
Taksichilikka hududiy cheklov: transport tizimini isloh qilishmi yoxud iqtisodiy inqiroz?
12.06.2025 | 10:405407
O‘zbekistonda taksi haydovchilari endi faqat o‘z viloyati va unga tutash hududlardagina faoliyat yuritishi mumkin. Transport vazirligining ushbu cheklovchi tartibi jamiyatda katta muhokamalar va bahslarga sabab bo‘ldi. Bu qaror haqiqatan ham bozorni shaffoflashtirishga qaratilganmi yoki iqtisodiy faol aholining imkoniyatlarini cheklashga xizmat qiladimi?

Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov ma’lum qilishicha, mazkur cheklov yangi tartib emas, balki 2011 yildagi 139-sonli qarorga asoslangan. Hujjatda taksi haydovchilariga faqat litsenziya kartochkasida ko‘rsatilgan hududda faoliyat olib borish huquqi berilgan edi. Garchi bu qaror keyinchalik amalda bo‘lmay qolgan bo‘lsa-da, 2025 yilda qabul qilingan yangi hujjat bilan ushbu talab qayta tiklandi.
Qaror 6 trln so‘mlik bozorga zarbami?
Soliq qo‘mitasi 2024 yil uchun taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda taksi bozorining umumiy aylanmasi 5,89 trillion so‘mni tashkil etgan. Buning 76,3 foizi naqd, 23,7 foizi esa karta orqali amalga oshirilgan. Eng qizig‘i shundaki, taksichilik bilan 498 mingga yaqin o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi shug‘ullangan.
Bu raqamlar har qanday cheklovni joriy qilishda yuz minglab oilalar manfaatlari hisobga olinishi zarurligini ko‘rsatadi. Xususan, mazkur qaror 2024 yilda 100 million so‘mdan ortiq daromad olgan 4,7 ming haydovchi, shuningdek 10-50 million so‘m daromadga ega bo‘lgan 114,6 ming nafar haydovchi faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu holat tanqidlarga sabab bo‘ldi. «Bakiroo» telegram kanali muallifi Otabek Bakirov ushbu qarorga nisbatan shunday fikr bildirilgan: «Endi Toshkentda taksichilik qilayotgan yuz minglab odamlar mashinani sotib Rossiyaga ketishi, ishsizlikka yuz tutishi yoki 5,5 mln so‘mga Toshkent raqami olish uchun tanish-bilishlar orqali mashinasini o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa korrupsion sxemalarni qayta tiklashga xizmat qiladi» (https://t.me/the_bakiroo/10266).
Shuningdek, “Iqtisodchi kundaligi” telegram kanali muallifi Behzod Hoshimov qaror huquqiy nuqtai nazardan zid deb xisobladi: «Agar fuqaro O‘zbekistonning boshqa hududida mehnat qilishi taqiqlansa, bu Konstitutsiyaning 28-moddasiga zid holatdir. Taqiq ish joyini tanlash, yashash joyini erkin belgilash huquqini buzadi (https://t.me/iqtisodchi_kundaligi/3416). Qashqadaryolik Toshkentda ishlay olmasligi to‘g‘ri deb hisoblansa, unda nega Yunusobodlik haydovchi Sergelida ishlamasligi noto‘g‘ri deb hisoblanadi? Ahmoqona eshitiladi-a? Bir respublika ichidagi cheklovlar ham xuddi shunday eshitiladi. Ular mantiqsiz».
Bozor iqtisodiyotiga real ta’sir: kim yutqazadi, kim yutadi?
Toshkent shahridagi taksi safari ulushi 51,6 foizni tashkil etganini hisobga olsak, qarorning asosiy zarbasi aynan poytaxtdagi xizmatlarga tushishi ayon. Bu:
taksi narxlarining oshishiga,
xizmat ko‘rsatuvchi haydovchilar sonining kamayishiga,
noqonuniy ishchi sxemalar ("ishonchnoma", "ijara") ko‘payishiga va eng muhimi, litsenziya tizimi orqali yangi “raqam biznesi” rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 28-moddasiga ko‘ra, har bir fuqaro mamlakat ichida erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash huquqiga ega. Qaror orqali muayyan hududda ishlash huquqining litsenziya orqali cheklanishi insonning mehnat qilish huquqini zohiran kamaytirishi mumkin. Shu bois, bu masalada huquqshunoslar, parlament va jamoatchilik kengroq muhokama yuritishi zarur.
Bir qarashda, hududiy cheklovlar orqali taksi tizimi tartibga solinayotgandek tuyuladi. Ammo bu islohot bir qator xavflarni ham yuzaga chiqarmoqda: ishsizlik, daromad manbai yo‘qotilishi, noqonuniy faoliyat usullari ko‘payishi, va eng muhimi, konstitutsiyaviy huquqlar cheklanishi.
Agar maqsad shaffoflik va transport islohoti bo‘lsa, masalaga tizimli va inklyuziv yondashuv zarur. Buning uchun jamoat transportini rivojlantirish, litsenziyalash jarayonini soddalashtirish va huquqiy adolatni ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.





