Toshkentda kanalizatsiya suvi kanalga oqizilgani yuzasidan tekshiruv boshlandi
Holat bo‘yicha suv namunalari olinib, laboratoriya tekshiruvlari olib borilmoqda.
© ekologiya qo'mitasiAvvalroq, poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi «Better Best» MCHJ qurilish hududida kanalizatsiya quvuri yorilib ketgani sababli yerning cho‘kishi va o‘pirilishi haqida xabar bergan edik. Aniqlanishicha, quvurdan chiqqan oqova suvlar Salar kanaliga oqizilgan. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Akmal Rasulov boshchiligida tezkor ishchi guruh tuzilib, voqea joyida o‘rganish ishlari olib borildi.
Tekshiruv davomida oqova suvlar Salar kanaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqizilgani aniqlangan. O‘rganishlarga boshqarmaning Atrof-muhit monitoringi, iqlim o‘zgarishiga moslashish va gidrometeorologiya yo‘nalishidagi tahliliy laboratoriyasi mutaxassislari hamda Yakkasaroy tumani ekologiya nazorati inspeksiyasi davlat inspektorlari jalb etilgan.
Shuningdek, kanal suvidan namunalar olinib, laboratoriya tahliliga yuborilgan. Tahlil natijalari hamda o‘rganish yakunlariga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish talablari buzilgani tasdiqlansa, aybdorlarga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘riladi.
Ekologiya boshqarmasi qo‘shimcha ma’lumotlar o‘rganish ishlari yakunlangach e’lon qilinishini bildirdi.





