Tug‘ilish kam, ajralishlar ortmoqda: O‘zbekistonda demografik manzara qanday?

26.02.2026 | 16:554 daqiqa

Yil boshida O‘zbekiston aholisi 38 mln 236 ming kishiga yetdi, ammo demografik ko‘rsatkichlarda salbiy o‘zgarishlar kuzatildi: tug‘ilishlar kamaydi, nikohlar qisqardi, ajralishlar va o‘limlar esa oshdi.

Tug‘ilish kam, ajralishlar ortmoqda: O‘zbekistonda demografik manzara qanday?

2026-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 38 mln 236 ming kishini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 foizga ko‘p.

Tug‘ilganlar va vafot etganlar

2025-yil yanvar–dekabr oylarida tug‘ilganlar soni 879,6 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, vafot etganlar 177,1 ming nafarni tashkil etdi. Natijada tabiiy o‘sish 702,5 ming kishiga teng bo‘ldi.

demografiya 01

Xususan, 2025-yildagi tug‘ilishlar soni 2024-yilga nisbatan 46,8 mingtaga (5,1 foizga), 2023-yilga nisbatan esa 82,4 ming kishiga (8,5 foizga) kamaygan. Ya’ni tug‘ilishlar ketma-ket ikkinchi yil qisqarmoqda.

«2025-yildagi pasayishni farzand ko‘rish yoshidagi avlodlarning oldingi avlodlarga nisbatan kamroqligi yoki odamlarning kamroq farzand ko‘rish bo‘yicha qarorlari ko‘proq tushuntirib berishi bo‘yicha xulosa qilish qiyin», — deya holatni iqtisodchi Mirkomil Xolboyev baholamoqda.

demografiya 02

2025-yilda tug‘ilish kamaygan tumanlar soni so‘nggi 15 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Yil davomida 179 ta tuman va shaharda tug‘ilish pasaygan. 2024-yilda esa bunday hududlar soni 155 ta edi.

Tug‘ilish kamaygan tumanlarda jami 48,4 mingta bola kam tug‘ilgan. Bu hududlar umumiy tug‘ilishlarning 90 foizini tashkil etgan. Aksincha, tug‘ilish oshgan 25 ta tumanda 1 722 taga ko‘payish qayd etilgan.

Taqqoslash uchun, 2024-yilda tug‘ilish oshgan tumanlarda o‘sish 9 mingtani tashkil etgan va ular umumiy tug‘ilishlarning 24 foiziga to‘g‘ri kelgan. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich 8,6 foizni tashkil etdi.

2025-yilda tug‘ilish eng ko‘p oshgan hududlar — Tomdi (10,4 foiz), So‘x (5,6 foiz) va Sergeli (5,2 foiz) bo‘ldi.

Eng katta pasayish esa Xonobod shahri (-28,5 foiz), Bektemir (-26,4 foiz) va Yakkasaroy tumanida (-20,4 foiz) kuzatildi. Shuningdek, 27 ta tumanda tug‘ilish 10 foizdan ortiq kamaygan, 105 ta tumanda esa pasayish 5 foizdan yuqori bo‘lgan.


O‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ilmoqda

2025-yilda 454,7 mingta o‘g‘il bola (jami tug‘ilganlar soniga nisbatan 51,7 foiz), 424,9 mingta qiz bola (48,3 foiz) tug‘ilgan.

demografiya 03

Bunda respublika bo‘yicha har 100 nafar qiz bolaga 107 nafar o‘g‘il bola to‘g‘ri keladi. 2024-yilda esa o‘rtacha har 100 ta qizga 107,3 ta o‘g‘il bola tug‘ilgan edi.

Viloyatlar kesimida eng yuqori nomutanosiblik Qashqadaryo viloyatida qayd etildi. Bu hududda har 100 ta qizga 108,9 ta o‘g‘il bola tug‘ilgan (2024 yilda bu ko‘rsatkich 110,4 ta bo‘lgan).

Eng past ko‘rsatkich esa Navoiy viloyatida kuzatilgan — bu yerda har 100 ta qizga 105 ta o‘g‘il bola to‘g‘ri kelgan, bu taxminan tabiiy darajaga yaqin.

Tuman va shaharlar kesimida eng yuqori nomutanosiblik Qorovulbozor (har 100 ta qizga 128,5 ta o‘g‘il bola), Shumanay (118,7 ta) va Qorao‘zak (117,3 ta) tumanlarida qayd etilgan.

Aksincha, o‘g‘il bolalar nisbatan kam tug‘ilgan hududlar ham bor. Masalan, Nukusda har 100 ta qizga 87,5 ta o‘g‘il bola to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, Qanliko‘l (96,5 ta) va Buxoro (97,3 ta) tumanlarida ham o‘g‘il bolalar ulushi nisbatan past bo‘lgan.


demografiya 04

2025-yilda 146 ta tuman va shaharda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar soni har 100 ta qizga nisbatan 105 tadan yuqori bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich taxminan tabiiy daraja (105)dan yuqori hisoblanadi.

Taqqoslash uchun, 2024-yilda bunday hududlar soni 153 tani tashkil etgan edi. Ya’ni 2025-yilda o‘g‘il bolalar ulushi yuqori bo‘lgan tumanlar soni biroz kamaygan.


Vafot etganlar ko‘rsatkichi

Respublikada vafot etganlar soni 177,1 ming kishini tashkil qildi. Shundan 97,5 ming nafari erkaklar (jami vafot etganlarning 55,1 foizi), 79,6 ming nafari ayollar (44,9 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hududlar kesimida 95,7 ming holat (54,1 foiz) shahar joylarida, 81,4 ming holat (45,9 foiz) qishloq joylarida qayd etilgan.

2025-yilda vafot etganlar soni 2024-yilning mos davriga nisbatan 2,7 ming nafarga ko‘paygan.

demografiya 05

Shuningdek, iqtisodchi Mirkomil Xolboyev choraklar kesimidagi o‘lim sonini tahlil qildi. Uning qayd etishicha, 2025-yilning IV choragida 44,9 mingta o‘lim qayd etilgan, bu esa I chorakka nisbatan 3,5 mingtaga ko‘proq.


Nikohlar va ajralishlar

2025-yil yanvar–dekabr oylarida mamlakatda 267,1 mingta nikoh qayd etildi. Bu har ming aholiga 7,1 ta nikoh to‘g‘ri kelishini anglatadi. Biroq nikohlar soni 2024-yilga nisbatan 4,7 mingtaga kamaygan.

Shu davrda 46,9 mingta ajralish qayd etilgan. Har ming aholiga 1,2 ta ajralish to‘g‘ri kelgan. Ajralishlar soni esa o‘tgan yilga nisbatan 1,8 mingtaga ko‘paygan.

demografiya 06

Respublika bo‘yicha jami 267,1 mingta nikoh qayd etilgan. Shundan 132,6 mingtasi (49,7 foiz) shahar joylariga, 134,5 mingtasi (50,3 foiz) qishloq joylariga to‘g‘ri keladi. Ya’ni nikohlar soni shahar va qishloqlarda deyarli teng.

Nikohdan ajralishlar soni esa 46,9 mingtani tashkil etgan. Shundan 28,2 mingtasi (60,1 foiz) shahar joylarida, 18,7 mingtasi (39,9 foiz) qishloq joylarida qayd etilgan. Ajralishlar asosan shahar hududlarida ko‘proq kuzatilgan.


Aholi migratsiyasi

2025-yil yanvar–dekabr oylarida respublika bo‘yicha jami 252 792 kishi ko‘chib kelgan. Shundan 251 ming 633 nafari mamlakat ichidagi boshqa hududlardan, 1 ming 159 nafari esa xorijiy davlatlardan kelgan.

demografiya 07

Shu davrda jami 261 ming 750 kishi ko‘chib ketgan. Ularning 251 ming 633 nafari respublika ichidagi boshqa hududlarga, 10 ming 117 nafari esa xorijiy mamlakatlarga chiqib ketgan.

Umuman olganda, aholi soni 38,2 mln kishiga yetib, o‘sish saqlanib qolgan bo‘lsa-da, demografik jarayonlarda xavotirli tendensiyalar kuchaymoqda. Tug‘ilishlar ketma-ket ikkinchi yil kamaydi va hududlarning katta qismida pasayish qayd etildi.

Nikohlar qisqarib, ajralishlar ko‘paymoqda, tashqi migratsiyada esa ko‘chib ketganlar soni ko‘proq. Bu raqamlar demografik o‘sish sur’ati sekinlashayotganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyo aholisi 2040 yilga qadar 96 million nafarga yetishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 102

Barchasi

Mavzuga oid