add

Tojikistonda paxta inqirozi: fermerlar kasodga uchramoqda

10.09.2025 | 19:00261610

Avval mahalliy hokimiyat fermerlarni ko‘proq paxta ekishga majbur qilgan edi, endilikda esa hosilni topshirishga joy topilmayapti.

Tojikistonda paxta inqirozi: fermerlar kasodga uchramoqda
Tojikiston fermerlari yig‘ib olingan paxtaning 1 kilogrammini 6–6,5 somoniydan (8000 – 8500 so‘m atrofida) sotishga majbur bo‘lmoqda, bu esa hosilning tannarxidan ancha past. Ishlab chiqaruvchilar sohani davlat yordamisiz zararga ishlayotganini ta’kidlamoqda. Xamadoni tumanidagi fermerlar paxta hosilini realizatsiya qilishda jiddiy muammolar yuzaga kelganini ma’lum qilishdi. Ularning aytishicha, bahorda mahalliy hokimiyat yerlarni faqat paxta bilan to‘ldirishni buyurgan, biroq hosil yig‘ilgandan so‘ng tumandagi paxta tozalash zavodlari ishlamay qolgan. Natijada hosilni topshirishga joy bo‘lmayapti. Ba’zi ishlab chiqaruvchilar xaridorlarni qo‘shni hududlardan izlashga majbur bo‘lmoqda. U yerda paxta kilogrammi 6 – 6,5 somoniydan qabul qilinadi. Biroq fermerlar ta’kidlashicha, bunday narxda ular zarar ko‘rishadi. «Agar kamida 10 somoniydan (13 ming 220 so‘m atrofida) sotmasak, kasodga uchraymiz. Hosilning tannarxi juda yuqori», – deydi paxtakorlardan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, paxta yetishtirish xarajatlari gektariga 10–12 ming somoniyni tashkil qiladi. Bunday vaziyat na faqat Xamadonida, balki Tojikistonning boshqa paxtakor hududlarida ham kuzatilmoqda. Fermerlar katta zarar ko‘rayotgani sababli ijtimoiy tarmoqlarda hukumatdan yordam so‘rab videomurojaat ham joylashtirishgan.   Qog‘ozda erkinlik, amalda majburiyat Amalda fermerlar hokimiyatning «tavsiyalari»ni bajarishga majbur bo‘lishmoqda. Ya’ni paxta ekish ixtiyoriy emas, balki majburiy tus olgan. Paxtadan voz kechib, ko‘proq daromad keltiradigan ekinlarni tanlash esa fermerlar uchun yer ijarasini uzaytirish yoki kredit olishda jiddiy to‘siqlar yuzaga keltirmoqda. Fermerlar turli hududlarda shikoyat qilmoqda: hatto g‘alla yoki sabzavot ekish ko‘proq foyda keltiradigan yerlarda ham ular paxta ekishga majbur qilingan. Natijada ishlab chiqaruvchilar zarar ko‘rishmoqda, paxta esa sotish qiyin bo‘lgan mahsulotga aylanmoqda.   Vositachilar yutyapti, fermerlar yutqazyapti 2025 yilda paxtaning o‘rtacha xarid narxi kilogrammiga 6–6,5 somoniyni (8000–8500 so‘m atrofida) tashkil etmoqda, holbuki tannarx 7–8 somoniyga (9 250-10 576 so‘m) teng. Paxta teruvchilarga haq to‘lash xarajatlari qo‘shilganda umumiy sarf yanada ortib, paxtachilik zararli sohada qolmoqda. Jahon bozorida esa paxta kilogrammiga 1,5–1,6 dollardan (ya’ni 15–16 somoniy) baholanmoqda. Biroq tojikistonlik fermerlarning ushbu bozorlarga chiqish imkoniyati yo‘q, chunki mavjud xarid tizimi ishlab chiqaruvchilardan ko‘ra vositachilarning manfaatiga xizmat qilmoqda. «Subsidiyalar joriy etilmasa va xarid narxlari oshirilmasa, fermerlar paxtachilikni rivojlantira olmaydi. Amaldagi tizim vositachilarni qo‘llab-quvvatlayapti», – deya ta’kidlaydi iqtisodchi Farrux Saidov.   Qo‘shnilar tajribasi O‘zbekistonda davlat paxtachilikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir kilogramm uchun qo‘shimcha 2,1 somoniy subsidiya to‘laydi. Bu chora paxta yetishtirish va terimni ancha jozibador qilayapti. Tojikistonda esa vaziyat mutlaqo boshqacha: terimchilar kilogrammiga atigi 1,5 somoniy (1983 so‘m) oladi, holbuki qurilish sohasida kuniga 200 somoniygacha (264 ming so‘m atrofida) topish mumkin.Bu farq terimchilarning ishtiyoqini pasaytiradi va ishchi kuchi tanqisligini kuchaytiradi. Mutaxassislar fikricha, paxtachilikdagi inqirozni  faqat kompleks islohotlar bilan yengib o‘tish mumkin. Eng asosiysi, subsidiya tizimini joriy etish, ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, majburiy ekish amaliyotidan voz kechish va fermerlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorga chiqish imkonini beruvchi mexanizmlarni yaratish zarur.   Strategiya qog‘ozda, amalda esa зарар Tojikiston Respublikasining 2024–2040 yillarga mo‘ljallangan «Paxta yetishtirish, qayta ishlash va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish milliy strategiyasi» fermerlar uchun qator chora-tadbirlarni nazarda tutadi. Rejaga ko‘ra, imtiyozli kreditlar, grantlar va subsidiyalarni kengaytirish, shuningdek soliq imtiyozlarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Fermerlar zavodlarda paxta qabul qilish jarayonida ishtirok etishi, narx shakllanishida o‘z manfaatlarini himoya qilishi kerak. Shuningdek, strategiyada paxta-to‘qimachilik assotsiatsiyasini tashkil etish, mutaxassislarni qayta tayyorlash, agrarlarni xorijda stajirovkalarga yuborish va xorijiy ekspertlarni jalb etish belgilangan. Alohida e’tibor qishloq xo‘jaligi texnikasini yangilash va yangi agrotexnologiyalarni joriy etishga qaratilgan. Ammo amalda fermerlar bu choralarni his qilmayapti. Ularning aytishicha, hozircha hech qanday qo‘llab-quvvatlash sezilmayapti va ular kasodga uchrashmoqda.   O‘zbekistonda terimchilar qancha olyapti? O‘zbekistonda o‘tgan yili paxtaning har bir kilogrammiga 1500 so‘m atrofida to‘langan. Lekin bu terimchilarga qiyinchiliklar tug‘dirgani va ularni moliyaviy rag‘batlantirish maqsadida 2500 so‘mdan qilib oshirilgan. Klaster uchun ajratilgan 3,5 trln so‘mlik subsidiya esa natija bermagan. 2025 yilda esa vazirlik qo‘lda terilgan paxta uchun 2000 so‘m tavsiyaviy narx belgiladi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari har bir kilogramm paxtaga qo‘shimcha 1000 so‘mdan berishlari kerak. (Maqola tarjima qilinib, qayta ishlandi).

Teglar

Mavzuga oid