add

Yangi o‘quv yili: 1-sinfga qabul, maktablarda o‘quvchi o‘rnining yetishmovchiligi — tahlil

02.09.2025 | 13:3031507

Bugundan maktablarda yangi o‘quv yili boshlandi. Bu yil nechta yangi maktab qurib bitkazilgani, qancha yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratilgani hamda nechta bola 1-sinfga qabul qilingani haqidagi savollar bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuzlandik.

Yangi o‘quv yili: 1-sinfga qabul, maktablarda o‘quvchi o‘rnining yetishmovchiligi — tahlil
Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirovaning Vaqt.uzʼ ga ma’lum qilishicha, 2025 yilning o‘zida jami 440 ta maktabda va 226 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan. Natijada maktablarga qo‘shimcha 115 dan ortiq yangi o‘rinlar yaratildi, mavjud 100 mingdan ortiq o‘rinlar zamonaviy qiyofaga keltirildi. Joriy yilda 720 ming nafardan ortiq o‘quvchilar 1-sinfga qadam qo‘ydi va ularga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat «Prezident sovg‘asi» tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, ayni damda respublika bo‘ylab jami 10 ming 193 ta maktab mavjud bo‘lib, unda 6 mln 754 ming 813 nafar bola ta’lim-tarbiya oladi. Vazirlikka ko‘ra, yangi o‘quv yilidan quyidagi yangiliklar amalga oshirilishi rejalashtirilgan: Barcha ta’lim tashkilotlarida haftaning har dushanba kuni «Kelajak soati» darslari tashkil etilib, zarur qo‘llanmalar milliytarbiya.uz platformasi orqali yetkaziladi; Yangi o‘quv yilidan «bog‘cha–maktab–oliy ta’lim» tizimida yagona g‘oyaviy tarbiya tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Prezidentning tegishli Farmoniga muvofiq, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab:
  • umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga;
  • umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshiriladi;
Ta’lim sohasida hali hal qilmnmagan muammolar ham yetarli. So‘nggi marta O‘zbekiston maktablarining infratuzilma muammolari 2022/2023 o‘quv yili yakunlari bo‘yicha tahlil qilingan edi. Unga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilida 10 ming 522ta maktabda (194 tasi xususiy) o‘quvchilar soni 6 mln 461 ming 741 nafarni tashkil etgan (ularning 0,71 foizi xususiy maktablarda). Maktablar esa 5 mln 283 ming 916 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan, ya’ni 1 ta o‘quvchi o‘rniga 1,2 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda.
  • 5 ta maktab uch smenada, 4777 ta maktab ikki smenada ishlaydi;
  • 70 foiz maktablarda kanalizatsiya yo‘q;
  • 38,5 foiz maktabda oshxona yoki bufet yo‘q;
  • 5 foiz maktabda kutubxona, 21 foiz maktabda sport zali yo‘q;
  • 1658 ta maktab kapital ta’mirga muhtoj;
  • Bir o‘quvchiga 0,03 kompyuter to‘g‘ri keladi. Kompyuterlarning 29,4 foizi internetga ulanmagan;
  • Toshkent shahri va viloyatida o‘qituvchilar yetishmaydi, ayni shu hududlarda o‘qituvchilar yuklamasi yuqori.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, avval e’lon qilingan va ochiq raqamlardan kelib chiqilsa, hisoblar o‘quvchi o‘rni yetishmovchiligi 1,2 mlndan kamida 1,7 mlnga oshgan. Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda ham bolalar boshqa ilg‘or mamlakatlardagi kabi 5-6 yoshdan qabul qilinishi kerak. Chunki bu faktor quyidagilarni hisobga olgan holda ahamiyatli: bolalar tez voyaga yetib, akseleratsiya jarayoni O‘zbekistonlik bolalarga ham kuchli ta’sir qilmoqda. 5-6 yoshda, hatto yilning yanvarida tug‘ilgan bolalar iqtidori, jismoniy imkoniyatlariga qaramay yillar, oylar yo‘qotmoqda. Buning iqtisodiy, ijtimoiy qiymati yo‘qotishlarda trillionlar bilan o‘lchanishi mumkin. Davlat daturiga ko‘ra, 2030 yilgacha har yili 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan, ammo bu bolalarning maktabga chiqish yoshini qisqartiradimi yo‘qmi-ma’lum emas. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid