add

«Uch kunlik» deyilgan urush: Rossiyaning «maxsus operatsiya»si Ikkinchi jahon urushini takrorlay olmadi

Bugun 19:304 daqiqa

«Maxsus harbiy operatsiya» davomiyligi bo‘yicha Ikkinchi jahon urushidan o‘tib ketdi. Urush boshlanganiga 1418 kundan oshdi. Rossiya tarixidagi «Ulug‘ Vatan urushi» Berlinda g‘alaba bilan yakunlangan edi. Biroq, 2026 yilga kelib, Ukrainadagi urush ushbu muddatdan o‘tib ketdi-yu, ammo natijalar butunlay boshqacha bo‘lib chiqdi.

«Uch kunlik» deyilgan urush: Rossiyaning «maxsus operatsiya»si Ikkinchi jahon urushini takrorlay olmadi

11-yanvar kuni Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiyasi» davomiyligi bo‘yicha «Ulug‘ Vatan urushi» bilan tenglashdi — 1418 kun. Rossiya tarixi muqaddas va millatning mavjudligi uchun kurash deb ulug‘laydigan o‘sha urush Berlinning ishg‘ol qilinishi va natsistlar Germaniyasining taslim bo‘lishi bilan yakunlangan edi. Uch kunlik tezkor urush sifatida rejalashtirilgan hozirgi «maxsus harbiy operatsiya» esa Moskva e’lon qilgan maqsadlarning birortasini bajara olmadi.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin urushni Ukrainani «denatsifikatsiya» qilish, «demilitarizatsiya» qilish va NATOning Rossiya chegaralariga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik shiorlari ostida boshlagan edi. Oradan deyarli to‘rt yil o‘tib, manzara buning butunlay aksini ko‘rsatmoqda.

NATO nafaqat chekinmadi — aksincha, alyans kengaydi. O‘nlab yillar davomida betaraflikni saqlab kelgan Finlandiya va Shvetsiya blokka a’zo bo‘ldi. Rossiyaning NATO bilan quruqlikdagi chegarasi ikki baravarga uzaydi. Amerika qo‘shinlari hozirda Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Polshada 2022 yilning fevraliga qadar bo‘lgan davrdagiga qaraganda ko‘proq miqdorda joylashtirilgan.

«Demilitarizatsiya» natijasida dunyodagi eng jangovar tayyorgarlikka ega armiyalardan biri yaratildi. Ukraina qurolli kuchlari hech bir Yevropa armiyasida mavjud bo‘lmagan tajribaga ega bo‘ldi. Kiyev G‘arb qurol-yarog‘larini o‘zlashtirdi hamda dronlar, raketalar va elektronika ishlab chiqaruvchi o‘zining mudofaa sanoatiga asos soldi.

«Denatsifikatsiya» va siyosiy elitani almashtirish haqida endi gap ham bo‘lishi mumkin emas. Urushning ilk soatlarida Rossiya maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olinishi ko‘zda tutilgan Volodimir Zelenskiy prezidentlik lavozimini saqlab qolmoqda. Buning ustiga, muzokaralarda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari muhokama qilinmoqda; unda AQSH va Yevropa mamlakatlari kelishuvning kafillari sifatida ishtirok etmoqda va bu mexanizm Kiyevni G‘arb xavfsizlik tizimiga amalda integratsiya qiladi.

Muvaffaqiyatsizlikning bahosi

NATO hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya armiyasining talofatlari 1,15 million kishini (halok bo‘lganlar va yaralanganlar) tashkil etdi. Qariyb 400 ming kishi nogiron bo‘lib qoldi — bu Bryansk yoki Tver shaharlarida yashaydigan aholi soni bilan barobar demakdir. Urush rossiyalik soliq to‘lovchilarga 42,3 trillion rublga tushdi.

«Demografik jihatdan yomonroq, texnologik jihatdan yomonroq. Rossiyada yaxshilangan yoki kuchliroq bo‘lgan birorta ham jihat mavjud emas. Barcha parametrlar bo‘yicha u zaiflashdi», - deydi harbiy ekspert Pavel Luzin.

Hatto rasmiy harbiy maqsadlarga ham erishilmagan. Rossiya armiyasi hamon Kreml 2022 yilda anneksiya qilgan to‘rtta hududning birortasini ham to‘liq nazorat qilmayapti. O‘tgan yil davomida qo‘shinlar Ukraina hududining 1 foizidan kamrog‘ini egallashga muvaffaq bo‘ldi, xolos.

Mudofaa sanoatiga kiritilgan trillionlab mablag‘lar evaziga yuzaga kelgan urushning uchinchi yilidagi iqtisodiy «bum» o‘z kuchini yo‘qotdi. YAIM (Yalpi ichki mahsulot) o‘sishi deyarli nolga tushdi, sanoat ko‘rsatkichlari pasayishni boshladi, fuqarolik tarmoqlari esa retsessiyaga botdi.

Tarix saboqlari

Urushning birinchi kunida Rossiya qo‘shinlari Kiyevga uchta yo‘nalishdan hujum boshlagan edi. Rejaga ko‘ra, Gostomeldagi «Antonov» aeroportini egallash va u yerga desantlarni tushirish, shu bilan bir vaqtda zirhli texnika kolonnalarini poytaxt tomon harakatlantirish ko‘zda tutilgan edi. Biroq Ukraina qarshiligi bu rejalarni chippakka chiqardi.

«Ulug‘ Vatan urushi»ning 1418 kunidan keyin Qizil Armiya Berlinni ishg‘ol qilayotgan edi. «Maxsus operatsiya»ning shuncha kunidan keyin esa Rossiya qo‘shinlari Donbassda, 2022 yilning fevralida hujum boshlangan nuqtadan bor-yo‘g‘i 50 kilometr uzoqlikda to‘xtab qoldi.

«Bularning barchasini anglash juda qiyin. O‘xshashliklar chizish ahmoqlik, lekin bu natijalar haqida o‘ylashga majbur qiladi. Shuningdek, bularning barchasi yana necha kun, oy va yillar davom etishi hamda qanday oqibatlarga olib kelishi haqida ham o‘ylantiradi», - deb tan oladi urush tarafdori bo‘lgan «Voyennыy osvedomitel» Telegram-kanali.

Hukumatparast yozuvchi Zaxar Prilepin ham «maxsus harbiy operatsiya»ning borishidan va rasmiylarning Rossiya armiyasi muvaffaqiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatishga urinishlaridan noroziligini bildirdi. «Nihoyat, kechagi «Oreshnik» zarbasining videosini ko‘rdim. Kimdir biz qanchalik ishonchli tarzda nishonga tekkizganimizni tushuntirib berdimi? Ukraina gazining 50 foizi — ular allaqachon tugadimi? Hamma yoqdagi balandparvoz tahlillarda faqat yuz marta takrorlangan «ukrainaliklar dahshatdan aqldan ozmoqda» va «G‘arb dahshatdan aqldan ozmoqda» degan gaplarni ko‘rdim. Lekin ular o‘tgan safar dahshatdan aqldan ozib bo‘lishgan edi-ku. Ular qaytadan aqldan ozishdimi? <...> bugungi sana sharafiga biron narsani tushunib olishni xohlardim. Axir bu kunda biz nimadir tushunishimiz kerak-ku», — deya xulosa qildi yozuvchi.

Teglar

Mavzuga oid