
Tendensiya: Sun’iy intellekt insonlarni dangasaroq qilmoqda
16.10.2025 | 14:302049
Aqliy vazifalarda insonlar neyrotarmoq yordamiga qanchalik ko‘p tayansa, miya shunchalik dangasalashadi.

Microsoft va Karnegi-Mellon universiteti hamkorligida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, aqliy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar neyrotarmoqlardan ko‘proq foydalangani sari ularda tanqidiy fikrlash darajasi tushib boradi. Samaradorlik va tezkorlikni oshsa hamki, insonlar dangasalashib bormoqda.
ChatGPT, Grok, DeepDeek va hokazolarga qadar ham insoniyat internetdan foydalanayotgandi, savollariga Google’dan javob izlayotgandi, degan fikr tug‘iladi. Biroq qidiruv tizimidan va neyrotarmoqdan foydalanish o‘rtasida katta farq bor.
Gap shundaki, Google kabi qidruv tizimlari kalit so‘zlar asosida ishlaydi, so‘rov mazmunidan kelib chiqib turli manbalar, xilma-xil nuqtayi nazarlar va yondashuvlarni saralab beradi. Foydalanuvchi ularni ko‘rib chiqib, o‘zaro solishtirishi mumkin. Neyrotarmoqda esa so‘rov (promt)ning qanday nuqtayi nazardan berilayotgani muhim, u foydalanuvchiga moslashadi, personal tartibda ishlaydi, uning shaxsiy pozitsiyasiga asoslanadi va shu pozitsiyani tasdiqlashga qaratilgan bo‘ladi. Shuningdek, neyrotarmoq o‘z javobini odatda «fikringiz to‘g‘ri», «yaxshi savol» kabi ijobiy tasdiqlar bilan boshlashi ham foydalanuvchining o‘z nuqtayi nazari to‘g‘riligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Buni Massachusets texnologiyalar institutining media laboratoriyasi olimlari o‘tkazgan tajriba tasdiqlaydi: 54 nafar ishtirokchi uch guruhga ajratilib, SAT imtihoni uchun esse yozish topshirilgan. Birinchi guruh neyrotarmoqdan, ikkinchi guruh Google’dan foydalanishiga ruxsat berilgan, uchinchi guruh esa hech qanday tashqi yordamchilardan foydalanmagan. Imtihon chog‘ida ishtirokchilarning miyasidagi jarayonlar EEG tekshiruvidan o‘tkazilganida neyrotarmoqdan foydalangan guruhda neyron, xulqiy va lingvistik jihatdan eng sust faollik kuzatilgan.
Qayd etish lozimki, bu qidiruv tizimlarining neyrotarmoqlarda mutlaq ustunligini bildirmaydi. Masalan, 2024 yildan boshlab Google AI Overview — sun’iy intellekt asosidagi umumiy xulosa funksiyasini yo‘lga qo‘ydi. Mazkur funksiya so‘rov uchun eng qisqa, lo‘nda javobni tayyorlab bersa-da, muhim tafsilotlarni nazardan qochiradi va oqibatda yanglish xulosalarga undaydi. 81 foiz holatda foydalanuvchilar ma’lumot izlashda AI Overview javoblari bilan kifoyalanib qolishadi.
Neyrotarmoqlar kishilarni o‘ta qisqa javoblarga odatlantirayotgani, dangasaroq qilayotganidan tashqari noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonishga, tanqidiy mulohazani cheklab, tor fikrlashga ham sabab bo‘lmoqda.
Metatahlillarga ko‘ra, sun’iy intellekt modellarida noxolis ma’lumot berish ehtimoli 83,1 foizga teng. Ya’ni u foydalanuvchi uchun kerakli yo‘nalishdagi, mohiyatan u istagan javobni topib beradi, fikrining to‘g‘riligiga ishontiradi, oqibatda qarama-qarshi nuqtayi nazarlarni o‘rganishga rag‘batni susaytiradi.
Shuningdek, SI instrumentlari to‘rtdan bir holatda xatoga yo‘l qo‘yishi ham mumkin. Bu xavotirli darajada yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Hatto tarmoq o‘zi bergan javoblarning ostida masalan, «ChatGPT xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin, ma’lumotlarni tekshiring» eslatmasi ham mustaqil surishtiruv uchun turtki bo‘la olmaydi.
Sun’iy intellektning kundalik hayotdan keng o‘rin olayotgani bilan bog‘liq yana bir xavotirli jihat ta’limda namoyon bo‘lmoqda. Xususan, Antiplagiat tizimida 7 mlnta ilmiy ish tahlil qilinganda ularning to‘rtdan bir qismi sun’iy idrok orqali yozilgani aniqlandi, vaholanki, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 18 foizdan oshmagan. Oliy ta’lim muassasalari talabalarining 87 foizi, maktab o‘quvchilarining esa 62 foizi ta’limdagi vazifalarni bajarishda sun’iy intellektga tayanadi.
Tahlilga ko‘ra, oliy o‘quv muassasalari talabalari sun’iy idrok modellaridan foydalanishda har ming holatning:
- 48 foizida uy topshiriqlarini bajarishda foydalangan;
- 53 foizida muayyan uslubga moslab esse yozib berishini;
- 22 foizida esa vazifa uchun reja tuzib berishni so‘ragan.





