add

Strategik aviatsiyaga hujumdan so‘ng Rossiyaning yadroviy uchligi nechog‘lik zarar ko‘rdi?

03.06.2025 | 13:20131616

1 iyun kungi dronlar hujumidan so‘ng Rossiya o‘ndan ortiq uzoq masofaga mo‘ljallangan bombardimonchi samolyotlarini yo‘qotdi. Bu yadroviy uchlik tizimiga qanchalik ta’sir qildi? Endi Ukrainani bombalashlar kamayadimi?

Strategik aviatsiyaga hujumdan so‘ng Rossiyaning yadroviy uchligi nechog‘lik zarar ko‘rdi?
«Vajniye istorii» nashri harbiy ekspertlar bilan vaziyatni tahlil qilib chiqdi. Yakshanba kuni ukrain maxsus xizmatlari Rossiyaning bir necha mintaqasida operatsiya o‘tkazdi: yuk mashinasidan uchirilgan dronlar harbiy aerodromlardagi bombardimonchilarni nishonga oldi.   Rossiya aviatsiyasining yo‘qotishlari jiddiymi? 3 iyun kuni ertalab Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU)ning «Pautina» («O‘rgimchak to‘ri») operatsiyasidan keyin ilk bor Rossiya samolyotlari yo‘qotishlari haqida yangilangan ma’lumotlarni e’lon qildi — ro‘yxatga yana 12 ta samolyot qo‘shildi. Bu raqam 1 iyundan boshlab internetda paydo bo‘lgan tasviriy materiallar bilan mos keladi. 2 iyun kechasiga kelib OSINT-analitiklar quyidagilarni qayd etdi:
  • Irkutsk oblastidagi «Belaya» harbiy aviabazasida: uchta Tu-95MS samolyoti yo‘q qilingan va bittasi shikastlangan, bitta Tu-22M3 yo‘q qilingan. Uchta Tu-22M3 va bita Tu-95MS zarbaga uchragan, ammo ularga yetkazilgan talafot qanchalik jiddiy ekani hozircha noma’lum.
  • Murmansk oblastidagi «Olenya» harbiy aviabazasida: to‘rtta Tu-95MS yo‘q qilingan va bitta An-12 transport samolyoti yo‘q qilingan.
  • Ryazan va Ivanovo oblastlaridagi bazalarda aviatsion yo‘qotishlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
  • Amur viloyatidagi aviabazaga dronlar ortilgan yuk mashinasi, ehtimol, yetib bormagan — u yo‘l chetida portlab ketgan.
Shu tariqa, kamida 13 ta uzoq masofaga mo‘ljallangan bombardimonchi yo‘q qilingan — to‘qqizta Tu-95MS va to‘rtta Tu-22M3. SBU 41 samolyot shikastlanganini iddao qilgan, ammo bu ma’lumot tasdiqlanmagan. «40 ta samolyot — bu haddan ziyod ko‘pirtirish. Agar 40 samolyot yonib ketgan bo‘lsa, demak, barcha aviabazalarda 100 foizli zarba yuz bergan bo‘lishi kerak edi. Biz hozircha bunday holatni ko‘rmadik», — deydi Conflict Intelligence Team asoschisi Ruslan Leviyev. Rossiyada qancha Tu-22M3 va Tu-95MS (shu jumladan modernizatsiya qilingan Tu-95MSM) samolyotlari borligi haqida turlicha ma’lumotlar bor. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil boshida Rossiya armiyasida 55 ta Tu-22M3 va 57 ta Tu-95MS bo‘lgan. Global Air Powers Ranking esa mos ravishda 58 va 47 ta samolyotni qayd etadi. Ayrim samolyotlar chindan ham parvozga qodir, jangovar vazifalarni bajara oladimi yoki faqat ehtiyot qismlar manbai sifatida saqlanyaptimi — bu alohida masala. Bunday bombardimonchilar Rossiyada ancha yillardan beri ishlab chiqarilmayapti va ularni yangidan tayyorlash imkoniyatlari ham yo‘q, deydi Ukraina Havo kuchlarining sobiq ofitseri Anatoliy Xrapchinskiy. So‘nggi yillarda bir nechta Tu-160M strategik bombardimonchilari yig‘ildi, ammo ular ham SSSR davrida ishlab chiqarilgan detallardan tayyorlangan. «Rossiyaning yadroviy qurollari» loyihasi rahbari Pavel Podvigning fikricha, uzoq masofaga mo‘ljallangan bombardimonchilarning yarmidan ko‘p qismi haqiqatan ham parvoz qila oladi. The Economist nashrining baholashicha, Rossiyaning Havo hujumdan himoya kuchlarida umumiy hisobda 90 tadan kamroq Tu-22, Tu-95 va Tu-160 bor. Rossiya Ukraina shaharlarini bombardimon qilishni kamaytiradimi? Yo‘q qilingan va shikast yetkazilgan Tu-22M3 hamda Tu-95MS bombardimonchilari Rossiya armiyasi tomonidan Ukraina shaharlariga zarbalar berish uchun qo‘llaniladi. Tu-22 samolyotidan rossiyaliklar front yaqinidagi shaharlarga X-22 va X-32 qanotli raketalari orqali zarba beradi. Bu raketalar aslida kemalarga qarshi mo‘ljallangan bo‘lib, ularning nishondan og‘ishi yuzlab metr bilan o‘lchanadi. Xususan, 2023 yil yanvar oyida Dniprodagi ko‘p qavatli uyga aynan X-22 raketasi urilgan, o‘shanda kamida 46 kishi halok bo‘lgan edi. O‘shanda Ukraina Havo kuchlari bunday raketalarni urib tushirish imkoniga ega emasligini tan olgan edi. Birinchi marta X-22ni muvaffaqiyatli urib tushirish 2024 yilda uddalangan. Shuningdek, Tu-22 samolyotidan aeroballistik «Kinjal» raketalari va fugas aviatsiya bombalarini (FAB) ham ishga tushirish mumkin. Rossiyaliklar bu bombalarni front yaqinida katta miqdorda qo‘llashmoqda. «Yong‘inli» FAB-500 va FAB-1000 bombalarini Su-34 va Su-35 bombardimonchilari orqali ishga tushirish mumkin, ammo 3000 kg og‘irlikdagi FAB-3000 bombalarini faqat Tu-22 orqali tashlash mumkin. Tu-95MS esa X-101 va X-55/555 qanotli raketalarini olib yuradi va rossiyaliklar ular orqali Ukraina hududining butun maydoniga zarba berishadi. X-101 — Rossiyadagi eng texnologik jihatdan rivojlangan va qimmatbaho raketalardan biri bo‘lib, uning narxi 13 mln dollarga baholanadi. Urush davomida Rossiya ushbu raketalar ishlab chiqarish hajmini keskin oshirdi. Financial Times yozishicha, 2021 yilda 56 ta raketa ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 420 taga yetgan. 2023 yil iyul oyida X-101 raketasi Kiyevdagi «Oxmatdet» bolalar shifoxonasiga urilgan. Tu-22M3 va Tu-95MS — Rossiyaning Ukrainaning ichkari hududlariga zarba beradigan yagona samolyotlari emas. Masalan, X-59 va X-69 raketalari Su turkumidagi bombardimonchilardan, «Kinjal» esa MiG-31K dan ishga tushiriladi. Bundan tashqari, ommaviy hujumlar paytida raketalar quruqlik va dengizdan ham uchiriladi. Conflict Intelligence Teamdan Ruslan Leviyevning ta’kidlashicha, bir necha strategik bombardimonchilar yo‘qotilishi Rossiyaning harbiy imkoniyatlariga unchalik ta’sir qilmaydi: «Havodan zarba berish imkoniyatlari, albatta, qoladi. Biroq mablag‘ jihatdan ular juda katta yo‘qotishga uchradi». Aviatsiya bo‘yicha ukrainalik mutaxassis Valeriy Romanenkoning taxmin qilishicha, rossiyaliklar uzoq masofaga mo‘ljallangan bombardimonchilarni ehtimol Amur oblastidagi «Ukrainka» bazasiga ko‘chirishi mumkin — u yerga dronlarni olib kelgan yuk mashinasi yetib bormagan bo‘lishi mumkin. «Agar ular samolyotlarni o‘sha yerga ko‘chirsa, Ukrainaga parvoz qilish imkoniyati yo‘qoladi — u yerdan borib-qaytish uchun masofa yetmaydi. Bunday holda strategik aviatsiyaning Ukraina uchun xavfi deyarli yo‘qoladi. Ular ba’zan namoyishkorona hujumlar o‘tkazishi mumkin, ammo o‘tgan yildagidek muntazam reydlar o‘tkazishga qodir bo‘lmaydi», — deydi mutaxassis.   Yadroviy uchlik tizimiga zarar yetdimi? Aerodromlarga qilingan hujum darhol Rossiyaning yadroviy uchlik (triada) tizimiga zarba sifatida baholandi. Bu tizim raketa qo‘shinlari, dengizdagi strategik kuchlar va strategik aviatsiyadan iborat. Bu haqda ham Ukrainada, ham Rossiyadagi Z-kanallar, «harbiy muxbir»lar va hatto generallar ham gapirmoqda. Agar yadroviy tiyib turish kuchlari haqida gapirsak, faqat Tu-95MS bombardimonchilarining yo‘qotishlarini hisobga olish lozim. Tu-22M3 bu yerga tegishli emas, chunki u yadroviy kallaklarni olib yura olmaydi va parvoz masofasi yetarli emas, deya tushuntiradi Pavel Podvig. Havodagi yadroviy uchlik tizimiga Tu-160M bombardimonchilari kiradi, Rossiyada ularning soni taxminan 15 ta. 1 iyundagi hujum natijasida bu samolyotlar bo‘yicha tasdiqlangan yo‘qotishlar yo‘q. Pavel Podvigning fikricha, hatto agar yo‘qotishlar jiddiy bo‘lsa ham, strategik bombardimonchilar yo‘q qilinishi dunyodagi yadroviy kuchlar muvozanatiga ta’sir qilmaydi. Chunki Rossiya yadroviy kallaklarni yerdan qit’alararo raketalar vositasi va dengizdangi suvosti kemalaridan uchirishi ham mumkin. «Sovet va Rossiya an’anasida strategik aviatsiyaga har doim juda ikkinchi darajali rol berilgan. Agar qarshi zarba berish haqida gapirsak, ular deyarli hech qanday rol o‘ynamaydi. Ular asosan kuch namoyishi uchun kerak — bu ma’noda bombardimonchilar eng qulay. Ular havoga ko‘tariladi, Yaponiya orqali uchib o‘tadi yoki Alyaskaga yaqinlashadi, ya’ni biz tayyor turibmiz, degan ishorani beradi», — deya tushuntiradi ekspert. Xuddi shunday harakatlarni Amerika ham qiladi — o‘zining B-52 samolyotlari bilan Yevropani aylanib chiqadi. Bu uchishlar vaqtida na Rossiya, na AQSH samolyotlari yadro qurolini olib uchmaydi, deb ta’kidlaydi Podvig. 2011 yilda Rossiya va AQSH tomonidan imzolangan Strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnoma (DSNV)ga ko‘ra, har bir bombardimonchi bitta yadroviy zaryad sifatida hisoblanadi — u qancha qanotli raketa olib yurishi yoki boshqa xususiyatlari muhim emas. Bu ham samolyotlarning strategik yadroviy muvozanatda katta rol o‘ynamasligini ko‘rsatadi, deydi Podvig. 2023 yil fevral oyida Rossiya DSNVdagi ishtirokini to‘xtatgan edi.

Teglar

Mavzuga oid