Logo

Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinning sun’iy intellekt bo‘yicha global tashkilot tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

Bishkekdagi SHHT sammitida bir nechta hukumat vakillari sun’iy intellekt, suv va energetika xavfsizligi, transport hamda Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinning sun’iy intellekt bo‘yicha global tashkilot tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi © president.uz

Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining Bishkekdagi yig‘ilishida sun’iy intellekt, iqlim o‘zgarishi, transport va mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpinning sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha butunjahon tashkilotini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston prezidenti SHHTning ushbu yangi texnologik alyans bilan sheriklik o‘rnatishini ilgari surdi.

Shuningdek, SHHTning ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini shakllantirish va sun’iy intellekt hamda yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forum o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Suv, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar ortib borayotgan sharoitda SHHT doirasida oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish zarurligi qayd etildi.

Bu yo‘nalishda kompleks dasturlar, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiradigan ixtisoslashgan mexanizm yaratish tashabbusi bildirildi.

Shuningdek, 2035 yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida SHHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

e10fbf78-cfa8-7f26-4f0c-2280d2b792e7_lists_slider_9566

Xalqaro transport yo‘laklarining keng tarmog‘ini shakllantirish maqsadida SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash ta’sis etish masalasi ham ko‘tarildi.

Afg‘oniston bo‘yicha muloqot qayta tiklanishi mumkin

Yig‘ilishda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash mintaqa xavfsizligi va taraqqiyotining asosiy shartlaridan biri ekani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan SHHTning Afg‘oniston vakillari bilan muntazam muloqotini qayta tiklash tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz to‘g‘risidagi nizomning qabul qilinishi tashkilot institutsional rivojining yangi bosqichini boshlab berishi qayd etildi. Markaz samarali ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2028–2030 yillarga mo‘ljallangan an’anaviy san’at va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturini tayyorlash tashabbusi ham bildirildi.

Yig‘ilish yakunida Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifni SHHTga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi.

Yig‘ilishdan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Xususan, Bishkek deklaratsiyasi, 2002 yil 7-iyundagi SHHT Xartiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma hamda yadroviy va jismoniy yadroviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilindi. Shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan boshqa hujjatlar to‘plami ham qabul qilindi.

Vaqt.uz avvalroq ayni shu sammitda Prezident Mirziyoyev «SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni» konseptual qarashini ishlab chiqishni taklif qilgani haqida xabar bergandi.

Teglar

Mavzuga oid