add

Rozenblum: «AQSH Markaziy Osiyo axborot makonida ta’sirini yo‘qotdi»

22.09.2025 | 12:3015164

AQSHning O‘zbekiston va Qozog‘istondagi sobiq elchisi Deniel Rozenblumning ta’kidlashicha, Vashington Markaziy Osiyoning axborot makonida o‘z ta’sirini Rossiya va Xitoyga  bo‘shatib berdi.

Rozenblum: «AQSH Markaziy Osiyo axborot makonida ta’sirini yo‘qotdi»
AQSHning O‘zbekiston va Qozog‘istonda sobiq elchisi Deniel Rozenblum Yel universitetidagi ma’ruzasida Vashington Markaziy Osiyodagi axborot makonida o‘z ta’sirini yo‘qotganini bildirdi. Uning fikricha, bu holat Rossiya va Xitoy uchun katta imkoniyat yaratgan. Bu haqda Yale Daily News xabar berdi. Rozenblum 2019–2022 yillarda Toshkentda, 2022–2025 yillarda esa Ostonada elchi lavozimida ishlagan. U «Yolg‘on oqimi bilan kurash: Markaziy Osiyodagi Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi turish» nomli ma’ruza o‘qigan. Tadbirda 45 kishi bevosita, yana 35 kishi esa Zoom orqali qatnashgan. Diplomat 2023 yilda rus ommaviy axborot vositalari uni Qozog‘istonda NATO bazasi ochganlikda ayblaganini esga oldi. Aslida, esa u AQSH mablag‘lari hisobiga qurilgan tinchlikparvarlik instituti konferensiya zali ochilishida ishtirok etgan. Rozenblumning ta’kidlashicha, AQSH elchixonalari sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohasidagi hamkorlik orqali yolg‘onlarga qarshi harakat qilgan. Ammo 2023 yildan keyin bu yo‘nalishdagi ishlar keskin kamaydi. Buning sababi sifatida Davlat departamenti xodimlarining qisqartirilishi, USAID dasturlarining to‘xtatilishi hamda «Amerika ovozi» va «Ozodlik»ga mablag‘ ajratilishi qisqargani ko‘rsatildi. Rozenblum Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi orqali Markaziy Osiyodagi ta’siri ortib borayotganini ham qayd etdi. Uning fikricha, Pekin infratuzilma va madaniy aloqalar orqali mintaqada kuchli ta’sir o‘rnatmoqda. «Eng katta muammo o‘zimizda. Agar AQSH o‘zini dunyodan ajratsa, xavfsizlik va farovonlik yo‘qotiladi», — dedi diplomat.

Teglar

Mavzuga oid