
Toshkentdagi «pulli parkovkalar»ni bekor qilish bo‘yicha jamoaviy murojaat yaratildi. Aksar faollar bunga qarshi
Rasul Kusherboyev Toshkentdagi «pulli parkovkalar»ni bekor qilish tashabbusini ilgari surdi, ammo faollar bu muammoning yechimi emasligi, aksincha tizimni takomillashtirish va «parkovkalar»ni ko‘paytirish kerakligini ta’kidlamoqda.

Ekologi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev Toshkentda yo‘l chetlarini bo‘yab qo‘yib, «pulli parkovka»ga aylantirish uchun asos bo‘lgan qarorni bekor qilish haqida jamoaviy murojaat tayyorlab, «Mening fikrim» portaliga joylashtirdi. Bu haqda uning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
«O‘ylaymanki, bu ko‘pchilikni befarq qoldirmaydi. Jamoaviy murojaatimiz moderatorlar tomonidan ma’qullansa bo‘ldi, ovoz yig‘ib bekor qilishining qonuniy imkoniyati paydo bo‘ladi», - deya yozgan u.
Lekin boshqa ijtimoiy tarmoq faollari bunga qarshi fikr bildiryapti, ular «pulli parkovkalar» Toshkentga suv va havodek zarurligini aytmoqda.
Toshkent mashinalar kollapsi ostonasida turibdi
"Tasnif group" asoschisi, jurnalist Laziz Hamidovga ko‘ra, Londonda ham, Oslo va shu kabi boshqa Yevropa davlatlarida ham Toshkentdagidek odamlar mashinasini bemalol yo‘l chetiga qo‘yib keta olmaydi. Avtoturargohlar kerak, faqat takomillashtirish kerak, xolos.
«Xo‘p, hozircha faqat pul topishgina maqsad qilingan «pulli parkovka»lar joriy qilindi. Men doim ulardan foydalanaman. Tablichkalar qo‘yilgan, maxsus ilovalar yaratilgan — ya’ni pul yig‘ish tizimi ishlayapti. Ammo haydovchilar uchun haqiqiy qulaylik yo‘q. Masalan, shahar markazlarida ohak yordamida chiziqlar chizishgan, u bir haftada o‘chib ketadi. Hozir borsangiz yarmi o‘chib ketgan, juda xunuk holatda. Xorijdagi safarlarimda boshqacha manzarani ko‘rganman: asfaltdan bo‘rtib chiqadigan belgilar qilishgan. Asfaltdan bo‘rtib chiqarib chiziq qilingan joylarga sariq kraska bilan chizib chiqishgan. Har bir chiziq, har bir belgi shunday ishlanganki, haydovchi ham, piyoda ham o‘zini xavfsiz his qiladi», -deydi u.
Jurnalist tashkil etilgan «pulli parkovkalar» ortidan pul topayotgan tashkilotlar va insonlar nega ularning sifatiga qayg‘urmayotgani haqida savol qoldirdi.
Laziz Hamidovning ta’kidlashicha, Toshkentda parkovkalar juda kam, yetmaydi aholiga. Masalan, 5 million aholi yashadigan megapolislarda 10 qavatli parkovkalar bor: 5 qavat yer tagida, 5 qavat yer ustida. Agar davlat jamoat transportlarini rivojlantirmoqchi bo‘lsa, prioritetni jamoat transportiga beradigan bo‘lsa ko‘proq avtomobil turar joylari qurilishi kerak, pulli yo‘llar bo‘lishi kerak, avtobus uchun maxsus yo‘llar ajratilishi lozim. «Toshkentga mashina sig‘mayapti. Biz shunga yetib keldik», - deya yozgan u.
«Pulli parkov»ga joriy etilishga joriy etildi-yu, ammo Toshkent shahar hokimi parvo qilmayotgan, e’tibor bermayotgan va o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘lgan yana bir muammo bor: men haligacha tushunmayman, nega davlat Toshkent shahridagi tijoriy qurilishlarni parkovkalardan ustun qo‘yadi? Toshkent mashinalar kollapsi ostonasida turibdi. Shunga qaramasdan, nima uchun hokimyat har bir tumanning har bir burchagi, har bir markazida o‘nlab, yuzlab tizimli parkovkalarni qurishni yo‘lga qo‘ymayapti? Nega 5-10 yil avval aynan parkovkalar uchun ajratilgan hududlar endilikda biznes markaz, ofislarga ajratib bervorildi, nega parkovkalarning o‘rnida tijoriy binolar qurildi? Mana shu hokimiyat uchun katta savol va men uchun jumboq bo‘lib qolayotgan masala!», - deya yozgan «Tasnif group» asoschisi.
Tizimni butunlay bekor qilish muammoni hal qilmaydi
Bloger Zafarbek Solijonovning yozishicha «pulli parkovka»lar — bu pul yig‘ish usuli emas, tartib o‘rnatish
tizimi.
«Oldin shahar markazida mashinani to‘xtatishning iloji yo‘q edi: kimdir ikki qatordan qo‘yar, kimdir piyodalar yo‘lagini to‘sib qo‘yar, yana kimdir mashinasini svetoforda qoldirib ketardi. Hozir esa parkovka joylari aniq belgilanmoqda, har bir chiziq YHXX, hokimlik va boshqa mutasaddi idoralar bilan rasmiy kelishiladi. Ya’ni hech kim o‘zi xohlab chizmaydi — bularning orqasida hujjat, loyiha va xavfsizlik tahlili yotadi», -deb tushuntirgan u.
Zafarbek Solijonovga ko‘ra, bu tizimda kamchiliklar yo‘q emas — ayrim joylarda belgilar yetarli emas, to‘lov tizimi qulaylashtirilishi kerak, bu haqiqat. Ammo tizimni butunlay bekor qilish muammoni hal qilmaydi.
«Eng to‘g‘ri yo‘l — takomillashtirish, tartibni saqlagan holda qulaylikni oshirish, deb bilaman. Shu bilan birga, piyodalar yo‘li bo‘lgan joylar o‘zboshimcha parkovka qilingan, qonunning o‘zidayam biroz kamchiliklar bor, takomillashishi kerak deb bilaman», - degan bloger.





