add

Sun’iy intellektning suvga bo‘lgan «tashnaligi» insonlar salomatligi uchun xavfga aylanmoqda

26.01.2026 | 11:266 daqiqa

Biz har safar ChatGPT’ga savol yo‘llaganimizda yoki SI orqali tasvir yaratganimizda, faqat elektr energiyasini emas, balki Yer yuzidagi eng qimmat resurs — ichimlik suvini ham bilmasdan «sarflaymiz».

Sun’iy intellektning suvga bo‘lgan «tashnaligi» insonlar salomatligi uchun xavfga aylanmoqda

Hozirda «SI» tushunchasi bilan eng ko‘p bog‘lanadigan so‘z — bu «pufak» (bubble). Biroq biz bu shunchaki iqtisodiy «bomba» emas, balki jamoat salomatligi uchun ham jiddiy xavf ekanini asta-sekin anglab yetyapmiz. Atrof-muhitni ifloslantiruvchi moddalar ajralishidan tashqari, SI ma’lumotlar markazlarining toza suvga bo‘lgan ulkan ehtiyoji sanitariya holatini yomonlashtirishi va yaqin atrofdagi aholiga oshqozon-ichak kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa mahalliy sog‘liqni saqlash infratuzilmasiga qo‘shimcha bosim yuklaydi.

SI ning energiya iste’moli ulkan va u tobora suvga bog‘liq bo‘lib bormoqda

Yangi matnlar, suratlar va kodlar yaratishga qodir bo‘lgan generativ sun’iy intellekt allaqachon butun dunyo bo‘ylab aksariyat odamlarning hayotiga kirib ulgurdi. Birgina ChatGPT kuniga taxminan bir milliardga yaqin so‘rov qabul qilishi xabar qilingan, bu esa individual darajadagi ulkan talabdan dalolat beradi.

Biroq, bu — muztog‘ining faqat uchi, xolos. Google, Apple va Microsoft kabi kompaniyalar endi SIni o‘zlarining asosiy mahsulotlariga integratsiya qilmoqda. Qidiruv natijalaridan foydalanadigan ilovalar tez sur’atlar bilan o‘z algoritmlarida SIni yangi standart sifatida joriy etyapti. Onlayn xaridlar, aviachipta yoki mehmonxona band qilish bo‘ladimi — barcha qidiruv jarayonlarida endi SI ishlatilmoqda va bu ko‘proq energiya talab qiladi. Misol uchun, SI yordamida amalga oshirilgan bitta Google qidiruvi oddiy qidiruvga qaraganda 30 barobar ko‘proq energiya sarflashi aytiladi.

Hozirgi vaqtda sanoat bu muammoga Grafik protsessorlar (GPU) yordamida yechim topgan. Bu chiplar juda ko‘p energiya talab qiladi va o‘zidan katta miqdorda issiqlik chiqaradi. GPUlardagi minglab kichik yadrolar SI algoritmlari tomonidan bajariladigan ulkan va takrorlanuvchi matematik hisob-kitoblarni parallel ravishda qayta ishlash imkonini bersa-da, bitta chipning o‘zi 700 vattgacha energiya iste’mol qilishi mumkin. Bu degani, atigi uchta chip bitta uy elektr pechi bilan deyarli bir xil miqdorda energiya sarflaydi.

Ma’lumotlar ishlab chiqaradigan ushbu ulkan issiqlikni sovutish uchun har kuni yuz minglab litr chuchuk suv ishlatiladi. Issiqlik chiqaradigan minglab chiplar bir-birining yoniga va ustiga terilgani sababli, oddiy ventilyator bu yerda yordam bermaydi. Uning o‘rniga, tizim haddan tashqari qizib ketmasligi uchun chiplar orasiga va atrofiga suv haydaladi yoki chiplar suvga botiriladi. Buyuk Britaniya hukumatining Raqamli barqarorlik ittifoqi (Government Digital Sustainability Alliance) hisobotiga ko‘ra, SI tufayli global suv iste’moli 2027 yilga borib 1,1 milliard kub metrdan 6,6 milliard kub metrgacha oshadi.

Ba’zi kompaniyalar sovutish uchun dengiz suvidan foydalanishga harakat qilmoqda, biroq ko‘plab obyektlarda hamon chuchuk suvdan keng foydalaniladi. Suvni qayta ishlash yana bir variant, ammo bu oddiy jarayon emas. Bir qancha kompaniyalar suvning umumiy sarfini kamaytirish uchun «yopiq siklli tizim»dan foydalanadi. Shunga qaramay, sovutish paytida to‘plangan chang va minerallar vaqt o‘tishi bilan suv sifatini yomonlashtiradi va uni tozalashni yoki almashtirish ehtiyojini yuzaga keltiradi.

SI sababli yuzaga kelayotgan suv tanqisligi jamoat salomatligiga qanday tahdid soladi?

Data-markazlarining suv tanqisligi allaqachon mavjud bo‘lgan hududlarda joylashtirilishi, hatto atrof-muhit ifloslanishi muammosi yuzaga kelmasidan oldin ham, sog‘liqni saqlash tizimiga og‘ir yuk bo‘lib tushishi mumkin. 2023 yilda Microsoft kompaniyasi o‘zi iste’mol qiladigan suvning 41 foizi suv tanqisligi yuqori bo‘lgan hududlarga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan. Google esa bu ko‘rsatkich uning umumiy iste’molida 15 foizni tashkil etishini bildirgan. Amazon hozircha bunday ochiq ma’lumotlarni taqdim etgani yo‘q.

Suv tanqisligi yuqumli kasalliklar, to‘yib ovqatlanmaslik va gigiyena darajasining pasayishi bilan bevosita bog‘liqligi ilmiy isbotlangan. Bunday tadqiqotlarning aksariyati kambag‘al hududlarga qaratilgan bo‘lsa-da, ko‘p hollarda aynan shu yerlar yangi data-markazlarini qurish uchun tanlanmoqda. Chuchuk suv zaxiralarining kamayishi mahalliy aholini tanlov oldida qoldiradi — ular qo‘l yuvish, cho‘milish yoki oziq-ovqat mahsulotlarini yuvishdan ko‘ra, suvni ichish va ovqat tayyorlash uchun saqlab qo‘yishni afzal ko‘radi. Tabiiyki, bu yashash joylarini tozalash uchun ham suv yetishmasligiga olib keladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xavfsiz bo‘lmagan ichimlik suvi hamda yomon sanitariya-gigiyena sharoitlari vabo, diareya va boshqa qator xavfli patogenlarning tarqalishiga zamin yaratishini ta’kidlaydi. Vaziyatni yanada og‘irlashtiradigan jihati shundaki, suv tanqisligi bilan bog‘liq ko‘plab kasalliklar odamdan odamga oson yuqadi, bu esa mahalliy darajada epidemiya xavfini oshiradi.

Bolalar salomatligiga yetadigan zarar alohida xavotir uyg‘otmoqda. Diareya kasalliklari bilan bog‘liq global yukning 84 foizi besh yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bolalikdagi bunday infeksiyalar keyinchalik ularning kognitiv (aqliy) rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan.

Hozircha SI ma’lumotlar markazlari va suv bilan bog‘liq kasalliklar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sabab-oqibat bog‘liqligini keltirib chiqarishga hali erta bo‘lsa-da, mavjud faktlar jiddiy xavotirga asos bo‘la oladi. SI data-markazlari mahalliy suv zaxiralarini sezilarli darajada kamaytirishi — bu fakt. Suvdan foydalanish imkoniyati cheklangan aholida oshqozon-ichak va boshqa kasalliklar xavfi yuqori bo‘lishi ham — fakt.

SI markazlari bevosita kasallik tarqatyapti deb da’vo qilish hozircha yetarli dalillarga ega emasdek tuyulishi mumkin. Biroq xavf-xatarlar ayon bo‘lib borayotgan bir paytda, hukumatlar oldini oluvchi choralarni ko‘rish uchun odamlar o‘limi boshlanishini kutib o‘tirmasliklari kerak.

Chekka hududlarda yashovchi aholi suv ifloslanishidan allaqachon shikoyat qilmoqda

AQSHning Jorjiya shtati, Nyuton okrugida Meta kompaniyasi SI data-markazini qurdi. Mahalliy aholi o‘z jo‘mraklaridan rangi o‘zgargan va cho‘kindiga boy suv oqayotganidan shikoyat qilib, buni bevosita ushbu obyekt bilan bog‘lamoqda. Shunga o‘xshash holat Fayet okrugida ham kuzatilgan: aholi suvda cho‘kindilar paydo bo‘lishi ma’lumotlar markazi qurilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelganini ta’kidlamoqda. Kaliforniyaning Beyvyu-Xanter-Point hududida rejalashtirilgan yangi markaz esa allaqachon ekologik jihatdan ifloslangan hududda vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkinligidan xavotirlar uyg‘otmoqda.

E’tiborlisi, ushbu barcha holatlarda aholining katta qismini qora tanli va afroamerikaliklar tashkil etadi. Bu holat «ekologik adolat» masalasini, ya’ni SI infratuzilmasining salbiy oqibatlari ko‘proq ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar zimmasiga tushayotganini ochiq ko‘rsatmoqda.

Suvda to‘planib qolgan qoldiqlar o‘tkir oshqozon-ichak kasalliklaridan to saraton kabi surunkali holatlargacha bo‘lgan turli ta’sirlarga olib kelishi mumkin. Mikroblar zaharlanish va o‘tkir kasalliklarga sabab bo‘lsa, kimyoviy qoldiqlar uzoq muddatli zararga olib keladi va ko‘pincha sekin, sezdirmay ta’sir qiluvchi xavf sifatida namoyon bo‘ladi.

Nigeriya, Misr va Janubiy Afrika kabi davlatlarda ham ma’lumotlar markazlarini qurish rejalashtirilgan. Bu esa yana bir jiddiy savolni o‘rtaga tashlaydi: ekologik oqibatlarning asosiy yukini kim ko‘taradi? Ba’zi Afrika davlatlarida tartibga soluvchi organlarning nazorati sustligi sababli, odamlar yetarli himoya yoki yordam ololmasligi mumkin. Ko‘p hollarda jamiyat uchun jiddiy oqibatlar haqidagi ma’lumotlar umuman hisobotlarga kirmay qolib ketishi xavfi bor.

Nega korporativ va’dalar va davlat nazorati muhim?

Yer yuzidagi jami suv zaxirasining atigi 0,5 foizi iste’molga yaroqli chuchuk suvdir. Suv nafaqat ma’lumotlar markazlarining o‘zi uchun, balki ularni energiya bilan ta’minlovchi elektr stansiyalari uchun ham zarur. Shuningdek, chiplar va simlar ishlab chiqarish jarayoni ham katta miqdorda suv talab qiladi. Bu esa suv iste’moli muammosini shunchaki bitta bino (data-markaz) miqyosida emas, balki butun sun’iy intellekt ta’minot zanjiri darajasidagi global masala ekanini anglatadi.

Ko‘plab texnologik gigantlar ekologik barqarorlik bo‘yicha va’dalar berishmoqda. Ba’zilari hatto «water positive» (iste’mol qilinganidan ko‘ra ko‘proq suvni qayta tiklash) maqomini egallashga intilayotganini da’vo qilmoqda. Agar ushbu maqsadlarga erishilgan taqdirda ham (bu hali so‘roq ostida), ular suvi olinayotgan mahalliy aholiga haqiqiy foyda keltirishi shart. Boy hududlarni suv bilan ta’minlab, Nyuton okrugi kabi joylarda zaxiralarni quritish korporativ hisobotlarni chiroyli ko‘rsatishi mumkin, ammo mahalliy aholi baribir uning achchiq oqibatlarini tortaveradi.

Hukumatlar jamoatchilik oldidagi axloqiy majburiyatlarini bajarish uchun sun’iy intellektni kengaytirish va ma’lumotlar markazlarini qurish sur’atlariga tezda yetib olishlari kerak. Tartibga solish jarayonlari texnologik o‘sishdan ko‘ra, inson farovonligini ustuvor deb bilishi kerak. Iqlim o‘zgarishi misolida ko‘rganimizdek, nazorat qilinmagan innovatsiyalar ham insonga, ham sayyoraga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazish xavfini keltirib chiqaradi.

 

Teglar

Mavzuga oid