add

Shveysariya maktablari: bolalarni charchatmaydigan va cho‘chitmaydigan ta’lim tizimi

22.08.2025 | 12:4037849

Shveysariya maktablarida o‘quvchilar tanaffusda ob havodan qat’iy nazar tashqarida o‘ynaydi, matematikada esa masalani o‘z uslubida yechadi. Xatolar bu yerda kamchilik emas, balki ijodiy fikrlashga yo‘l sifatida baholanadi.

Shveysariya maktablari: bolalarni charchatmaydigan va cho‘chitmaydigan ta’lim tizimi
Shveysariyadagi maktablarda ta’lim jarayoni noodatiy tarzda tashkil qilingan. Bu yerda bolalarga erkin harakatlanish, tabiatda o‘qish va amaliyot orqali bilish imkoniyati keng beriladi. Bunday erkin tizimdan asosiy maqsad — bolalarda ijodiy fikrlash va mustaqil o‘ylashni rivojlantirish. Masalan, darslar bir yarim soatlik bloklarga bo‘lib o‘tiladi. Ularning orasida 20 daqiqalik tanaffus bo‘ladi. Bu vaqtda bolalar qanday ob-havo bo‘lishidan qat’i nazar, tashqarda — toza havoda o‘ynashadi, sport bilan shug‘ullanishadi, hatto o‘qituvchilar ham ularga qo‘shiladi. Ko‘chada chopmagan bolani odatda vrachga ko‘rsatishadi, tobi qochdimikin deb. Xullas, faol harakatlar bolalarni charchamaslikka va sog‘lom hayot tarziga o‘rgatadi. Tushlik uchun soat 11:30dan 13:30 gacha ikki soatlik uzoq tanaffus belgilangan. Bu vaqtda o‘quvchi uyiga qaytishi yoki maktabda qolishi mumkin. Shu bois, ular kun oxirigacha kuch va diqqatini yo‘qotmaydi. Bolalar ertalab 8:15 dan kecha 16:00 gacha maktabda o‘qishadi. Faqat chorshanba qisqa kun bo‘lib, o‘qish soat 11:30 gacha davom etadi. Bolalar o‘z fikrini yozma ravishda ifodalash ko‘nikmasiga ega bo‘lishi uchun (bu ko‘nikma tobora yo‘qolib bormoqda) «o‘qituvchi–o‘quvchi» pochtasi yo‘lga qo‘yilgan. Har bir bola o‘zining shaxsiy pochta qutisiga ega. U yerga o‘qituvchiga xat yozib qoldirishadi va yozilgan xatga o‘qituvchidan shaxsan javob oladi. Bu usul shunchalik mashhurki, bolalar ertalab maktabga kelishi bilan o‘z pochta qutisi tomon oshiqishadi. Bolalar lug‘atli diktantlarni ham suratlar ostiga yozishadi. Ya’ni, qandaydir so‘zni bildiruvchi surat ostiga shu so‘zni to‘g‘ri yozishlari kerak. Bunda o‘qituvchi matnni o‘qib turmaydi. Bu ham bolalarni yodlab qolish qobiliyatini oshiradi. Bola suratda tasvirlangan predmet bilan solishtirgan holda so‘z qanday yozilishini yodlab qoladi. Matematikada masalalarni yechishning yagona to‘g‘ri usuli yo‘q — har kim o‘z usulidan foydalanadi. Bunda bola o‘zida mavjud bilimlar bilan misol yoki masalaning o‘ziga maqbul yechimini topish kerak. Agar kimdir mavzuni tushunmasa, sinfdoshlari turli vositalar bilan unga yordam berishadi. Amaliy darslarda bolalar har bir narsani qo‘li bilan ushlab, ko‘zi bilan ko‘rib o‘rganadi. Bug‘doy donlarini qo‘llarida ushlab o‘rganishadi, so‘ngra ular tegirmonga ekskursiyaga olib boriladi — un tayyorlash jarayonini ko‘rishga. Keyin novvoy o‘sha undan pishiriq pishirib keladi. Geografiya darsida esa bolalar daryo, tog‘lar, o‘simliklar, umuman, tabiatni jonli tarzda kuzatadilar. «O‘z qo‘ling bilan yasa» mehnat darslari esa jismoniy tarbiya darslaridan kam emas. Bu ikki dars haftada soatlar soni bo‘yicha eng ko‘p o‘tiladigan darslar hisoblanadi. Xatolar esa ijodiy fikrlashning belgisi sifatida qabul qilinadi. Sinfda «Xatolar parisi» yasaladi va bu pari (o‘qituvchining ovozi bilan) bolalarga xato qilishdan qo‘rmaslik kerakligini tushuntiradi. Xato qilishning yomon tarafi yo‘qligi, chunki xato qilgan bola kreativ fikrlab, biror narsaga urinishdan cho‘chmasligi tushuntiriladi. Shveysariyada maktablar to‘liq bepul. Hatto shifokor ma’lumotnomasi ham faqat ikki haftadan ko‘proq sababsiz dars qoldirilganda talab qilinadi. Qayd etib o‘tish kerak, Shveysariyada boshlang‘ich maktab 6 yoshda boshlanib, 6 yil davom etadi. Darslar kantondan kantonga qarab farqlansa-da, odatda nemis, fransuz, ingliz tillari, matematika, tabiat va jamiyat fanlarini o‘z ichiga oladi. Keyingi bosqich — o‘rta ta’lim 3 yoki 4 yilni tashkil qiladi va o‘quvchilar ko‘pincha qobiliyatiga qarab guruhlarga bo‘linadi. Aksariyat o‘quvchilar akademik yo‘nalishdan ko‘ra, kasbiy ta’limni tanlaydi. Yuqori bahoga ega bolalar ayrim kantonlarda boshlang‘ich maktabdan so‘ng, boshqalarida esa ikkinchi bosqichdan keyin гимназияга o‘tadi. Gimnaziya o‘quvchilari 13 fanni o‘rganib, 6ta yo‘nalish bo‘yicha davlat imtihoni topshiradi. Umumiy o‘tish balli bilan ular Shveysariyadagi har qanday universitet va yo‘nalishga (tibbiyotdan tashqari) qabul qilinadi. Asosiy farqlardan biri shundaki, Shveysariya ta’lim tizimi kasbiy bilim va ishga tayyorgarlikka ko‘proq ahamiyat qaratadi. Shveysariyada ta’lim tizimi detsentralizatsiya qilingan — har bir kanton o‘zining ta’lim qoidalariga ega.  Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

Shveysariya maktablari: bolalarni charchatmaydigan va cho‘chitmaydigan ta’lim tizimi | Vaqt.uz