
Ukraina kapitulyatsiyasi real xavfmi? — ekspert savollarga javob beradi
09.06.2025 | 20:00326215
Ukraina AQSH yordamisiz qoldi, Yevropada ultrao‘ngchilarning g‘alabali paradi davom etmoqda. Yaqqol misol — Polshada trampchilarning g‘alabasi. Bu esa G‘arbiy Yevropaning imkoniyatlar oynasini yanada toraytiradi. Shu tariqa, Ukraina o‘z suverenitetini yo‘q qilishni istovchi qudratli dushman bilan yuzma-yuz qolmoqda.

Xo‘sh, endi Ukrainani qanday istiqbollar kutib turibdi? Rostdan ham Tramp yaqin kelajakda Kiyevni razvedka ma’lumotlari va yangi qurol yetkazib berishdan mahrum qiladimi?
Haqqin.az nashri Ukraina atrofidagi vaziyat haqida Kanadadagi Ottava universiteti Siyosiy tadqiqotlar maktabi o‘qituvchisi, siyosatshunos Ivan Kachenovskiy bilan suhbatlashdi.
— Donald Trampning yaqinda AQSH prezidenti sifatida Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvda aytgan: «Rossiya va Ukrainaga janjal qilish imkonini berish kerak», degan bayonoti qanday siyosiy ahamiyatga ega?
— Trampning bu gapi — birinchi qarashda surbetlik va hatto provokatsion — aslida uning tinchlikparvarlik rolini o‘ynashga bo‘lgan intilishi muvaffaqiyatsizligini va «bitimlar tuzish instinkti»ning samarasizligini ko‘rsatadi. Bu Trampning tajovuzkor va jabrlanuvchini, urushni boshlagan davlat va unga qurbon bo‘lgan davlatni ajrata bilmasligini yoki ajratishni xohlamasligini ko‘rsatadi. Bunday yondashuv nafaqat Ukrainaning azob-uqubatlarini qadrsizlantiradi, balki uni ramziy ravishda Rossiya bilan tenglashtiradi. Shu orqali Tramp nizoni hal etishda bevosita ishtirok etishdan chetlanadi va mohiyatan, urush tomonlarni oxirigacha holdan toydirguniga qadar davom etsin, deb taklif qiladi.
— Trampning Vladimir Putin bilan yaqindagi telefon suhbatida qanday signallar yangradi?
— Bu suhbatda Tramp Rossiyaning, xususan, ukrain razvedkasi «O‘rgimchak to‘ri» amaliyotiga javob berish niyatiga nisbatan tushunishini bildirgan. Tramp aralashish niyati yo‘qligini anglatdi. Bu Rossiyaga urushni davom ettirish uchun muayyan erkinlik beradi, bu esa Ukraina ittifoqchilari uchun jiddiy xavotir uyg‘otadi.
— Tramp Rossiya-Ukraina nizosidan uzoqlashyaptimi? Agar shunday bo‘lsa, bundan qanday oqibatlar bo‘lishi mumkin?
— Ha, Tramp bu uzoqqa cho‘zilgan va uning ichki reytingini pasaytirish xavfini tug‘diradigan urushdan uzoqlashmoqda. Tramp Zelenskiyni AQSHni yadroviy barqudrat davlat bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv xavfiga tortayotgan siyosiy avantyurist deb hisoblaydi. Shu kayfiyatlar ortida qurol yetkazib berishni to‘xtatish va Ukrainaga razvedka ma’lumotlari uzatilishini to‘xtatish ehtimoli bor. Tramp hozirgacha Ukrainaga harbiy yordamning hech bir yangi dasturini boshlagani yo‘q. Kiyevga yetib kelayotgan barcha yordam Jo Bayden ma’muriyati tomonidan avval ruxsat berilgan qilingan. Yangi qarorlar yo‘q.
— Tramp Rossiyaning so‘nggi Moskva memorandumida belgilangan shartlarini qo‘llab-quvvatlashi ehtimoli bormi?
— Rossiya taklif qilayotgan shartlar asosan 2022 yil bahorida Istanbuldagi muzokaralarda taklif qilingan shartlarni takrorlaydi: Ukraina neytral maqomga ega bo‘lishi, xorijiy qo‘shinlarni joylashtirishdan voz kechishi, demilitarizatsiya, yadroviy quroldan voz kechish… O‘shanda Qrim va Donbass masalalari tortishuvli bo‘lib qolgan edi. 2022 yilda Rossiya hatto shimoliy mintaqalardan qisman qo‘shin chiqarishga ham rozi bo‘lgan edi. Bugun esa vaziyat ancha qat’iylashgan — Moskva to‘rt oblastdan ukrain qo‘shinlarini chiqarishni talab qilmoqda va aslida anneksiyani tan olishni talab etmoqda. Tramp Zelenskiyni tinchlikka rozi bo‘lmaslikda ayblamoqda, lekin bunday «tinchlik» narxi davlat suverenitetining yo‘qotilishi ekanini e’tibordan chetda qoldirmoqda. Agar AQSH yordami to‘xtasa, Ukraina armiyasi samarali qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin, shunda kapitulyatsiya real ssenariyga aylanadi.
— Ukraina 2024 yilda AQSH yordamining to‘xtab qolishini boshdan kechirgan, ammo o‘shanda bu halokatga olib kelmagan. Nega bugun vaziyat yanada xavfli tuyulmoqda?
— Ha, Ukraina o‘shanda ham omon qolgan, ammo katta yo‘qotishlar bilan. AQSHning harbiy yordami to‘xtagani harbiylar va tinch aholi o‘rtasida katta qurbonlarga olib kelgan. Amerika yordamisiz Ukraina pozitsiyalarini uzoq muddat saqlab tura olmaydi. Yordam yana keng ko‘lamda to‘xtatilsa, front yemirilishi mumkin. Xususan, agar Yevropa bu bo‘shliqni to‘ldirishga ulgurmasa. Ukraina kapitulyatsiyasi yoki majburiy muvaqqat kelishuvga rozilik — bu real xavf.
— Agar tashqi yordamdan mahrum bo‘lsa, Ukraina okkupatsiya qilingan hududlarni Rossiyaniki deb rasman tan olishga majbur bo‘ladimi?
— Ukrainadagi hozirgi rahbariyat ham, hatto gipotetik hokimiyat almashinuvi holatida ham anneksiyani rasman tan olishga hech kim rozi bo‘lmaydi. Biroq xalqaro amaliyotda ko‘pincha harbiy voqeliklar sharoitida de-fakto tan olish ro‘y berishi mumkin.
— Ilgari Tramp Moskvaga Ukrainaga «misli ko‘rilmagan» harbiy yordam yetkazish bilan tahdid qilgan edi. Nega hozir aksincha Kreml pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlayapti?
— Birinchidan, Tramp Ukraina urushiga Bayden siyosatining davomi sifatida qaraydi — o‘zining asosiy raqibi sifatida. U siyosiy xavfni o‘z zimmasiga olishni xohlamaydi. Ikkinchidan, AQSH Ukrainaga deyarli barcha asosiy qurollarni — tanklar, uzoq masofali raketalar, artilleriya — allaqachon yetkazib bergan. Ammo bu yetarli bo‘lmadi va Trampning so‘zlari bilan aytganda, «bu ish bermayapti». Uchinchidan, strategik ustuvorliklar muhim. Ya’ni, AQSHning Xitoy yoki Eron bilan ehtimoliy qurolli to‘qnashuvi uchun Pentagon zaxiralari kerak bo‘ladi. Ukraina Tayvan, Janubiy Koreya yoki Isroildan farqli o‘laroq, AQSHning rasmiy majburiyatlari doirasiga kirmaydi. Va, nihoyat, bu yerda Trampning Putinga bo‘lgan shaxsiy manfaati va iqtisodiy pragmatizmi ham o‘rin tutmoqda — Rossiya uning uchun foydali resurslar manbai va potensial geosiyosiy aktiv hisoblanadi.
— Shu bilan birga, Xitoy ham jiddiy tahdid emasmi? Agar Xitoy Tayvanni qamal qilsa, Tramp bu holatga qanday munosabatda bo‘ladi?
— Bu ssenariy Tramp uchun haqiqiy xavotir uyg‘otadi. Agar Xitoy Tayvanni qamal qilsa yoki hujum qilsa, bu mintaqaviy emas, balki AQSH va Xitoy o‘rtasidagi global to‘qnashuvga aylanadi. Ukrainadan farqli o‘laroq, Tayvan AQSHning to‘g‘ridan to‘g‘ri xavfsizlik kafolatlari ostida. Janubiy Koreya ham shunday. Ukrainaga esa bunday kafolatlar berilmagan. Shuning uchun Tramp ehtimol Pekinni to‘xtatishga ko‘proq e’tibor qaratadi, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga emas.
— Ammo agar AQSH Kiyevga yordamni to‘xtatsa, bu Yevropa bilan ittifoqchilik munosabatlarini izdan chiqarmaydimi? Rossiyaga boshqa mintaqalarda, masalan, Boltiqbo‘yda tajovuz oynasini ochmaydimi?
— Tramp bir necha bor AQSHning NATOdagi ishtirokini qisqartirish istagini bildirgan. U Shimoli Atlantika alyansi zarurligini shubha ostiga qo‘ygan, hatto AQSHning chiqishini muhokama qilgan. U Kanada va Yevropa Ittifoqiga qarshi savdo to‘siqlari joriy qilgan, Grenlandiyani anneksiya qilish tahdidi ham bo‘lgan. Tramp uchun xalqaro huquq — bu AQSH manfaatlariga bo‘ysunuvchi bir vosita, xolos. Shuning uchun Qrim yoki boshqa ukrain hududlarining anneksiyasi unda axloqiy norozilik uyg‘otmaydi. Masalan, u Isroilning Jo‘lan tepaliklari ustidan suverenitetini tan oldi, G‘arbiy Sahroi Kabirni Marokashning qismi deb e’lon qildi. Xalqaro me’yorlar unda faqat AQSH manfaatiga xizmat qiladigan vosita, xolos.
— Sizning so‘zlaringizdan kelib chiqsa, Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida Vashington dunyo siyosatdagi o‘z rolini butunlay qayta ko‘rib chiqishi mumkin ekan?
— Huddi shunday. Kollektiv xavfsizlikdan — izolyatsionizmga, qadriyatlardan — savdolarga o‘tish. Bu faqat ustuvorliklar o‘zgarishi emas, balki G‘arb tashqi siyosatining butun arxitekturasini qayta ko‘rib chiqish bo‘ladi. Yevropa AQSHdan qo‘llov kutmaydigan ssenariyga tayyor bo‘lishi lozim. Ukraina uchun esa bu kafolatlangan xavfsizlikning yangi formatlarini izlash zarurligini anglatadi. Menimcha, Kiyev endi bunday kafolatlarni AQSHdan kutmasligi kerak...





