add

Toshkent aviatsiya zavodi nega yopilgan? — Ismoil Jo‘rabekov xotiralaridan

30.09.2025 | 17:2037958

Toshkent aviatsiya zavodi qudratli yillarida hajmi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Ammo SSSR parchalanishi bilan vaziyat butunlay o‘zgardi. Sobiq qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, marhum Ismoil Jo‘rabekov esa uning yopilishi Islom Karimov qarori bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan.

Toshkent aviatsiya zavodi nega yopilgan? — Ismoil Jo‘rabekov xotiralaridan
Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi (TAPOiCh) O‘zbekiston sanoati tarixida alohida o‘rin tutgan yirik korxona edi. Zavodning ildizi 1932 yilda Moskva yaqinida tashkil etilgan remont zavodidan boshlanadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida, 1941 yil oxirida korxona Toshkentga evakuatsiya qilindi va 1942 yildan boshlab poytaxtda samolyot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shu tariqa aviatsiya zavod Markaziy Osiyodagi eng yirik mashinasozlik majmuasiga aylandi. Zavodda turli davrlarda mashhur samolyotlar ishlab chiqarildi: Lisunov Li-2, Il-14, An-12, An-22 «Antey», Il-76 va Il-78 transport uchoqlari hamda yo‘lovchi Il-114. Ayniqsa, Il-76 dunyoga mashhur bo‘lib, 1980-yillar o‘rtalarida harbiy-transport aviatsiyasining asosiy samolyotiga aylandi. Toshkentda jami 900 dan ortiq Il-76 ishlab chiqarilgan, ulardan 100 dan ortig‘i eksport qilingan. Shuningdek, Kiyevda ishlab chiqarilgan «Ruslan» va «Mriya» uchoqlarining qanotlari ham Toshkentda tayyorlangan. TAPOiCh o‘zining qudratli davrida 55–70 ming ishchiga ega bo‘lib, hajmi bo‘yicha dunyodagi «Airbus», «Boeing» va «Lockheed»dan keyin to‘rtinchi o‘rinda turardi. Sobiq Ittifoqda esa eng yirik aviatsiya zavodi sifatida tanilgan.  Zavodni ko‘rgan odamlar «darvoza ochilishi bilan katta ko‘cha bo‘ylab o‘tadigan tramvayning elektr simlari yerga tushirilardi, samolyot zavod eshigidan mag‘rur chiqib kelar edi…», deb eslashadi. Ammo SSSR parchalanishi bilan vaziyat keskin o‘zgardi. Buyurtmalar kamaydi, ehtiyot qismlar ta’minoti qimmatlashdi, litsenziya va sertifikat muammolari yuzaga chiqdi. 2000-yillarda Rossiya bilan Xitoyga «Il-76» sotish bo‘yicha kelishmovchilik TAPOiChning iqtisodiy imkoniyatlarini yanada chekladi. Bu masala yuzasidan o‘z davrida mashhur davlat arbobi Ismoil Jo‘rabekov ham ochiq fikr bildirgan. U 2025 yil 28-sentyabr kuni 94 yoshida vafot etdi. Uni xotirlar ekan, jurnalist Ilyos Safarov Jo‘rabekovning Toshkent aviatsiya zavodi yopilishi haqida aytgan so‘zlarini eslab o‘tdi:
«SSSR yo‘q bo‘lar ekan, barcha zavod, fabrikalar taqataq to‘xtagandi. Lekin shuniyam aytishim kerak, Islom Karimovning aybi bilan Toshkent aviatsiya zavodi O‘zbekistondan ketdi. Faqat uning aybi bilan. Ruslarning bu zavodni Toshkentdan olib ketish niyati yo‘q edi. Karimov nima sababdan bu zavodni yoptirib yuborganini hali ham tushunmayman. Rossiyadagilar keldi va zavodning 51,5 foizi Rossiyaniki, 49,5 foizi sizniniki bo‘ladi, dedi. Karimov rozi bo‘ldi. Ammo 15 kun o‘tmay, hech kimga hech narsa demasdan, zavodni taqataq yopib tashladi. Bu zavodda 70 ming odam ishlardi, O‘zbekiston iqtisodiyotining deyarli 20 foizini shu zavod tortardi. Zavod har oyda 3 ta samolyot chiqarardi, bu hazil ko‘rsatkich emas».
Jo‘rabekovning fikricha, Karimovni kimdir yo‘ldan urgan, chunki bunday gigant sanoat maskani na O‘zbekistonda, na butun Markaziy Osiyoda boshqa yo‘q edi. Rossiyaliklarning ham bu qarordan jahli chiqqan, hamma uskuna va stanoklar Rossiyaga olib ketilgan, zavodning Andijon va Farg‘onada ham filiallari mavjud bo‘lgan. Natijada 2010 yilda TAPOiCh rasman bankrot deb e’lon qilindi. 2012 yilda «Toshkent mexanik zavodi» deb qayta nomlandi, 2015 yildan «O‘zbekiston temir yo‘llari» tarkibiga qo‘shildi. 2019 yildan boshlab zavod maydonining bir qismida «Texnopark» barpo etildi. Hozir u yerda maishiy texnika, lift, konditsioner va boshqa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Chkalov nomidagi TAPOiCh o‘z davrida butun dunyo bo‘yicha mashhur bo‘lgan sanoat markazi edi. U yuzlab samolyotlarni ishlab chiqardi, minglab odamlarni ish bilan ta’minladi va O‘zbekistonni global aviatsiya xaritasiga kiritdi. Lekin mustaqillikdan keyingi siyosiy qarorlar, geosiyosiy bosim va iqtisodiy muammolar uning tugashiga olib keldi.

Teglar

Mavzuga oid