Toshkent bekatlaridagi do‘konlar taqdiri, suv tanqisligi xavfi va «metan zapravkalar»ga cheklov — 4-mart dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Metan zapravkalar» faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
Havo harorati pasayishi sababli 4-mart kuni soat 19:00 dan 5-mart kuni soat 10:00 gacha «metan zapravkalar» faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritiladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
«Respublika hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi natijasida tabiiy gazga bo‘lgan talab oshdi. Shu bois magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi kuzatilmoqda. Shunday hollarda birinchi navbatda aholi xonadonlari, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan, bugun, 4-mart kuni soat 19:00 dan 5-mart kuni soat 10:00 gacha Respublikamizdagi «metan zapravkalar» faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi», - deyiladi xabarda.
Vazirlikka ko‘ra, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi va jamoat transport vositalari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda ta’minlanadi.
Keyingi uch oyda O‘zbekiston iqtisodiyoti qanday o‘sadi?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi prognoziga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi yillik hisobda 7–7,2 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Prognoz dinamik faktor modeli asosida tayyorlangan bo‘lib, iqtisodiy faollikni aks ettiruvchi 35 ta asosiy oylik va haftalik ko‘rsatkich tahlil qilingan. Tahlillarga ko‘ra, o‘sishga asosiy hissani ishbilarmonlik faolligi, pul-kredit va moliya tizimi, bank operatsiyalari, sanoat ishlab chiqarishi hamda chakana savdo qo‘shadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishda ishbilarmonlik faolligi 3,1 foiz band, moliya sohasi 1 foiz band, bank tranzaksiyalari 0,9 foiz band, sanoat ishlab chiqarishi 0,6 foiz band va chakana savdo 0,3 foiz band hissa qo‘shishi mumkin. Shuningdek, mashinali o‘qitish usullari va internet qidiruv so‘rovlari tahlili ham o‘sish 7,2 foiz atrofida bo‘lishini ko‘rsatgan. Ma’lumot uchun, 2025 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sgan edi.
Toshkentda avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanadi
Toshkentda jamoat transporti bekatlari hududida joylashgan savdo obyektlarini bosqichma-bosqich olib tashlash rejalashtirilmoqda. Tekshiruvlar natijasida bekat majmualarida jami 110 ta savdo nuqtasi faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan. Ularning 61 tasi bekat hududidan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan.
Shahar ma’muriyatiga ko‘ra, bekatlar bosqichma-bosqich yangilanadi. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarning savdo nuqtalarini esa boshqa joyga ko‘chirish va kompensatsiya berish mexanizmini joriy etish rejalashtirilgan.
Markaziy Osiyoda sug‘orish suvi zaxiralari kam bo‘lishi mumkin
Markaziy Osiyo mamlakatlari kelgusi vegetatsiya mavsumiga o‘tgan yilga nisbatan kamroq suv zaxirasi bilan kirib kelmoqda. Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Amudaryo va Sirdaryo havzalarida suv oqimi me’yordan past qayd etilgan. Amudaryo havzasida suvlilik 66,8 foizni tashkil etgan bo‘lib, bir yil avval bu ko‘rsatkich 101,8 foiz edi. Bu holat Tuyamo‘yin suv omboridagi zaxiralar kamayishiga ham ta’sir qilgan.
Sirdaryo havzasida vaziyat nisbatan barqaror bo‘lsa-da, umumiy ko‘rsatkichlar ko‘p yillik me’yordan past. Havzaga 10 255 mln kub metr suv kelib tushgan bo‘lib, bu me’yorning 87 foiziga teng. Norin–Sirdaryo kaskadi suv omborlaridagi umumiy zaxira 16 774 mln kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 2 511 mln kub metrga kamaygan. Mutaxassislar bu holat kelgusi mavsumda sug‘orish suvi tanqisligi ehtimolini oshirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.





