
«U o‘zini zaif ko‘rsatishdan qo‘rqadi» — siyosatshunos Putinning sukuti haqida
07.06.2025 | 18:0034866
Ish haftasi yakuniga kelib, Putin hanuzgacha Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya strategik bombardimonchilarini nishonga olgan zarbalariga izoh bermadi — garchi u Tramp bilan suhbatda bu hujumlarga «javob berishni» va’da qilgan bo‘lsa-da.

Putin nima deyishni bilmayapti, deb taxmin qildi «Mojem ob’yasnit» nashri bilan suhbatda siyosatshunos, Putinning sobiq nutq yozuvchisi Abbas Gallyamov.
«U kuchli ekanligini namoyish etish kerak — zarbaga zarba bilan javob qaytarish lozim. U odamlarning oldiga chiqib, “aziz rossiyaliklar, biz shunday amaliyot o‘tkazdik va dushmanni uning inida topib yo‘q qildik”, deyishi kerak. Bu ana shunday ulkan bir xitob bo‘lishi kerak — ammo bunday g‘oya topa olishmayapti, chunki aytarli narsaning o‘zi yo‘q. Chiqib, o‘z boshidan kul ochish, intiqom va’dasini berish, musht do‘laytirish — u bunday chiqishlarini o‘zini zaif ko‘rsatish deb biladi, his qiladi. Gaplarning amaldagi ishga nisbatan qiymati qancha? Shuning uchun ham u jim qoldi».Putin odamlarning voqealarga munosabatini aynan o‘zi belgilaydi, deb hisoblaydi, deydi Gallyamov.
«U o‘zini ibtido nuqtasi deb ko‘radi, ya’ni nolinchi kilometr. Rossiyaliklar bo‘layotgan voqealarga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarashmaydi, balki Putinning bu voqeaga munosabati orqali baholaydi. Agar u chiqib biror mavzu bo‘yicha gapirsa — demak, bu muhim. Binobarin, uning imijiga zarar yetkazadigan voqeaning maqomini oshirishning nima keragi bor? Ukraina bizga zarba berdi. Agar men jim tursam — demak, bu voqeaning ahamiyati tushadi. Odamlar ham “Putin bu haqda gapirmadi-ku, demak, bunchalik ham muhim emas ekan”, degan xulosaga keladi».Aslida, bu yondashuv endi ishlamaydi, deb hisoblaydi siyosatshunos.
«Ilgari shunday edi — ammo hozir Putinning voqeaga munosabatini faqat rossiyaliklarning 25 foizi hisobga oladi, xolos. Qolgan uchdan to‘rt qism odamlar o‘z munosabatini mustaqil ravishda shakllantiradi, Putin nimani gapirishi yoki gapirmasligidan qat’i nazar. Shu ma’noda, albatta, reaksiyaning yo‘qligi rossiyaliklarning 75 foizi uchun nomaqbul ko‘rinadi. Bu hozirgi vaziyatda to‘g‘ri pozitsiya emas, chunki uning tarafdorlari guruhi qisqarib bormoqda va yarmidan ham kamroqni tashkil etadi. U tobora ozchilik uchun ishlayapti, ko‘pchilikni esa yo‘qotishda davom etmoqda. Ammo u konservativ, o‘zgarmaydi. Ilgari Surkov bilan Pavlovskiy unga «inkor etishni o‘rganish kerak», deb tushuntirishgandi. Lekin u paytda u ko‘pchilikning prezidenti edi, umidlar prezidenti edi. Hozir esa tamom, hatto uning sadoqatli tarafdorlari ham undan umid qilmaydi».Putinning eng katta xavotiri — zaif ko‘rinishdan qo‘rqishi, deydi Gallyamov.
«U biladiki, zaifni yanchishadi, talashadi. Shuning uchun ham u butun dunyodagi eng kuchli inson sifatida ko‘rinish haqida qayg‘uradi. Aslida, aynan shuning uchun uch yildan beri rossiyaliklar frontda halok bo‘layapti», deb o‘z fikrlarini muxtasar qilgan siyosatshunos.





