
«Xalq soliq to‘lasin, boylar imtiyoz olsinmi?» — iqtisodchi XVJ taklifini tanqid qildi
26.06.2025 | 22:4027417
Otabek Bakirov XVJning daromad solig‘ini tabaqalashtirish taklifiga qarshi chiqdi. Uning ta’kidlashicha, bu chora xalqning yukini og‘irlashtirib, boylarni yanada imtiyozli qiladi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston soliq bazasini kengaytirish va soliq tushumlarining YAIMga nisbati pasayishi tendensiyasini to‘xtatish maqsadida jismoniy shaxslarning daromadi solig‘i bo‘yicha amaldagi 12 foizli tekis stavkadan oshib boruvchi tabaqalangan shkalaga o‘tishni taklif qilmoqda. Biroq, iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov bu taklifni «juda yomon» va «aksilijtimoiy taklif» deya atadi.
«Qizig‘i, o‘zbek rasmiylari bir yil avval shimoldagi<...>lardan andoza olib shunday ishoralarning uchini chiqarishgandi. Endi bu takliflar go‘yoki XVJ ekspertlari og‘zidan birga bir yangramoqda», - deya yozgan u.
Iqtisodchi bu taklifni nega ijobiy qabul qilib bo‘lmaslikning 4 sababini keltirdi. Unga ko‘ra, birinchidan oxirgi yillarda daromad solig‘idan tushumlar ulushda ham, summada ham tezroq o‘smoqda, birinchi chorakda ham bu tendensiya davom etgan.
«Ya’ni mehnat bozori oqarishdan, daromad solig‘i to‘lovchilar soni o‘sishdan to‘xtagani yo‘q, buni rasmiylar ham parlamentdagi oxirgi chiqishida tan olgan. O‘sib boruvchi shkalaga o‘tish soliq tushumlarini bir martalik o‘stirishi mumkin, lekin mehnat bozorining oqarishi taqa-taq to‘xtaydi, yana ommaviy konvertga qaytish boshlanadi», - deydi u.
Qo‘shimcha qilishicha, bu taklifning antiijtimoiy ekaniga yana bir sabab, yuqori daromad egalari, ya’ni boylar O‘zbekiston sharoitida daromadlarini korporativ xarajatlar orqali yoki dividend orqali chiqarib olishadi, aslo ish haqi orqali emas. Shuning uchun, ijtimoiy adolat haqida gap ketsa, dividend solig‘ini oshirish (daromad solig‘i stavkasigacha) yoki shaxsiy iste’molga ketayotgan korporativ xarajatlarni soliq bazasiga kiritishni ilgari surish lozim.
«O‘zi nima uchun mehnatkash daromadidan 12 foiz, burjuy esa dividendidan 5 foiz (undayam mingta imtiyoz) soliq to‘lashi kerak? Shumi ijtimoiy adolat? Uchinchidan, agar daromad solig‘i stavkalari oshirilsa va progressiv shkalaga o‘tilsa, tinimsiz o‘sayotgan qarzlarni to‘lash yukini xalq bo‘yniga soliqlarni oshirish ko‘rinishida (tariflar ko‘rinishida ilinishi allaqachon boshlangan) ilinishi tezisi amalda tasdiqlanadi. Bu yana tiyiqsiz oshayotgan qarzlar va ularning samarasizligi masalasini ko‘ndalang qo‘yadi», — deb yozadi Bakirov.
Uning ta’kidlashicha, bu taklif to‘lovga layoqatli aholidan yanada ko‘proq yuk olishga qaratilgani, davlat qarzlarini xalq orqali qaytarish jarayoni tezlashayotgani haqidagi xavotirlarni ham kuchaytirmoqda.
«To‘rtinchidan, ijtimoiy siyosatni kuchaytirish uchun soliq tushumlarini ko‘paytirish kerakmi? Albatta kerak. Lekin mehnatkashlar hisobidan emas. Yashirin va noqonuniy imtiyozlarni qo‘lga kiritgan, umuman boj to‘lamagan, shuning hisobidan oxirgi 8 yilda dollardagi milliarderlarga aylangan shovvozlar nihoyat soliqqa tortilishi kerak. Qani o‘zbek gaz va neft konlarini egallab olganlar, karrasiga soliq stavkasi pasaytirilganlar? Shularni cho‘ntagini bo‘g‘ish payti kelmadimi? Qani bojsiz moshin olib kirib sotayotganlar? Shulardan hisob so‘rash kerakmasmi? Yo ular yap-yangi jetlarda uchsin, saroylarda yashasin, qora xalq ular uchun soliq to‘lasinmi? Kechirib qo‘yasiz. 2 yil avvalgi sizniki, bizniki deyilgan yangi ijtimoiy shartnomada bizga bunaqa band ko‘rsatilmagan», — deydi iqtisodchi.





