Logo

Kichik biznes uchun mikrokredit ajratish kengaytiriladi

Bugun 09:002 daqiqa

O‘zbekistonda kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun mikrokredit imkoniyatlari kengaytiriladi. Yangi mexanizmda imtiyozli moliyalashtirish ham nazarda tutilgan.

Kichik biznes uchun mikrokredit ajratish kengaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Bu haqda tegishli prezident farmonida nazarda tutilgan.

Hujjat bilan Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan taqdim etiladigan qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak choralari ro‘yxati tasdiqlandi. Unda mikromoliyalash bozorida mikrokreditlar ajratishni kengaytirish ham belgilangan.

Yangi mexanizm O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik subyektlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga 36 oydan oshmagan muddatga mikrokredit ajratishni nazarda tutadi. Bu kichik biznes va mustaqil daromad oluvchilarning moliya resurslaridan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan.

Mikromoliyaga yangi ko‘mak

Loyiha doirasida mikromoliya tashkilotlariga maqsadli va qayta tiklanuvchi kredit liniyalari ajratiladi. Shuningdek, ularning kredit portfellarini qayta moliyalashtirish mexanizmi joriy etiladi.

Mikromoliya tashkilotlariga kreditlar bo‘yicha kafolatlar taqdim etish hamda texnik ko‘mak ko‘rsatish rejalashtirilgan. Bunda kiritiladigan investitsiyalarning shartlari va muddatlarini Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi belgilaydi.

Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari mikromoliya tashkilotlari, banklar hamda kompaniya ta’sischiligidagi Mikromoliyalash xizmatlarini rivojlantirish korxonasi ishtirokida amalga oshiriladi.

Imtiyozli mablag‘lar ajratiladi

Kompaniyaning asoslangan buyurtmasiga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2028 yildan boshlab har yili budjet ssudasi ajratadi. Mablag‘lar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada taqdim etiladi.

Ssuda 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga beriladi. Bu mexanizm mikromoliya tashkilotlarining resurs bazasini mustahkamlash va kichik biznesni uzoqroq muddatli moliyalashtirish imkoniyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Yangi choralar tadbirkorlik subyektlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni moliyalashtirish qamrovini kengaytirish, mikromoliya tashkilotlarining imkoniyatlarini oshirish hamda kichik biznes uchun moliyaviy resurslardan foydalanishni yengillashtirishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid