ikki asosiy tamoyilni anglatadi: birinchisi — har qanday davlatning suverenitetiga hurmat, ikkinchisi — shundan kelib chiqadigan davlatlar tengligi tamoyili. Ana shu nuqtada Putinning Ukrainaga (faqatgina unga emas, bu hujjatlarda Qozog‘iston ham tilga olinadi) munosabati bu tamoyillarga tamoman zid. U sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan ko‘plab davlatlarga nisbatan qarashi aynan shunday», — deydi siyosatchi.

Oleksandr Merejko Rossiya Federatsiyasining asosiy maqsadini faqatgina Ukraina hududlarini bosib olish emas, balki ukrain davlatchiligini yo‘q qilish, deb hisoblaydi. Buni Amerikadagilar ham tushunib yetish kerak, deya ta’kidlaydi u.

«Buni anglab yetish juda muhim. Chunki Kreml diktatorining maqsadi xalqaro huquqni inkor qilib, Ukrainaning biror hududini anneksiya qilish emas. Kremlning asosiy g‘oyasi — Ukraina davlatchiligini tamomila yo‘q qilish. Hozirgi sharoitda, Ukraina va AQSH vakillari o‘rtasida muzokaralar olib borilayotgan bir paytda bu juda muhim nuqta. Ya’ni, Kremlning asosiy maqsadini to‘liq anglab yetish va uning bu mutlaqo absurd, huquqqa zid va mantiqiy asosga ega bo‘lmagan talablariga rozi bo‘lsak, go‘yoki vaziyat o‘zgaradi, degan xayollarga berilmaslik lozim», — deb hisoblaydi qo‘mita raisi.

Putin Ukrainadagi tajovuz bilan to‘xtamaydi, deb hisoblaydi Aleksandr Merejko. Rossiya rahbarining bosh rejasi SSSRni u yoki bu ko‘rinishda tiklash.

«Putin sovet ittifoqi imperiyasini tiklashga urinayotganini ko‘rmoqdamiz. Bu esa shundan dalolat beradiki, u o‘z vaqtida SSSR tarkibida bo‘lgan davlatlar hududini egallashga intilmoqda. Bundan tashqari, u Yevropada ham shu imperiyaning ta’siri va gegemoniyasini tiklashga harakat qiladi. Bu uning asosiy strategik vazifasi. G‘arb siyosatshunosligida bunday yondashuvni «katta strategiya» deb atashadi. Mana shu Putindan kelayotgan asosiy xavfi, aynan mana shu imperiyani qayta tiklashga bo‘lgan urinish xavfi», — deydi siyosatchi.

Oleksandr Merejko Putin ushbu rejalarini amalga oshira olmasligi mumkin, deb hisoblaydi. Biroq uning bu rejalarni amalga oshirishga bo‘lgan urinishlari jahon tinchligi uchun yangidan yangi tahdidlar tug‘diradi.

«Bir tomondan, Putinning rejalari noreal. Lekin ikkinchi tomondan, bu imperiyani tiklash urinishlari jiddiy urushlarga olib kelishi mumkin, hatto bir qismida bu allaqachon sodir bo‘ldi. Prezident Ronald Reygan o‘z vaqtida sovet ittifoqini «yovuzlik imperiyasi» deb atagan edi. bugungi Rossiya aynan mana shunday yovuzlik imperiyasiga aylangan va u o‘z ko‘lamini kengaytirish niyatida», — dedi u.

Shunga qaramasdan, tashqi siyosat masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Ukrainaga qarshi hozirgi tajovuzni Putin rejimi talvasasi deb baholaydi.

«Menimcha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi hozirgi tajovuzi — Putin imperiyasining talvasasi. Bu imperiya parchalanishi muqarrar ekanini anglab, bu jarayonni to‘xtatish uchun oxirgi kuchini ishga solmoqda. So‘nggi 100 yil, hatto undan ham ko‘proq vaqt ichidagi Rossiya tarixini kengroq o‘rgansak, Rossiya imperiyasi, keyinchalik SSSR — bularning hammasi imperiyaning parchalanish tarixi ekanini ko‘ramiz. Bu imperiya asta-sekin qisqarib kelmoqda. Hozir sodir bo‘layotgan voqealar aynan shu muqarrar jarayonning oraliq bosqichi. G‘arb, jumladan, AQSH, shu haqda o‘ylab qo‘yishi kerak: Rossiya muqarrar parchalanganda ular nima qilishadi?» — deb hisoblaydi Merejko.

Tinchlik muzokaralari ehtimoli haqida gapirar ekan, siyosatchi Donald Tramp atrofidagi doira Kreml niyatini yaxshi tushunadi, deb ishonch bildiradi. Shuningdek, Rossiyaning tinchlikni istamasligi ham anglashilib turibdi.

«Men ishonamanki, prezident Tramp yoki kamida uning yaqin atrofidagi shaxslar, masalan, davlat kotibi Marko Rubio, vaziyatni aniq anglashadi. Putinning asli maqsadi hududlarni  bosib olish emas, balki Ukrainani davlat sifatida yo‘q qilish ekanini ular yaxshi tushunishadi. Bu haqda xorij ommaviy axborot vositalarida ham ma’lumotlar chiqqan edi», — deydi qo‘mita raisi.

Rossiyadagi bugungi vaziyatga to‘xtalar ekan, Oleksandr Merejko fikricha, mamlakat o‘z kuchining chegarasiga yetib kelgan va endi vaqt tajovuzkor davlatning emas, Ukraina tomonida ishlay boshlaydi.

«Rossiya bu urushda g‘alaba qozonayotgani yo‘q. Aksincha, uning tomonida kuchlarning haddan tashqari zo‘riqishi sezilmoqda. Bu shunday pallaki, vaqt endi tajovuzkor tomonni emas, Ukraina tomonini qo‘llay boshlaydi. Rossiya frontda ham nosog‘lom holatga keladi. Putin esa bu muqarrarlikni his eta boshladi. Shuning uchun ham u shunchalik tiyiqsiz va bezbetlarcha bayonotlar bermoqda. Aslida, bu zaiflik belgisidir. Putin vaziyat Rossiyaga qarshi burilganini juda yaxshi his qilmoqda», – deya ta’kidlaydi Merejko.

Siyosatshunosga ko‘ra, aynan mana shu davrda tajovuzkor davlat eng xavfli bo‘ladi. «Kremldagi diktator» frontdagi maqsadlarini amalga oshirish uchun borini tavakkalga tashlayapti.

«Biz bu juda xavfli bosqichga dosh berishimiz shart. Hozir Putin juda xavfli holatda turibdi, maqsadlariga yetish uchun shantajga qo‘l uryapti. Harbiy yo‘l bilan bunga erisha olmadi, endi esa siyosiy yo‘l bilan harakat qilyapti. Xususan, AQSH prezidenti ma’muriyatidagi ayrim shaxslar orqali ta’sir o‘tkazishga urinyapti. Shu bois biz uchun bu fitnalarga uchmaslik juda muhim. Balki, navbatdagi yil Ukraina foydasiga o‘zgarishlar yili bo‘lar», — deydi u.

Ayni paytda AQSHning Ukrainaga nisbatan siyosati barqaror emas. Bu, jumladan, amaldagi prezident — Donald Tramp bilan bog‘liq.

«Amerikalik kuzatuvchilar va siyosatshunoslar ham Trampning harakatlarida aniq strategiya yo‘qligini tan olishyapti. U ba’zida to‘g‘ri qadamlar qo‘yadi — masalan, Rossiyaning ikki yirik energetika kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etish. U ikkita qadam oldinga, bitta qadam orqaga — yoki aksincha harakat qilmoqda. Lekin u bilan ishlash kerak. Bu faqat bizning diplomatiya yoki prezident emas, balki Yevropadagi yetakchilar uchun ham vazifadir. Biz bu ishning allaqachon samarasini ko‘ryapmiz», — deya xulosa qiladi Merejko.

Avvalroq Merejko kuch pozitsiyasidan turib tinchlikka erishish — Rossiya va shaxsan Putin bilan muloqot qilishning yagona varianti, degan edi. Unga ko‘ra, Rossiya diktatori muzokaralar tilini ham, murosalarni ham tushunmaydi, uning uchun bunday yondashuv mutlaqo begona. Shuning uchun, G‘arb davlatlari, jumladan, AQSH ham Rossiya bilan faqat kuch tilida gaplashishi kerak.

«Men bir muhim jihatga e’tibor qaratishni istardim — Putinning ambitsiyalari va real voqelik o‘rtasida ulkan tafovut bor. Uning haqiqatan ham global maqsadlari bor — Rossiyani mintaqaviy imperiya, Yevropadagi gegemonga aylantirmoqchi. Lekin bu maqsadlar Rossiyaning real salohiyatiga, uning iqtisodiy, siyosiy va harbiy qudratiga mutlaqo mos kelmaydi. bugungi Rossiya — bu tanazzulga yuz tutgan imperiya. Uning iqtisodiy, demografik va ijtimoiy holati faqat yomonlashaveradi. Putin bundan xabardor. Shu sababdan men Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini imperiyaning o‘limoldi talvasasi, deb baholayman. Biz guvoh bo‘layotgan voqealar — bu aynan shunday talvasa», — degan Merejko.

Uning ta’kidlashicha, bugungi Rossiya yaralangan ayiqni eslatadi — u o‘zining ojizligi va yutqazganini his qilgani uchun yanada tajovuzkor.

«Rossiyaning tajovuzkorligi ortgani — bu uning tanazzulga yuz tutgan imperiya ekanligidan dalolat. Rossiyaning kelajagi yo‘q. U faqat butunlay qattiq tajovuz bilan jahonda o‘z o‘rnini saqlab qolishga urinayotgan davlat», — deydi u.

Merejkoning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab G‘arb tahlilchilari Rossiyaning boshqa davlatlar yordami bo‘lmasa, uzoqqa bora olmasligini ta’kidlashmoqda.

«Avvalo, Xitoy, Shimoliy Koreya va Eronsiz Rossiya bugunning o‘zidayoq Ukrainaga qarshi urush olib borolmas edi. NATOning so‘nggi sammiti yakuniy deklaratsiyasida Xitoyni «Ukrainaga qarshi Rossiya urushiga ko‘maklashuvchi» deb ta’riflagani bejiz emas. Shimoliy Koreya ham nafaqat qurol bilan, balki askarlar bilan ham Rossiyaga yordam bermoqda. Lekin boshqa tomondan, Rossiya o‘zining faqat ichki resurslari bilan urush olib borishga ojizligi bois ana shunday davlatlarga murojaat qilishga majbur bo‘layotgani ham juda ko‘p narsadan darak beradi. Bu uning ichki ojizligi va zaifligidan dalolat», — deya xulosa qilgan Merejko.

Teglar

Mavzuga oid