SI uchun hali erta: nega uni hozir joriy etish rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xavfli?
Sun’iy intellekt yangi texnologiya bo‘lishi mumkin, ammo u yangi qaramliklarni yuzaga keltiradi. Maqsad o‘zgarmaydi – resurslardan renta olish.

Sun’iy intellekt atrofida shakllangan ustun narrativ oddiy tezisga borib taqaladi: tez harakat qil yoki ortda qol. Hukumatlar bu texnologiyani imkon qadar tezroq joriy etishga, uni agressiv tarzda kengaytirishga va yumshoq tartibga solishga chaqirmoqda, go‘yoki tezlikning o‘zi rivojlanish strategiyasiday. Bu taxmin nafaqat xato, balki xavfli ham, deb yozadi «CLIKPAY Technologies» neobanki hamta’sischisi va Gabonning raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalar vaziri Mark-Aleksandr Dumba.
Erta avtomatlashtirish: yashirin xavflar
Uning aytishicha, aslida, ko‘plab rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun asosiy xavf SIni juda erta qabul qilib qo‘yishi mumkinligidadir, ya’ni raqamli infratuzilmani, samarali davlat institutlarini va mehnat bozorining ish bilan ta’minlash hamda xodimlarni moslashtirish imkoniyatlarini yaratib ulgurmasdan turib.
«Men bu xavfni erta avtomatlashtirish deb atayman, bu atama Dani Rodrik (Harvard universiteti Jon F. Kennedi maktabining Xalqaro siyosiy iqtisodiyot professori) tasvirlagan erta deindustrializatsiya hodisasiga o‘xshash. U rivojlanayotgan mamlakatlarda sanoatda bandlikning, u o‘zining to‘liq o‘sish salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ulgurmasdan turib, qisqarishini anglatadi», – deydi vazir.
SIni shoshilinch joriy etish ham ehtimol shunga o‘xshash natijaga olib keladi: ish o‘rinlarining yo‘qolishi, ko‘nikmalarning yo‘qotilishi va rivojlanish o‘rniga taraqqiyotning sekinlashishi.
Kim ishini birinchi bo‘lib yo‘qotadi?
Rivojlangan iqtisodiyotlarda sun’iy intellekt qarib borayotgan ishchi kuchini qoplashi va intellektual mehnat bilan shug‘ullanuvchi xodimlar samaradorligini oshirishi mumkin. Biroq shakllanayotgan bozorlarga ega ko‘plab mamlakatlarda aholi ancha yosh, ish bilan ta’minlash imkoniyatlari esa cheklangan. Har yili taxminan 12 million yosh afrikalik mehnat bozoriga kiradi, ammo ularning faqat 3 millionigina rasmiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Bunday sharoitda xizmatlar sohasida, masalan, mijozlarga xizmat ko‘rsatish, logistika, moliya yoki hatto davlat boshqaruvida tezkor avtomatlashtirish xodimlarni alternativ imkoniyatlar paydo bo‘lishidan oldin bozordan siqib chiqarishi mumkin.
Lotin Amerikasi va Yevropaning ayrim qismlari ham xuddi shunday xavfga duch kelmoqda: sun’iy intellektni parchalangan va eskirgan ma’muriy tizimlarga, shuningdek, samaradorligi to‘xtab qolgan tarmoqlarga joriy etish, ehtimol, o‘rta malakaga ega ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib keladi, ammo yangi o‘sish manbalarini yaratmaydi. Agar iqtisodiyotining asosiy ko‘rsatkichlari zaif mamlakatlar sun’iy intellektga asoslangan avtomatlashtirishga «sakrab o‘tish»ga urinishsa, bu faqat ularning tuzilmaviy muammolarini yanada kuchaytiradi.
Davlat reyestrlari qog‘ozda yuritiladigan, to‘lov tizimlari parchalangan va ma’lumotlarni boshqarish zaif bo‘lgan sharoitda sun’iy intellekt modellari sifatsiz ma’lumotlar asosida o‘qitiladi va zaif infratuzilmaga tayanadi. Natijada xatolar ommaviylashadi, biryoqlama qarorlar mustahkamlanadi va institutlarga tushadigan bosim ortib boradi.
Bunday holatlarga misollar yetarli: davlat xizmatlarini olish huquqini aniqlaydigan avtomatlashtirilgan tizimlar to‘liq bo‘lmagan reyestrlar sabab qonuniy oluvchilarni ham chiqarib tashlagan; algoritmlarga asoslangan qaror qabul qilish vositalari shikoyat qilish mexanizmlari yaratilmasdan joriy etilgan; prognoz tizimlari ma’lumotlar o‘zaro mosligini ta’minlamasdan ishga tushirilgan. Bu texnologik nosozliklar emas, balki islohotlar ketma-ketligidagi xatolarning natijasidir.
SI — renta olishning yangi modeli
Puxta o‘ylangan ketma-ketlik bo‘lmasa, mamlakatlar «xom» ma’lumotlarni eksport qiluvchi va boshqa davlatlarda ishlab chiqilgan algoritmlar, platformalar hamda boshqaruv tizimlarini import qiluvchi holatga tushib qolishi mumkin. Bu esa yangi qaramliklarni yuzaga keltiradi. Qo‘shimcha qiymatning asosiy qismi zanjirning yuqori bosqichlarida to‘planadi, mahalliy kompaniyalar va xodimlar esa periferiyada qolib ketadi yoki butunlay bozordan siqib chiqariladi. Texnologiya yangi bo‘lishi mumkin, ammo maqsad o‘zgarmaydi – resurslardan renta olish.
Bunday muhitda ma’lumotlarni boshqarish sanoat siyosatining bir qismiga aylanadi. Ma’lumotlar o‘zaro mosligi, mulkchilik huquqi va standartlar bo‘yicha strategiya ishlab chiqmagan mamlakatlar sun’iy intellekt kompaniyalariga qaram bo‘lib qoladi. Bundan qochish uchun asosiy e’tibor ketma-ketlikka qaratilishi kerak, ya’ni ilg‘or texnologiyalarni zarur asoslar yaratilgandan keyingina joriy etish.
Bu shuni anglatadiki, avval davlat reyestrlarini raqamlashtirish va yagona raqamli davlat infratuzilmasini barpo etish kerak, shundan keyingina qarorlarni avtomatlashtirishga o‘tish mumkin. Shuningdek, sun’iy intellektni joriy etish sur’ati innovatsiyalarning barqarorligini ta’minlaydigan darajada bo‘lishi kerak. Regulyator «qumqutilari», ayrim sohalardagi pilot loyihalar va bandlikka ta’sirni baholash hukumatlarga o‘rganish, moslashish va siyosatni tuzatish imkonini beradi.
Eng muhimi, iqtisodiy beqarorlikning oldini olish. Avtomatlashtirish inson mehnatini almashtirmasligi, balki uni to‘ldirishi kerak. Tashkilotlar amaliyot orqali o‘rganish va malaka to‘plash qobiliyatini saqlab qolganda, sun’iy intellekt rivojlanishni tezlashtiruvchi omilga aylanadi.
«Kech qo‘shilgan ishtirokchi» maqomi hatto afzallik ham bo‘lishi mumkin, chunki bu texnologiyalar tez tarqalishidan oldin himoya mexanizmlarini yaratish va rivojlangan mamlakatlar qilgan xatolardan qochish imkonini beradi. Masalan, Braziliya hukumati qo‘llab-quvvatlagan tezkor to‘lov tizimi «Pix» puxta o‘ylangan ketma-ketlik va kuchli davlat infratuzilmasi mamlakatga nafaqat boshqalarga yetib olish, balki global standartlarni belgilash imkonini berganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda sun’iy intellektni tartibga solish haqidagi muhokamalar asosan etika, xavfsizlik va ilg‘or darajadagi xavflarga qaratilgan. Bu muhim mavzular bo‘lsa-da, ko‘pchilik mamlakatlar uchun yanada dolzarb muammo sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan institutsional tayyorgarlik o‘rtasidagi nomutanosiblikdir. Bu muammoni hal qilish uchun siyosatchilar va manfaatdor tomonlar bir nechta savolga javob topishi kerak: qo‘shimcha qiymatni kim olyapti; ishlab chiqarish ko‘nikmalari qanday shakllanmoqda; xodimlar bilan nima sodir bo‘lyapti; va texnologiya mavjud davlat salohiyati bilan qanday o‘zaro ta’sirga kirishmoqda.
«Erta avtomatlashtirish, Dani Rodrik ta’riflagan erta deindustrializatsiyaga o‘xshab, iqtisodiyotlarni yanada zaif va qaram qilib qo‘yadi. Afrikaga o‘zi ishtirok etishga rozi bo‘lmagan musobaqada g‘olib chiqish shart emas. Bu holat ko‘plab o‘rta daromadli mamlakatlar, hatto samaradorligi stagnatsiyaga uchrayotgan va ijtimoiy muammolarga duch kelayotgan rivojlangan iqtisodiyotlarga ham tegishli. Ularga sun’iy intellekt bo‘yicha quyidagi mantiqqa asoslangan strategiya kerak: raqamlashtirish avtomatlashtirishdan oldin keladi, salohiyat yaratish masshtablashdan oldin bo‘ladi, boshqaruv esa texnologiyalarni keng joriy etishdan oldin turishi kerak», – deydi Mark-Aleksandr Dumba.
Ma’lumotlar, yarimo‘tkazgichlar va bulut infratuzilmasi uchun geosiyosiy raqobat tobora kuchayib borayotgan davrda to‘g‘ri ketma ketlik suverenitet vositasiga aylanadi. U mamlakatlarga texnologiyalar bilan o‘z shartlari asosida ishlash imkonini beradi. Sun’iy intellekt albatta beqarorlashtiruvchi kuch bo‘lishi shart emas. Ammo siyosatchilar boshqara olmaydigan tizimlarni shoshilinch joriy etsa, u deyarli aniq ravishda shunday kuchga aylanadi.





