add

«Ular bizning neftimizni tortib oldi»: Tramp AQSHning Venesueladagi keskin rejasini e’lon qildi

Bugun 19:185082 daqiqa

Amerika prezidenti Rojdestvo bayrami munosabati bilan xalqqa qilgan murojaatidan so‘ng, jurnalistlarga bergan intervyusida Venesuela haqida muhim bayonot berdi.

«Ular bizning neftimizni tortib oldi»: Tramp AQSHning Venesueladagi keskin rejasini e’lon qildi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Venesuela «noqonuniy ravishda olib qo‘ygan» neftni qaytarib olmoqchi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Bu blokada. Biz o‘tishga haqqi bo‘lmagan hech kimni o‘tkazmaymiz. Unutmang, ular bizning energiya resurslariga bo‘lgan barcha huquqlarimizni tortib olishdi. Yaqindagina barcha neftimizni olib qo‘yishdi va biz uni qaytarishni istaymiz. Ular buni noqonuniy yo‘l bilan amalga oshirishdi», - dedi u.

Ma’lumot uchun: dunyo bo‘yicha tasdiqlangan neft zaxiralarining qariyb 20 foizi Venesuela hissasiga to‘g‘ri keladi — bu taxminan 300 mlrd barrel. Saudiya Arabistoni, Eron va Iroqning har biriga taxminan 200 mlrd barreldan to‘g‘ri keladi. Rossiya ushbu ro‘yxatda sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi — qariyb 80 mlrd barrel yoki jahon zaxiralarining 5 foizi. AQSHning ulushi ham shunga yaqin — 74 mlrd barrel (taxminan 4 foiz).

Avvalroq, Tramp AQSH sanksiyalariga tushgan va Venesuelaga yo‘l olgan yoki u yerdan chiqayotgan barcha neft tankerlariga nisbatan to‘liq blokada joriy etilishini ma’lum qilgan edi. Respublikachi Tramp Vashington Venesuela hukumatini aktivlarni o‘g‘irlash, terrorizm, narkotrafik va odam savdosida ayblab, ularni xorijiy terrorchi tashkilot sifatida ko‘rishini bildirgandi.

Noyabr oyida AQSH Karib havzasiga esminetslar va desant kemalaridan iborat harbiy guruhni joylashtirdi. Hududdagi Amerika harbiy kontingenti soni 16 ming kishiga yetdi. Dekabr oyida ularga Karib dengizining janubiy qismida joylashgan USS Gerald R. Ford aviatashuvchisi qo‘mondonligi ostidagi zarba beruvchi guruh ham qo‘shildi.

Teglar

Mavzuga oid