add

Sun’iy intellekt va kelajak: robotlar dunyoni egallaydimi?

31.05.2025 | 12:0031986

Inson taraqqiyoti tarixida sun’iy intellekt (SI) kabi bahsli, hayajonli va hattoki qo‘rqinchli texnologik rivojlanish bo‘lmagan. Ilgari faqat ilmiy-fantastik asarlar va Hollivud filmlarida tasvirlangan bu tushuncha bugun hayotimizning deyarli barcha sohalariga kirib kelgan.

Sun’iy intellekt va kelajak: robotlar dunyoni egallaydimi?

Ammo SI boshqaruvidagi dunyo sari intilayotganimizda, robotlar odamlar o‘rnini bosishi mumkinmi degan savol tug‘iladi. Agar shunday bo‘lsa, bu insoniyat uchun qanday oqibatlarga olib keladi?

Bugun zavodlardan tortib yuridik sohalargacha ishlarni robotlar bajarmoqda. McKinsey & Company tadqiqotiga ko‘ra, 2030 yilga kelib dunyo bo‘ylab 800 millionga yaqin ish o‘rni SI tufayli yo‘qolishi mumkin. Biroq, bu degani — odamlar ishsiz qoladi, degani emas. Tarixga nazar solsak ham, sanoat inqilobi paytida ham ko‘plab eski kasblar yo‘qolgan, lekin yangi texnologiyalar yangidan yangi kasblarni yaratgan. Xuddi shunday, SI oddiy va takrorlanuvchi ishlarni o‘z zimmasiga olib, odamlarga ijodiy va muhimroq vazifalar bilan shug‘ullanish imkonini berishi mumkin.

Masalan, tibbiyotda SI shifokorlarga aniq tashxis qo‘yishda yordam beradi, lekin ularning o‘rnini egallay olmaydi.

 

Eng katta savollardan biri: SI ongga ega bo‘lishi mumkinmi?

Hozirgi vaqtda SI oldindan belgilangan algoritmlar va buyruqlar asosida ishlaydi, lekin u inson kabi «o‘ylay» olmaydi. Biroq neyron tarmoqlari (ya’ni, inson miyasi kabi ishlashga harakat qiladigan kompyuter tizimlari) rivojlanmoqda va bu fikrnining to‘g‘ri ekanligiga shubha uyg‘otyapti. Mashhur olimlar, jumladan Ilon Mask va dunyodan o‘tgan Stiven Hoking «SI nazoratsiz rivojlansa, insoniyatga xavf tug‘dirishi mumkinligi» xususida ogohlantirgan.

Asosiy tashvishlardan yana biri SI kuchining bir nechta korporatsiyalar va hukumatlar qo‘liga to‘planishi. Google, Amazon va Microsoft kabi texnologiya gigantlari SI rivojlanishini monopoliyalashtirgan. Bu esa SI demokratlashtirilishi kerakmi, degan savolni ham paydo qiladi?

SIni yaxshilik uchun ishlatishni kim kafolatlaydi?

Masalan, ba’zi yuzni tanib olish dasturlari irqiy va jinsiy tarafkashliklar uchun tanqid qilingan. Agar SI qat’iy axloqiy qoidalarsiz rivojlanishda davom etsa, oqibatlari halokatli bo‘lishi mumkin.

Ba’zi mutaxassislar SIni dushman sifatida emas, balki odamlarning imkoniyatlarini oshiruvchi vosita sifatida ko‘rish kerak, deydi. Chunki SI kelajakda, masalan, ta’lim sohasida o‘quvchilarga individual yondashadigan dars berishi mumkin; kosmosni tadqiq qilishda astronavtlarga murakkab muammolarni hal qilishda yordam berishi mumkin; ekologiya sohasida iqlim o‘zgarishini oldindan prognoz qilish va tabiiy ofatlarni oldini olishi mumkin.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, robotlar dunyoni egallaydimi degan savolga «ha» deb ham, «yzq» deb ham javob berish mumkin.

Ha, SI hayotimizni tubdan o‘zgartiradi, dunyomizni qayta shakllantiradi, sanoatni avtomatlashtiradi va ko‘plab sohalarda inson o‘rniga ishlaydi.

Ammo bu inson-mashina hamkorligining utopik kelajagiga aylanishi butunlay bizning qanday qarorlar qabul qilishimizga aloqador. Agar uni to‘g‘ri nazorat qilsak, SI insoniyatga yordam beradigan kuchga aylanishi muqarrar.

Kelajak insonlar qo‘lida. Sun’iy intellekt yaxshi yoki yomon bo‘lib qolmaydi — hammasi biz uni qanday yaratishimiz va boshqarishimizga bog‘liq.

Ruxsora Jovliyeva.

Teglar

Mavzuga oid