
Sirlar oshkor bo‘lganda: tarixdagi eng yirik maxfiy ma’lumotlar sizishi
Raqamli texnologiyalar rivoji shunga olib keldiki, o‘ta maxfiy ma’lumotlarning sizib chiqishi va ommaga oshkor etilishi oddiy holatga aylanib bormoqda. Ushbu tahlilda yaqin tarixdagi eng yirik ma’lumotlar sizishi haqida gap boradi.

AQSHlik moliyachi Jeffri Epshteynning shaxsiy yozishmalar arxivi — bolalarni shahvoniy ekspluatatsiyasini tashkil etganlikda ayblangan shaxsga oid «Epshteyn fayllari»ning e’lon qilinishi butun dunyo bo‘ylab nufuzli shaxslar atrofida katta mojarolarga sabab bo‘ldi.
Ammo bu maxfiy ma’lumotlar ilk bor ommaviy muhokamaga sizdirilayotgan ilk holat emas. «Vedomosti» nashri eng shov-shuvli holatlarni yodga oldi.
«Epshteyn fayllari»
2005 yilda Florida shtati, Palm-Bich shahri politsiyasi moliyachi Jeffri Epshteynga nisbatan 14 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik aybi bilan tergov boshlagan edi. O‘shandayoq OAV manbalari Epshteyn uyiga kelib-ketgan nufuzli mehmonlar haqida, ular uchun u shahvoniy xizmatlar tashkil etgani to‘g‘risida xabar qilgan.
O‘sha paytda ish tergov bilan kelishuv asosida yakunlanib, 18 oylik jazo bilan cheklangan. Biroq jabrlanuvchilar Epshteynga qarshi da’volarni davom ettirdilar va 2019 yilda u odam savdosi va fohishalikka majburlash gumoni bilan yana hibsga olindi. O‘sha yili moliyachi, rasmiy versiyaga ko‘ra, qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qilgan.
«Epshteyn fayllari» — jinoyat ishiga oid minglab hujjatlar majmuasi bo‘lib, unga moliyachining yozishmalari, uning qasridan olingan suratlar, shuningdek guvohlar ko‘rsatmalari kiradi. Ushbu materiallarda ko‘plab ta’sir doirasi katta shaxslar tilga olingani ma’lum edi, ammo ularning kim ekani uzoq vaqt sir bo‘lib qolayotgan edi.
2024 yil yanvar oyida Nyu York shtati Janubiy okrugi federal sudi hujjatlarning kichik qismini oshkor qildi, shundan so‘ng e’lon qilishlar to‘xtatildi. Donald Tramp saylov kampaniyasi davomida barcha hujjatlarni jamoatchilikka e’lon qilishga va’da bergan edi, biroq prezidentlikka kirishgach, bu mavzudagi faolligini pasaytirdi.
Oqibatda AQSH Kongressi Adliya vazirligini butun arxivni e’lon qilishga majburlovchi qonunni qabul qildi. «Epshteyn fayllari»ni oshkor etish jarayoni 2025 yil dekabr oyida boshlandi.
«Barcha sizdirishlarning onasi»
2024 yil yanvar oyida «Security Discovery» va «CyberNews» kiberxavfsizlik kompaniyalari mutaxassislari ochiq kirishda joylashgan, 26 mlrddan ortiq yozuvni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasini aniqladi. Ulkan hajmi sabab u «Barcha sizdirishlarning onasi» deb atala boshladi.
Baza taxminan 12 terabayt hajmdagi turli xil foydalanuvchi ma’lumotlarini qamrab olgan: «Weibo», «Twitter», «Dropbox», «LinkedIn» va «Adobe»dan tortib, davlat onlayn-xizmatlarigacha bo‘lgan ma’lumotlar shu yerda jamlangan edi.
Ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldiki, bu yangi yirik sizdirish emas, balki 4000 dan ortiq ilgariroq sizdirilgan ma’lumotlarning kompilyatsiyasi ekan. «SpyCloud Labs» tadqiqotchilari ushbu massivni tahlil qilib, ma’lumotlarning kamida 94 foizi yoki eskirgan, yoki ularning komprometatsiya qilingani haqida oldindan ma’lum bo‘lganini qayd etdi.
Asosiy xavf shundaki, ko‘plab foydalanuvchilar hatto login va parollari g‘araz niyatli shaxslar qo‘liga tushgani haqida bilgan holda ham ularni o‘zgartirmaydilar. Bundan tashqari, ko‘p odamlar turli servislar uchun bir xil login va parollardan foydalanadilar. Shu sababli ushbu baza hakerlar uchun mutlaqo befoyda, deyish o‘rinsiz.
«Pandora arxivi»
2021 yil oktabr oyida Xalqaro surishtiruvi jurnalistlar konsorsiumi (ICIJ) tomonidan e’lon qilingan «Pandora arxivi» 14 ta ofshor xizmatlar provayderi arxivlaridan olingan 11,9 mln hujjatni o‘z ichiga olgan. Bu provayderlar turli yurisdiksiyalarda, jumladan Panama, Shveysariya va BAAda faoliyat yuritgan.
Eng ko‘p hujjat — 3,76 mln fayl — sohada 1970-yillardan beri ishlab kelayotgan yirik kompaniyalardan biri «Trident Trust Group»dan sizib chiqqan. Ikkinchi o‘rinda esa (2,19 mln fayl) «Alcogal» nomi bilan ham tanilgan, Panamada joylashgan «Alemán», «Cordero», «Galindo & Lee» yuridik firmasi turadi.
Bu ulkan ma’lumotlar massivini tahlil qilish uchun ICIJ dunyo bo‘ylab 117 mamlakatdan 600 nafar jurnalistni jalb qildi. Arxivda 35 nafar amaldagi va sobiq jahon yetakchilari, 91 mamlakatdan 330 nafar yuqori lavozimli amaldor va «Forbes» ro‘yxatidan joy olgan 130 nafar milliarderning ofshor hisoblari haqida ma’lumotlar aniqlandi.
Ofshorlardan foydalanishning o‘zi noqonuniy hisoblanmaydi, biroq tergov jarayonida ayrim amaldorlar va biznesmenlar shubhali sxemalarga aralashgani, qonun va etika me’yorlarini ochiqcha buzgani yoki ularning harakatlari jamoat manfaatlariga zid ekani ayon bo‘ldi.
«Jannat dosyesi»
2017 yil noyabr oyida Xalqaro surishtiruvchi jurnalistlar konsorsiumi (ICIJ) «Jannat dosyesi»ga asoslangan maqolalar turkumini e’lon qildi. Unda 19 ta ofshor yurisdiksiyaga oid 13,4 mln hujjat jamlangan bo‘lib, ularda jahon yetakchilari, yuqori lavozimli amaldorlar va mashhur shaxslar tilga olingan. «Panama dosyesi»dan farqli o‘laroq, bu ma’lumotlar bitta manbadan emas, balki 21 ta alohida ma’lumot sizib chiqishi natijasida qo‘lga kiritilgan.
Hujjatlarning asosiy qismi «Asiaciti Trust» ishonchli boshqaruv kompaniyasi hamda «Appleby» advokatlik idorasidan sizib chiqqan. Bu holat ofshor industriyasining obro‘siga jiddiy zarba bo‘ldi.
Agar «Panama dosyesi» holatida ofshorlarni himoya qiluvchilar fosh etilgan kompaniya mijozlar mablag‘larining kelib chiqishiga kam e’tibor beradigan shubhali firma ekanini ta’kidlagan bo‘lsalar, «Appleby» esa «sehrli halqa» deb ataladigan, ofshor kompaniyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi eng nufuzli va respektabel advokatlik idoralari guruhiga kiradi.
«Panama dosyesi»
2015 yilda noma’lum manba Germaniyaning «Süddeutsche Zeitung» gazetasiga Panamada joylashgan «Mossack Fonseca» yuridik kompaniyasining 2,6 terabaytlik arxivini taqdim etdi.
Unda 1977–2015 yillar davrini qamrab olgan 11,5 mln hujjat mavjud edi. Gazeta bu ma’lumotlarni ICIJ bilan bo‘lishdi va qariyb bir yil davomida 78 mamlakatdan 400 nafar jurnalistdan iborat guruh arxiv ustida ish olib bordi. 2016 yil aprel oyida dosyega asoslangan maqolalarning ilk turkumi e’lon qilindi. Ular orasida 12 nafar amaldagi yoki sobiq davlat va hukumat rahbarlari ham bor edi.
«Panama dosyesi» ma’lumotlari orqali noqonuniy o‘zlashtirilgan 1,36 mlrd dollar mablag‘ni qaytarishga erishilganini Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi hisoblab chiqdi. Qator mamlakatlarda yuqori lavozimli shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
«Mossack Fonseca» kompaniyasi esa obro‘-e’tiboriga yetgan jiddiy zararni bartaraf eta olmay, 2018 yil mart oyida o‘z faoliyatini to‘xtatdi.
Shu yilning o‘zida «Süddeutsche Zeitung» «Mossack Fonseca»ga oid yana bir ma’lumot sizdirmasini qo‘lga kiritdi — u asosan 2016–2017 yillarga taalluqli 1,2 mln hujjatdan iborat edi. Ularda xalqaro tergov kompaniya biznesiga qanday og‘ir ta’sir ko‘rsatgani yaqqol aks etgan. Shuningdek, mazkur materiallar jurnalistlarga avvalgi surishtiruvda tilga olingan ayrim shaxslar haqidagi ma’lumotlarni to‘ldirish imkonini berdi.
SwissLeaks
2015 yilning fevral oyida xususiy mijozlarga xizmat ko‘rsatgan HSBC bankning Shveysariyadagi bo‘linmasidan 2006–2007 yillarga oid 100 mingta hisob raqam haqidagi 3,3 gigabayt ma’lumot «sizib chiqdi».
Bu ma’lumotlarni ishdan ketish chog‘ida IT-bo‘lim xodimi Erve Falchiani o‘zi bilan olib chiqqan va Fransiya moliya vaziri Kristin Lagardga topshirgan. U esa o‘z navbatida ushbu materiallarni bir qator davlatlarning soliq organlariga yuborib, ma’lumotlarda tilga olingan shaxslar o‘z mamlakatlarida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan-tovlamaganini tekshirishni so‘ragan.
Ma’lumotlar Fransiyaning «Le Monde» gazetasi ixtiyoriga ham tushgan va u ularni ICIJ bilan bo‘lishgan.
2017 yil noyabr oyida HSBC Fransiya hokimiyati bilan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga ko‘maklashgani haqidagi ayblovlarni hal etish uchun taxminan 300 mln yevro to‘lashga rozi bo‘ldi. Bir yil o‘tib bank AQSH hukumatiga ham 192 mln dollar to‘ladi: u orqali amerikalik boy shaxslar 1,26 mlrd dollar miqdoridagi aktivlarni soliq organlaridan yashirgan, degan ayb qo‘yilgan edi.
2015 yilda Shveysariya sudi Falchianini ma’lumot o‘g‘irlagani uchun besh yil qamoq jazosiga hukm qildi. U sudga kelmadi va mahalliy adolat tizimiga ishonmasligini bildirdi. Falchiani Fransiya fuqarosi bo‘lgani sababli uni Shveysariya hokimiyatiga ekstraditsiya qilishning imkoni bo‘lmadi.
«Lyuksliks»
2014 yildagi ma’lumot sizib chiqishi Yevropa komissiyasi rahbari va Luksemburgning sobiq bosh vaziri Jan-Klod Yunkerning siyosiy faoliyatini jiddiy xavf ostiga qo‘ydi.
Jurnalistlar qo‘liga tushgan 4,4 gigabayt hajmdagi hujjatlar 2002–2010 yillarda yirik korporatsiyalar hersoglik hukumati bilan maxfiy kelishuvlar tuzib, daromadlarining bir qismini Luksemburgda ro‘yxatdan o‘tkazgani va o‘z mamlakatlarida soliq to‘lashdan qochganini ko‘rsatgan. Hujjatlarda jami 340 ta kompaniya tilga olingan.
Ushbu sxemalarda vositachi sifatida «PricewaterhouseCoopers» (PwC) auditorlik kompaniyasi ishtirok etgan. Kompaniya tez orada ma’lumot manbalarini aniqladi. Ular auditor Antuan Deltur va klerk Rafael Ale bo‘lib chiqdi. Deltur fransuz jurnalisti Eduard Perren bilan bog‘lanib, biznesning ommaviy ravishda soliqdan qochishi haqida ma’lumot bergan. Ale esa keyinchalik hujjatlar nusxalarini yuborgan. Shu bilan birga, ma’lumot uzatilgan paytda Deltur «PwC»dan ishdan ketgan, Ale esa hali kompaniyada ishlayotgan edi.
Uchala shaxsga nisbatan ma’lumot o‘g‘irlash va maxfiy axborotni oshkor qilish ayblovi bilan da’vo qo‘zg‘atildi. Luksemburg sudining birinchi instansiyasi jurnalistni oqladi, biroq Delturni 12 oy shartli jazo va 1500 yevro jarimaga, Aleni esa to‘qqiz oy shartli jazo va 1000 yevro jarimaga hukm qildi. Shuningdek, ular «PwC»ga ramziy tarzda 1 yevro miqdorida tovon puli to‘lashi kerak edi.
2018 yilda Luksemburg kassatsiya sudi Delturga nisbatan chiqarilgan hukmni bekor qildi, ammo Alening apellyatsiyasini qanoatlantirmadi. Shundan so‘ng Ale ishni Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga olib chiqdi va 2023 yilda sud «arizachining harakatlarining jamoatchilik uchun ahamiyati ulardan kelib chiqqan barcha salbiy oqibatlardan ustun», degan xulosaga keldi. IHES Alening hukmini bekor qilish, shuningdek unga 15 ming yevro kompensatsiya va sud xarajatlarini qoplash uchun 40 ming yevro to‘lash to‘g‘risida qaror chiqardi.
Offshore Leaks
2013 yil aprel oyida 170 ta davlatdan bo‘lgan mijozlarga tegishli 130 ming ofshor hisob raqami haqidagi ma’lumotlar sizib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi. O‘sha paytda bu turdagi eng yirik ma’lumotlar oqib chiqishi edi. ICIJ jurnalistlari qo‘liga 2,5 mlnta yozuv — 260 gigabayt hajmdagi ma’lumotlar tushgan.
Qizig‘i shundaki, barchasi ofshorlardan emas, balki 2000-yillar o‘rtasida Avstraliyadagi eng yirik qallobliklardan biri bilan boshlangan. Tim Jonston ismli shaxs o‘zining «Firepower» kompaniyasi inqilobiy texnologiya yaratganini e’lon qiladi: benzin bakiga tashlanadigan tabletka yonilg‘i sarfini kamaytiradi va zararli chiqindilarni qisqartiradi, deb da’vo qiladi. U 60 mln dollar investitsiya jalb qilishga muvaffaq bo‘ladi, ammo 2007 yilda bu qalloblik fosh bo‘ladi.
Ikki yil o‘tib «Sydney Morning Herald» gazetasining surishtiruv bo‘limi muharriri Jerard Rayl «Firepower» qanday ishlagani haqida kitob chiqaradi. Unda, jumladan, Jonston pul jalb qilish uchun foydalangan ofshor kompaniyalari batafsil tasvirlangan edi. Shundan so‘ng Raylga noma’lum shaxs tomonidan 2,5 mlnta ofshor hisob raqamlariga oid hujjatlar saqlangan qattiq disk yuboriladi. Rayl bu ma’lumotlar bilan nima qilishni bilmay qoladi, chunki sizdirilgan hujjatlarda «Firepower» qallobligiga umuman aloqasi bo‘lmagan kompaniyalar haqidagi ma’lumotlar ham bor edi.
2011 yilda Rayl Vashingtonga ko‘chib o‘tib, ICIJ direktori lavozimini egallaydi. O‘sha paytda bu uch nafar doimiy xodimga ega kichik tashkilot bo‘lib, «Tamaki kontrabandasi» yoki «AQSHning xorijda OITVga qarshi kurashi» kabi tergov materiallarini e’lon qilib kelardi. Hammaning e’tiborida esa «Wikileaks» bo‘lib, u turli ma’lumot sizib chiqishlarini jamlab, o‘z jamoasi va turli nashrlar jurnalistlari bilan hamkorlikda keng ko‘lamli tergovlar e’lon qilar edi. Rayl ham shu yo‘ldan borishga qaror qildi.
ICIJ to‘rt o‘nlab nashr jurnalistlaridan iborat guruh tuzdi va 2013 yilda qattiq diskdagi ma’lumotlarga asoslangan surishtiruvni e’lon qildi. Bu nashr jamoatchilikda portlagan bombadek taassurot qoldiradi.
Edvard Snouden fosh etgan maxfiyliklar
2013 yil yozida gazeta va nashrlar noma’lum manbaga tayanib, AQSH dunyoning turli nuqtalardagi odamlarning telefon suhbatlarini tinglashi va elektron xabarlarini qo‘lga kiritishi haqidagi fosh etuvchi ma’lumotlarni e’lon qila boshladi.
Keyinroq shu kabi amaliyotlar Buyuk Britaniya va Fransiya maxsus xizmatlari tomonidan ham olib borilgani ma’lum bo‘ldi. Ma’lumot manbai amerikalik Edvard Snouden edi. U Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) va Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB)da tahlilchi bo‘lib ishlagan paytida 1,7 mln ta maxfiy faylni olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Amerika hokimiyati ta’qibidan qochish maqsadida Snouden 2013 yil may oyida ta’tilga chiqib, Hongkongga uchib ketadi. U yerda u ommaviy chiqishlar qilib, fosh etuvchi ma’lumotlarni oshkor etadi va shundan so‘ng AQSH tomonidan davlat sirlarini ochib berishda ayblanadi.
Snouden Hongkongdan siyosiy boshpana olishni rejalashtirgan edi, ammo mahalliy hokimiyat uning orolda qolishi maqbul emasligini bildirgan. Oqibatda u Rossiyaga o‘tib ketadi va 2022 yilda Rossiya fuqaroligini oladi.
«Wikileaks» nashrlari
Julian Assanj 2006 yil dekabr oyida «Wikileaks» saytini ishga tushirgan. U yerda e’lon qilingan birinchi yirik ma’lumot sizib chiqishi Somalidagi qo‘zg‘olonchi harakat yetakchisi Hasan Zohir Uvays tomonidan yozilgani aytilgan maktub bo‘ldi. Unda u o‘z tarafdorlarini hukumat amaldorlarini o‘ldirish uchun killerlar yollashga chaqirgani qayd etilgan edi.
Shundan keyin Guantanamo qamoqxonasi qo‘riqchilari uchun qo‘llanma va Shveysariyadagi yirik xususiy banklardan biri — «Julius Baer»ga oid hujjatlar e’lon qilindi. Ularda, jumladan, ofshorlar orqali soliqdan qochish holatlari haqida so‘z borgan.
Biroq «Wikileaks» uchun eng shov-shuvli yil 2010 yil bo‘ldi. Aprel oyida sayt Iroqda amerikaliklarning harbiy vertolyot bortdan olingan videoni e’lon qildi. Unda harbiylar tinch aholiga o‘q uzib, ular orasida «Reuters» agentligi xodimlari ham halok bo‘lgani aks etgan. «Reuters» agentligi ushbu videoni AQSH mudofaa vazirligidan uch yil davomida so‘rab kelgan, ammo natija bo‘lmagan.
Iyul oyida AQSHning Afg‘onistonga bosqiniga oid taxminan 75 ming hujjat ochiqlandi. Oktyabr oyida esa «Iroq dosyesi» — Iroqdagi urush va AQSH harbiylarining 2004–2009 yillardagi okkupatsiyasiga doir 391 ming 832 ta hujjat e’lon qilindi. Nihoyat, noyabr oyida Julian Assanj 1966–2010 yillarga taalluqli 251 ming 287 ta AQSH diplomatik telegrammasini ommaga taqdim etdi.





