
Trampning og‘zidan ilk bor Rossiya «agressor» degan jumla chiqib ketdi
16.09.2025 | 09:009205
AQSH prezidenti avval Ukrainaga bosqin amalga oshirgan Rossiyani tanqid qilishdan tiyilib kelayotgan edi. Endi u keskin bayonot bilan chiqdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp birinchi marta Rossiyani Ukrainaga qarshi urushda rasman «agressor» deb atadi. Bu Moskvaga nisbatan uning pozitsiyasi tobora keskinlashayotganini ko‘rsatadi.
Politico nashrining yozishicha, Tramp yakshanba kuni jurnalistlar oldida chiqish qilib, joriy haftada Ukraina va Rossiya tomonidan jami 8000 nafar askar halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
«Rossiyada yo‘qotishlar ko‘proq. Ammo sen agressor bo‘lsang — yo‘qotishlaring ham ko‘proq bo‘lishi tabiiy», — degan Tramp.Bu bayonot shu bilan ahamiyatliki, Tramp avvalgi chiqishlarida Rossiyani qoralashdan ehtiyot qilib kelgan edi. 2024 yil fevral oyida AQSH rasman Rossiya va Shimoliy Koreya tomonini olgan va BMTning Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash hamda Rossiyani qoralash haqidagi rezolyutsiyasini rad etgandi. Shuningdek, AQSH G7 guruhi tomonidan Rossiyani agressor deb atash taklifiga ham qarshi chiqqan. Aprel oyida esa Tramp urushda Ukrainani ayblab, «20 baravar kuchliroq dushman bilan urush boshlash va keyin odamlardan raketa so‘rash — aqlli odamning ishi emas» degan edi. Biroq yoz oylaridan beri Trampning Kremlga bo‘lgan munosabati o‘zgardi. Uning ma’muriyati Vladimir Putinni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara stoliga o‘tkazishga urinmoqda, lekin Kreml bu sa’y-harakatlarni javobsiz qoldirmoqda.
«Men yettita urushni to‘xtatganman. Bu urush men uchun oson kechadi, deb o‘ylagandim. Lekin bu o‘ta murakkab bo‘lib chiqdi. Zelenskiy va Putin bir-birlarini juda yomon ko‘rishadi», — dedi Tramp.Uning ta’kidlashicha, Putin bilan muzokaralar o‘tkazish harakatlari samara bermayotgani bois, AQSH ma’muriyati ichida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish talabi ortib bormoqda. Tramp buni amalga oshirish niyati borligini aytdi, ammo shunda ham bajarib bo‘lmas shartni ilgari surdi: avval NATO davlatlari Rossiya neftidan voz kechishi va o‘z sanksiya siyosatini kuchaytirishi kerakligini ta’kidladi.
«Yevropaliklar — do‘stlarimiz. Lekin ular hali ham Rossiya neftini xarid qilmoqda. Men ularning shunday qilishini istamayman. Qo‘yilayotgan sanksiyalar yetarlicha qat’iy emas», — dedi u.Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida Rossiya energiyasiga eng katta talab Vengriya va Slovakiya tomonidan saqlanmoqda. Ular YeIning importni bosqichma-bosqich to‘xtatish rejasiga qarshi chiqmoqda.





