
Umumiy daromadlarning asosiy qismi muhojirlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda — Statistika qo‘mitasi
8 ta viloyatda daromadlar o‘sishining yarmidan ko‘proq qismi aynan pul o‘tkazmalari hisobiga yuzaga kelgan. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Xorazm hamda Samarqand viloyatlarida qayd etilgan.

Statistika agentligining ma’lum qilishicha, 2025 yilning dastlabki 9 oyida aholining umumiy daromadlari 825 trln so‘mdan oshdi. O‘tgan yilga nisbatan nominal ko‘rinishdagi o‘sish sur’ati 18,4 foizni, real o‘sish sur’ati esa 8,4 foizni tashkil etgan.
Aholi jon boshiga umumiy daromad shu yilning dastlabki 9 oyida 21,8 mln so‘mni tashkil etmoqda. Real o‘sish 6,3 foizni qayd etgan.

Manba: Statistika qo‘mitasi
Hududlar kesimida ko‘rsatkichlar qanday?
O‘zbekistonning turli hududlarida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori keskin farq qilmoqda. Xususan, eng yuqori ko‘rsatkich 52 mln so‘m bilan Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lsa, eng past raqam Qoraqalpog‘iston Respublikasida 14 mln so‘mni tashkil etgan. Ya’ni poytaxtdagi ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘iston Respublikasiga nisbatan 3,5 barobar ko‘p.
Poytaxtdan keyingi o‘rinlarda Navoiy (32 mln 52 ming so‘m), Buxoro (25 mln 972 ming so‘m), Xorazm (22 mln 817 ming so‘m) va Toshkent viloyati (21 mln 940 ming so‘m) joylashgan. Bu hududlardagi yuqori daromadlar ishlab chiqarish salohiyati, xizmatlar sohasi rivoji hamda aholi daromadlarining diversifikatsiyasi bilan izohlanadi.
E’tiborlisi, pastroq ko‘rsatkichlar vodiy hududlarida qayd etilgan. Xususan, Andijon — 19 mln 378 ming so‘m, Farg‘ona — 18 mln 478 ming so‘m va Namangan — 15 mln 832 ming so‘mni tashkil qilgan.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Farg‘onada — 13,4 foiz va Toshkent shahrida — 10,3 foizni tashkil etgan. Ammo o‘sish sur’ati bo‘yicha eng sust hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (2,2 foiz) va Andijon viloyati (1,1 foiz) bo‘ldi.
Daromadlarning manbai qayerda?

Manba: Statistika qo‘mitasi
2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekiston aholisi daromadlarining katta qismi — 69,8 foizi birlamchi daromadlarga, qolgan 30,2 foizi esa transfertlarga to‘g‘ri keldi.
Birlamchi daromadlar ichida eng katta ulush — 33,8 foiz — mustaqil ravishda band bo‘lganlar, ya’ni tadbirkorlar va o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlagan fuqarolar hissasiga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning eng yuqori ulushi Jizzax viloyatida — 51,8 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan nominal o‘sish sur’ati 17,8 foiz bo‘lgan.
Yollanma ishchilarning daromadlari umumiy daromadlarning 26,1 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ish haqlari aholining asosiy daromad manbai bo‘lib qolayotganini anglatadi. Hududlar kesimida Toshkent shahri va Navoiy viloyatida yollanma ishchilar daromadlarining aholi umumiy daromadlariga nisbatan ulushi va ularning o‘sish sur’atining yuqoriligi iqtisodiy faollikka sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Shaxsiy iste’mol uchun ishlab chiqarilgan xizmatlar hisobiga 6,6 foiz, mulkdan olingan daromadlar esa 3,3 foiz ulushga ega bo‘ldi. Transfertlar, ya’ni ichki va xorijdan yuboriladigan pul o‘tkazmalari aholi daromadlarida muhim o‘rin tutadi — 30,2 foiz.

Manba: Mirkonomika
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ma’lum qilishicha, pul o‘tkazmalari umumiy daromadlar o‘sishida juda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan. Xususan, respublika bo‘yicha o‘rtacha o‘sishning qariyb yarmi (8,0 foiz band) pul o‘tkazmalaridagi yuqori o‘sish hisobiga shakllangan.
8 ta viloyatda daromadlar o‘sishining yarmidan ko‘proq qismi aynan pul o‘tkazmalari hisobiga yuzaga kelgan. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Xorazm (78,7 foiz) hamda Samarqand (77,7 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.
«Agar pul o‘tkazmalarida o‘sish kuzatilmaganda, respublika jon boshiga umumiy daromadlar real ko‘rsatkichlarda o‘smagan bo‘lar edi. Shuningdek, 8 ta viloyatda jon boshiga real daromadlar qisqarishi qayd etilgan bo‘lardi. Bunda pul o‘tkazmalaridagi o‘sishsiz jon boshiga daromadlarning eng yuqori qisqarishi Samarqandda (-5 foiz) yuz bergan bo‘lar edi, Xorazm (-4,6 foiz), Surxondaryo (-4,3 foiz) hamda Andijonda (-3,1 foiz) real daromadlar 3 foizdan ortiq pasaygan bo‘lardi», — deb yozgan iqtisodchi Mirkomil Xolboyev o‘z blogi orqali.
Bundan tashqari, ijtimoiy transfertlar — ya’ni pensiya va nafaqalarning aholi daromadlaridagi ulushi kamayishda davom etmoqda. Shu yilning dastlabki 9 oyida ijtimoiy transfertlarning jami daromadlardaggi ulushi 8,6 foizga tushgan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 9,6 foizni tashkil etgan edi.
«Ijtimoiy davlat deb e’lon qilinganidan beri O‘zbekistonda ijtimoiy transfert (pensiya, nafaqa) oluvchilarning nisbiy kambag‘allashuvi davom etmoqda», — deb yozgan iqtisodchi Otabek Bakirov.
Umuman olganda, daromadlar o‘sishining asosiy sababi — mehnat muhojirlari tomonidan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hisoblanadi. Agar bu ko‘rsatkich oshmaganida, umumiy daromadlar hajmi pasaygan bo‘lar edi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning 9 oyida jami pul o‘tkazmalari hajmi 13,9 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga oshgan.
Umumiy daromadlar tarkibida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlar ulushi qariyb 59 foizni tashkil etmoqda. Hududlar kesimida Jizzax (67,6 foiz), Buxoro (64,4 foiz), Toshkent (63,7 foiz), Namangan (62,4 foiz), Xorazm (61,4 foiz), Qashqadaryo (61,1 foiz), Surxondaryo (60,9 foiz) va Samarqand (60,7 foiz) viloyatlarida bu ko‘rsatkich sezilarli darajada yuqori. Toshkent shahrida esa ulush 47,5 foizni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yil boshidan buyon 62,2 mingta yangi kichik korxona va mikrofirma tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi. Ulardan savdo sohasida — 22 918 ta, sanoatda — 8 088 ta, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida — 7 714 ta hamda yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda — 5 513 ta kichik korxona va mikrofirma faoliyat boshlagan.
Teglar






