
YAIM, qarz va pensiya: O‘zbekiston Qozog‘iston iqtisodiyotini qachon quvib yetadi?
18.07.2025 | 18:4046926
Markaziy Osiyodagi yetakchi ikki mamlakat — Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy raqobat tobora sezilarli tus olmoqda. Qozog‘iston allaqachon shakllangan institutlar va barqaror moliya tizimiga ega bo‘lsa, O‘zbekiston hozirda chuqur islohotlar va investitsion kengayish bosqichini boshdan kechirmoqda.

2025 yil o‘rtalaridagi holatga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekiston iqtisodiyoti ijobiy o‘sish ko‘rsatmoqda. Biroq, nominal YAIM ko‘rsatkichlaridagi farq hali ham katta: 2024 yil yakunida Qozog‘iston YAIMi $286 milliard, O‘zbekistonniki esa $115 milliardni tashkil etdi. Bu farq aholi jon boshiga hisoblangan YAIMda ham yaqqol ko‘rinadi — Qozog‘istonda $14 300, O‘zbekistonda esa $3 090.
Qozog‘iston davlat moliyasida konservativ yondashuvni saqlab qolmoqda. Mamlakat tashqi qarzi YAIMning 11,3%ini tashkil etadi va uning asosiy qismi ichki manbalar hisobiga moliyalashtirilmoqda. Bundan tashqari, $60 milliard aktivga ega Milliy jamg‘arma tashqi shoklar ta’sirini yumshatishda muhim rol o‘ynaydi.
O‘zbekiston esa infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun tashqi qarzlarga suyanadi. Mamlakat tashqi qarzi $33,7 milliardga yetib, YAIMning 35%ini tashkil qilmoqda. Bunday yondashuv modernizatsiyani tezlashtiradi, biroq iqtisodiyotni tashqi moliyaviy xavflarga nisbatan sezgirroq qiladi.
Qozog‘iston moliyaviy bozorlari hamda pensiya jamg‘armasi orqali iqtisodiyotga uzoq muddatli sarmoya kiritish imkoniyatiga ega. Birgina pensiya jamg‘armasi aktivlari $42,7 milliardni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda esa pensiya tizimi taqsimlash asosida ishlaydi, bu esa ichki investitsiya manbalari shakllanishiga to‘sqinlik qiladi.
Solouning iqtisodiy o‘sish modeliga ko‘ra, O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda sarmoyaning chegaraviy samaradorligi yuqori bo‘ladi. Bu esa har bir qo‘shimcha investitsiya natijasida iqtisodiy o‘sishning tezroq yuzaga chiqishiga olib keladi.
Nazariy hisob-kitob shuni ko‘rsatadiki, agar O‘zbekiston iqtisodiyoti yiliga 9 foizga, Qozog‘iston iqtisodiyoti esa 4 foizga barqaror o‘sib borsa, taxminan 23 yildan so‘ng, ya’ni 2040 yillarning o‘rtalariga kelib, ikki mamlakat yalpi ichki mahsuloti tenglashishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida islohotlarning chuqurlashuvi, huquq ustuvorligi va davlat boshqaruvida samaradorlikni talab etadi.
O‘zbekistonning asosiy strategik ustunligi demografiya bo‘lib qolmoqda. Yoshlar ulushining yuqoriligi va mehnatga layoqatli aholi sonining o‘sishi «demografik dividend» uchun imkoniyat yaratadi. Biroq aynan shu omil jiddiy muammoni ham keltirib chiqarmoqda: har yili yuz minglab yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda va ular uchun sifatli ish o‘rinlarini yaratish hukumatning eng muhim vazifasiga aylanmoqda. Mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalariga yuqori darajada bog‘liqlik ham saqlanib qolmoqda. 2024 yilda bu o‘tkazmalar yalpi ichki mahsulotning 14 foizini tashkil etdi. Bu esa iqtisodiyotni Rossiyadagi vaziyatga nisbatan zaif qilmoqda.
Qozog‘iston, o‘z navbatida, aholi o‘sishi sur’atining Qozog‘iston esa aholi o‘sish sur’atining sekinlashuvi muammosiga duch kelmoqda. Bu esa mamlakatni uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun mehnat samaradorligi va ishchi kuchining texnika bilan jihozlanganlik darajasini oshirishga e’tibor qaratishga majbur qilmoqda. Har ikki davlat – Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham – inson kapitaliga, ya’ni ta’lim va ilm-fanga jiddiy investitsiya kiritishlari kerak, chunki global ta’lim sifati reytinglarida ular hali yetakchi o‘rinlarni egallamagan.





