add

To‘rt milliarder yarim Afrika aholisidan boyroq. Demokratiya kimning xizmatida?

10.07.2025 | 20:2037644

Oxfam'ning yangi hisobotiga ko‘ra, Afrikaning to‘rt nafar eng boy shaxsi 57,4 milliard dollarlik boylikka ega bo‘lib, qit’a aholisining yarmidan ko‘ra ko‘proq moliyaviy imkoniyatga ega. Bu tengsizlik demokratiya rivojiga to‘sqinlik qilmoqda, deyiladi hisobotda.

To‘rt milliarder yarim Afrika aholisidan boyroq. Demokratiya kimning xizmatida?
Oxfam tashkiloti e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Afrikaning to‘rt nafar milliarderi 750 millionlik aholining yarmiga teng boylikka ega. Ular qo‘l ostidan jami 57,4 milliard dollar mablag‘ni boshqaradi. Bu muammo Afrikada o‘sib borayotgan ijtimoiy tengsizlikning yorqin ko‘rsatkichi sifatida baholanmoqda. 2000 yilda Afrikada birorta ham milliarder bo‘lmagan. Bugunga kelib esa 23 nafar milliarderning jami boyligi 112,6 milliard dollarga yetgan. Ular so‘nggi besh yil ichida o‘z boyligini 56 foizga oshirishga muvaffaq bo‘lgan. Afrika aholisining 5 foizi qit’a boyligining 4 trillion dollarini nazorat qilmoqda — bu qolgan aholining umumiy boyligidan ikki barobar ko‘p. Hisobotda qayd etilishicha, dunyodagi eng noteng 50 davlatdan yarmi Afrikada joylashgan. Afrikada boylar uchun soliq siyosati yengil va adolatsiz shakllangani, progressiv soliqlardan yetarlicha foydalanilmayotgani tanqid qilingan. Agar qit’adagi eng boy 1 foiz aholiga 1 foiz boylik solig‘i va 10 foiz daromad solig‘i qo‘llanilsa, yiliga 66 milliard dollar yig‘ilishi mumkin. Bu mablag‘ Afrikadagi barcha bolalar uchun bepul ta’lim va barcha aholi uchun elektr ta’minotini moliyalashtirishga yetarli bo‘ladi. Bundan tashqari, har yili qit’adan 88,6 milliard dollar noqonuniy moliyaviy oqimlar orqali yo‘qolib ketmoqda. Bu ham resurslar noqonuniy yo‘llar bilan boylar qo‘lida jamlanishini ko‘rsatadi. Eng boy afrikaliklar ro‘yxatida Nigeriyalik Aliko Dangote ($23,3 mlrd), Janubiy Afrikadan Yoxan Rupert va Niki Oppengeymer, shuningdek, Misrlik Nassef Saviris kabi milliarderlar bor. Oxfam ta’kidlashicha, tengsizlik faqat iqtisodiy emas, balki siyosiy tizimga ham ta’sir qilmoqda. Qimmatbaho saylov xarajatlari va ovoz sotib olish holatlari, ayniqsa Nigeriya kabi davlatlarda demokratiya imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda.

Teglar

Mavzuga oid