add

Timur Ishmetov: «Yangi bank»ni sotish bo‘yicha muhokamalar bo‘lgan, lekin xaridor topilmagan

29.01.2026 | 08:203 daqiqa

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov «Yangi bank» aktivlari majburiyatlarini bajarishga yetarli miqdorda ekanini ma’lum qildi. Bankni yopishdan avval unga potensial investor qidirilgan.

Timur Ishmetov: «Yangi bank»ni sotish bo‘yicha muhokamalar bo‘lgan, lekin xaridor topilmagan

Markaziy bank Boshqaruvining 2025 yil 28-yanvardagi yig‘ilishida asosiy stavkani 14 foiz ko‘rinishida saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Regulyator kelgusi choraklarda ham inflatsiya va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishda davom etsa, asosiy stavkani pasaytirishni ko‘rib chiqishi haqida ma’lum qildi.

Matbuot anjumani davomida Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga «Yangi bank»ning yopilishi haqida savollar berildi.

Timur Ishmetov jarayon qanday kechgani haqida shunday dedi:

«Har qanday bankni yopish biz uchun og‘riqli masala. Har doim qat’iy qaror qabul qilishimiz kerak, lekin imkoni boricha bankni yopmasdan, sog‘lomlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rib boramiz. Chunki har qanday bankning yopilishi tabiiyki, bank tizimiga salbiy munosabatni keltirib chiqaradi».

15-yanvar kuni regulyator «Yangi bank»ning litsenziyasini chaqirib olgan edi. Bunga sabab qilib bank ustav kapitali Markaziy bank talablariga mos kelmasligi ko‘rsatilgan.

2025 yil 1-yanvardan boshlab banklarning ustav kapitali kamida 500 mlrd so‘mni tashkil qilishi kerak. «Yangi bank»da esa oradan 1 yil o‘tib ustav kapitali belgilangan ko‘rsatkichdan kamroq shakllangan — 355 mlrd so‘m.

Markaziy bank raisidan ustav kapitali talabi 1 yildan ortiq vaqtda ham bajarilmaganiga qaramasdan, nega «Yangi bank»ni yopishga uzoq vaqt ketgani so‘raldi.

«Aytganimdek, biz yopish tarafdori emasmiz. Qonunchilik bilan vaqt berilgan, qaysidir banklar o‘z vaqtida ustav kapitalini talabga yetkazishga ulgurgan. Bir qator banklarga qo‘shimcha vaqt berganmiz, faqat «Yangi bank»ka emas. «Yangi bank» bunga rioya qila olmagan. 2025 yil boshida gaplashilganda, I va II chorak davomida aksiyadorlar boshqa biznesi dividendlari hisobidan to‘ldirishi bo‘yicha rejalarni taqdim qilganda, biz yana imkoniyat berdik», — deya javob berdi Ishmetov.

Va’da berilgan muddatda ustav kapitali bo‘yicha talab «Yangi bank» tomonidan bajarilmagan. Shu bilan birga, bankning moliyaviy holati yomonlashib borgan.

«Yangi bank» Markaziy bankdan 2023 yilda bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgandi. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, shundan beri bankning umumiy zarari 171 mlrd so‘mdan oshgan.

2025 yilning o‘zida «Yangi bank» 135 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar ko‘rgan. Bir necha chorakdan beri bank O‘zbekistonda eng ko‘p zarar ko‘rgan bank bo‘lib kelayotgan edi.

«Qarorni ayni hozir qabul qilganimiz sababi — hozircha bank aktivlari uning majburiyatlarini bajarishga yetarli miqdordan tushib ketmagan. Hozircha bank aktivlari bor», — deydi Markaziy bank raisi.

Ishmetov qo‘shimcha qilishicha, «Yangi bank»ni norasmiy ravishda boshqa investorlarga sotish bo‘yicha ham muhokamalar bo‘lgan. Biroq, potensial investor topilmagan.

Omonatchilar pullarini qanday qaytarib oladi?

«Yangi bank» omonatchilarining 200 mln so‘mgacha mablag‘lari davlat tomonidan kafolatlangan bo‘lib, to‘liq qaytarib beriladi.

Bunda omonatlarni qaytarib berish uchun agent-bank sifatida «Biznesni rivojlantirish banki» tanlangan. Kompensatsiya to‘lovlarini olish uchun hech qanday qo‘shimcha to‘lovlar talab etilmaydi.

Jismoniy shaxs bo‘lgan omonatchilar «BRB» mobil ilovasi yordamida onlayn tarzda boshqa bank kartasiga o‘tkazish hamda BRB’ning bank xizmatlari markazlariga murojaat qilgan holda naqd pul shaklida olishi mumkin.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga BRB’ning istalgan bank xizmatlari markazlariga murojaat qilgan holda, ushbu bankda hisobvaraq ochish orqali yoki boshqa bankdagi hisobvaraqqa pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Omonatlarni kafolatlash agentligi ma’lum qilishicha, kompensatsiya to‘lash ertaga, 29-yanvar kunidan boshlanadi.

«Yangi bank»da 200 mln so‘mdan oshiq pulga ega omonatchilarning pullari bank aktivlarini sotishdan tushgan mablag‘lar orqali to‘lab beriladi. Bu esa qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

«Avval Iqtisod» ko‘rsatuvida iqtisodchi Otabek Bakirov «Yangi bank»ning yopilishi omonatchilar uchun signal ekani haqida aytgandi. 

«Omonatchilar tushunishi kerak. Endi avvalgidek bankka qo‘ygan pulni davlat kafolatlaydi degan narsa yo‘q. Kafolat summasi — bitta bankda 200 mln so‘mgacha cheklangan. Bundan buyog‘iga omonatchilarimiz bankka qo‘ygan omonatlarini diversifikatsiya qilishi, to‘g‘ri taqsimlashi kerak», — degandi iqtisodchi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «Yangi bank»da 32 526 nafar omonatchining mablag‘lari bo‘lgan. Ulardan 32 153 tasi 200 mln so‘mdan kamroq pulni ushbu bankda saqlagan.

Qolgan 373 ta omonatchi esa «Yangi bank»ka kafolatlangan miqdor — 200 mln so‘mdan ko‘proq pulni omonatga qo‘ygan.

Teglar

Mavzuga oid