Uzayayotgan BRT va BIYdagi yangi ko‘prik: qaybiri keragu, qay biri keraksiz?
Toshkent shahri hokimligida poytaxt ko‘chalarini tartibga solishga qaratilgan yangi loyihalar taqdimot va jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi. Avtobuslar uchun yo‘lak, eng yirik chorrahalardan birida quriladigan ko‘prik atrofida muhokamalar qizidi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilda Toshkentda tezyurar avtobuslar yo‘lagi — BRT tarmog‘i yanada kengaytiriladi. Jumladan, uzunligi 16,2 km bo‘lgan yirik BRT loyihasi boshlanishi arafasida.
Tezyurar avtobus yo‘llari shaharning asosiy qismlarini bog‘laydi. Yo‘nalish Sergilidan boshlanib, Shota Rustaveli va Shahrisabz ko‘chalari orqali o‘tadi va Amir Temur xiyobonidan Kichik halqa yo‘liga ulanadi.
Shota Rustaveli ko‘chasida joriy qilinganidek, bu yo‘lakda avtobuslar yo‘lning boshqa tasmalaridan butunlay ajratiladi.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek va Do‘rmon yo‘li ko‘chalari kesishmasida ham tunnel qurilishi, BRT tasmalari hamda avtobus bekatlari esa yerusti qismida joylashishi e’lon qilindi.
Taqdimotda eng katta munozaralarga sabab bo‘lgan loyiha — Buyuk Ipak Yo‘li (BIY) metro bekati chorrahasida qurilishi mo‘ljallangan yo‘l o‘tkagich ko‘prik bo‘ldi. Ko‘prik ikki qavatli va aylanma harakatga asoslangan bo‘ladi.
Ayni paytda Buyuk Ipak yo‘li va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida soatiga 8200 avtomobil o‘tmoqda. Bu esa tirbandliklarga sabab bo‘lmoqda.
Yo‘l o‘tkazgich Ko‘prik qurilishi bilan chorrahaning o‘tkazuvchanligi 130 foizga oshib, soatiga 19 ming 200 avtogacha ko‘payadi.
Mashinalarning o‘rtacha tezligi soatiga 21 kmdan 26 ga ko‘tarilishi, jamoat transportining o‘rtacha tezligi soatiga 23 km.ga yetib, aniq grafik bo‘yicha yurishi va’da qilinmoqda.
Ko‘prik qurilishi xitoylik investorlarning mablag‘lari evaziga amalga oshirilishi ham ma’lum bo‘ldi. Loyihalashtirgan investorlar ham ayrim savollarga javob berishdi.
Biroq, jurnalistlar bu yerda ko‘prik qurilishi daraxtlarning kesilishiga olib kelishini sabab sifatida keltirishdi. Qolaversa, atrofdagi biznes muhitga zarar yetishi qayd etildi.
Biroq, mas’ullar bu yerdagi daraxtlar va butalar nobud qilinmasdan boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilishini ham ta’kidlashdi.
Vaqt.uz jurnalisti qayta quriladigan chorrahada piyodalar uchun qanday sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgani haqida savol berdi.
Mas’ullarning javobiga ko‘ra,chorrahada piyodalar uchun mavjud va yangi yerostidan o‘tish yo‘llaridan foydalaniladi. Kam mobilli piyodalar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.
Ushbu tadbir haqidagi yangiliklar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, e’tirozlar to‘lqini yanada kuchaydi. Fikr yetakchilari va blogerlar mazkur chorrahada yo‘l o‘tkazgich ko‘prik qurmasdan, faqat mashinalarning tezroq harakatlanishi uchun sharoit yaratmasdan, eng avvalo shu yerda istiqomat qiluvchi aholi ham piyodalarning manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilishi lozimligi ta’kidlandi.
Teglar






