add

«Yangi oltin»ga aylanayotgan mis: uning bahosi oshayotganiga sun’iy intellektning qanday ta’siri bor?

Bugun 12:001655 daqiqa

Mis narxi to‘rt yillik sukunatdan so‘ng so‘nggi bir yarim hafta ichida keskin o‘smoqda. Ko‘p sohalarda ishlatiladigan bu metallga bo‘lgan talab dunyo iqtisodiyoti ahvolini ko‘rsatadigan ko‘rsatkich sifatida qaraladi. bugungi kunda metall sun’iy intellekt rivojini ham belgilab bermoqda.

«Yangi oltin»ga aylanayotgan mis: uning bahosi oshayotganiga sun’iy intellektning qanday ta’siri bor?

«Mis milliychiligi»

London metall birjasi (LME) dagi asosiy shartnoma bo‘yicha uch oylik mis fyucherslari narxi 28-noyabr kuni bir tonnasi uchun 11 ming dollarlik chegardan oshib ketdi, 5-dekabr juma kuni esa savdolar 11 621 dollkoik ko‘rsatkichida yakunlandi.

Investitsiya axborotnomasi — Fuller Treacy Money nashrining muharriri Yon Trisining ta’kidlashicha, 2021 yil boshidan buyon mis narxi bu cho‘qqini zabt eta olomayotgandi. U mis narxi dinamikasiga ta’sir etuvchi asosiy omillarni sanab o‘tadi:

«Asosiy global mavzu — elektrifikatsiya jarayoni. Xitoy infratuzilmasining depsinib qolishi — yana bir omil. Mana shu ikki kuch o‘rtasidagi raqobat 2021 yildan buyon narxning bir maromda qotib qolganini tushuntiradi», deydi Trisi.

Biroq, Trisiga ko‘ra, hozir yangi omil paydo bo‘lgan — AQSHning resurslar milliychiligi. Donald Tramp boshchiligidagi AQSH ma’muriyati harakatlari Amerikadagi Comex birjasida mis uchun narx mukofotini yuzaga keltirdi. «AQSH dunyo bo‘ylab rafinatsiya qilingan misni changyutkichdek «so‘rib» olmoqda», — deydi u.

AQSHda mis eritish quvvatlari yetarli emas, shu sababli asosan ruda eksport qilinadi, rafinatsiya qilingan, ya’ni tozalangan mis esa import qilinadi. Bundan tashqari, AQSH uchun yana bir xatarli omil — dunyodagi misning yarmi Xitoyda qayta ishlanadi, u esa Vashingtonning asosiy savdo raqibi. Endilikda Tramp ma’muriyati o‘z yetishtirish salohiyatini rivojlantirishga urinmoqda, lekin «bu yillar davom etadigan jarayon bo‘lib, natija berishi ham shubhali», — deydi Trisi.

Bloomberg nashrining yozishicha, 2025 yil boshida Tramp import bojlarini joriy qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ortidan AQSHda mis narxi ko‘tarila boshlagan. Natijada, boshqa mamlakatlardan kelgan metall AQSHdagi Comex omborlarida jamg‘arila boshladi (o‘xshash holat oltin bozorida ham kuzatilgan, u yerda banklar Britaniyadan AQSHga quyma oltinlarni samolyotda tashishgan). 2025 yil iyulida Comex’da mis narxi LME’ga nisbatan 30 foiz yuqori bo‘lgan.

2025 yil iyuli oxirida Tramp boj joriy qilinmasligini aytgach, mukofot 5 foizgacha tushib ketdi. Biroq sentabrdan boshlab u yana o‘sishni boshladi va hozir 10 foizga yaqinlashdi: Tramp 2026 yil ikkinchi yarmida vaziyatni qayta baholashini ma’lum qilgach, treyderlar yana zaxira yig‘ishga kirishdi.

Mercuria Energy Group kompaniyasi metall savdosi bo‘yicha bo‘limi rahbari Kostas Bintasning Bloomberg’ga bildirishicha, bu jarayon AQSHdan tashqari bozorlarda mis tanqisligiga olib keladi: «Bu katta tendensiya. Agar vaziyat shu tarzda davom etsa, qolgan mamlakatlarda mis katodlari qolmaydi».

Mercuria’ning baholashicha, 2026 yil birinchi choragida AQSHga tozalangan mis importi 2025 yil rekord natijasi bo‘lgan ikkinchi chorakdagi 500 ming tonna bilan bir xil darajada bo‘ladi.

Goldman Sachs tahlilchilari esa narx o‘sishi davom etishiga ishonmaydi. Ular dunyo bozoridagi ortiqcha taklif prognoziga tuzatish kiritgan, ammo hozircha mis yetarli ekanini ta’kidlaydi: «Har qancha ortiqcha taklif pastaygan bo‘lsa-da, 2026 yilda bozorda muvozanatga yaqinlashuv kuzatiladi, lekin yaqin fursatlarda yetishmovchilikni kutmayapmiz», — deyiladi tahlilda. Bank taxminiga ko‘ra, 2026 yilda mis narxi 10 000–11 000 dollar oralig‘ida bo‘ladi.

 

Sun’iy talab

Biroq vaziyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan boshqa muhim omillar ham mavjud.

Financial Times nashrining yozishicha, misga bo‘lgan talab «yashil o‘tish davri» doirasida qurilayotgan energiya tarmoqlari hisobiga va sun’iy intellekt hisob-kitoblarini ta’minlovchi data-markazlarini elektr bilan ta’minlash zarurati bilan ham ortib bormoqda. Bu jarayon yo‘l infratuzilmasini keng miqyosda elektrlashtirishni o‘z ichiga oladi. Dunyodagi eng yirik konchilik kompaniyasi — BHP’ning yanvar oyidagi prognoziga ko‘ra, 2050 yilga borib, data-markazlarda qo‘llanadigan mis miqdori olti barobarga oshadi.

Shu bilan birga, Meksikaning yirik konchilik kompaniyasi — Grupo Mexico baholashicha, sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan data-markazlar har bir MW quvvat uchun 27 dan 33 tonnagacha mis talab qiladi — bu an’anaviy data-markazlardan ikki barobar ko‘p.

Qo‘shimcha ehtiyojlar global qayta qurollanish tufayli ham yuzaga kelmoqda. FT nashri konchilik sohasidagi tadbirkor Robert Fridland so‘zlariga tayangan holda shunday yozadi: «Misga bo‘lgan talabning salmoqli qismi yashirin — harbiylar tomonidan yuzaga keladigan talab hech qachon ochiqlanmaydi».

Stokholm tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIPRI)ning yozishicha, 2024 yilda jahonda mudofaa xarajatlari sovuq urush tugaganidan buyon eng tez sur’atda o‘sdi — real hisobda 9,4 foizga. Umumiy miqdor esa rekord darajada — 2,72 trln dollarga yetdi va yaqin yillarda ham o‘sishda davom etadi.

Shu bilan birga, Xalqaro energetika agentligi (XEA) prognoziga ko‘ra, 2035 yilgacha mavjud va rejalashtirilgan mis konlari orqali faqat dunyo miqyosidagi talabning taxminan 70 foizini qoplash mumkin bo‘ladi. XEAning ta’kidlashicha, energiya o‘tish jarayoni (elektromobillar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari) va sun’iy intellekt tarqalishi orqali yuzaga keladigan jiddiy yetishmovchilikni bartaraf etish uchun ulkan sarmoyalar, innovatsiyalar va ehtimol, talabni qayta ko‘rib chiqish talab etiladi.

 

Taklif bilan bog‘liq muammo

Biroq mavjud mis konlari tobora samarasizlashmoqda — ayrimlari yuz yildan buyon ishlab turibdi, yangi yirik konlar esa ancha vaqtdan beri ochilmagan. FT ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda faqat «nihoyatda kichik yangi konlar» ishga tushirilmoqda. Bu haqda Wood Mackenzie tahlilchilar guruhiga rahbarlik qiluvchi Charlz Kuper gapirgan.

Kanadada joylashgan Arras Minerals kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi 30 yilda yirik yangi konlar soni ham, ulardagi zaxira miqdori ham yildan yilga kamaygan. Kompaniya Qozog‘istonda mis va oltin konlarini qidirish bilan shug‘ullanadi.

Aniq raqamlar shunday: 1990 yildan 2008 yilgacha dunyoda yiliga 7 dan 18 gacha yirik konlar topilgan. Ammo 2011 yildan boshlab ko‘pi bilan 5 ta kon topildi. 2018 yilda va 2022–2024 yillarda esa umuman yangi yirik kon topilmagan.

Goldman Sachs tahlilchilariga qarama-qarshi ravishda, Wood Mackenzie joriy yilning o‘zida rafinadlangan mis bozorida 304 ming tonna taqchillik bo‘lishini kutmoqda. Kompaniyaning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu tanqislik keyingi yili yana ham oshadi. Kuperning fikricha, global energiya o‘tish jarayoni (energetik tranzit) qazib chiqarish tarmog‘iga katta bosim bermoqda.

Uning ta’kidlashicha, metallar tanqisligi abadiy davom etmaydi. Ilgari narxlar keskin ko‘tarilganda, yoki resurslar boshqa mahsulotlar bilan almashtirilgan, yoki metallolom hisobidan taklif ko‘paygan. Ammo bu safargi vaziyat farqli. SI data-markazlarini quryotgan texnologik gigantlar ulkan moliyaviy imkoniyatlarga ega va narxlarga unchalik sezgir emas. Ularning xaridlari mis narxining yuqori darajada saqlanishiga xizmat qilishi mumkin.

«Ular elektr tarmoqlari uchun transformatorlar kabi jihozlarga oid xaridlarda narxni ko‘tarib yubormoqda», deydi Kuper.

BCA Research tahlilchisi Trisi esa qo‘shimcha qiladi: «Mis kamyob resurs emas. Mavjud konlarni kengaytirish va yangi konlarni ochish orqali taklifni oshirish mumkin».

Ammo Trisining ta’kidlashicha, ko‘p milliard dollarlik investitsiyalar uchun metalning bozor narxi yuqori darajada ancha vaqt saqlanishi shart. Aks holda, sarmoyadorlar harakat qilmaydi.

Financial Times nashri keltirgan iqtibosga ko‘ra, IRH Global Trading kompaniyasi bosh direktori Vinet Mehra misni «yangi oltin» deb atadi va talab hamda taklif o‘rtasidagi nomutanosiblik yanada kuchaysa, mis narxi yana uzoq muddat yuqori darajada saqlanishini bashorat qildi.

Teglar

Shuhrat Shokirjonov

Shuhrat ShokirjonovMaqolalar soni: 79

Barchasi

Mavzuga oid