Logo

Yangilanayotgan o‘zbek alifbosi, QR-kod orqali olinadigan jarimadagi mashinalar va start olayotgan «Tashabbusli budjet» — 7-iyul dayjesti

Kecha 22:553 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Yangilanayotgan o‘zbek alifbosi, QR-kod orqali olinadigan jarimadagi mashinalar va start olayotgan «Tashabbusli budjet» — 7-iyul dayjesti

O‘zbekistonda 9 ta aeroport akkreditatsiyasidan o‘tdi

«Uzbekistan Airports» tarmog‘idagi 9 ta aeroport uglerod chiqindilarini boshqarish bo‘yicha «Airport Carbon Accreditation» dasturi akkreditatsiyasidan o‘tdi. Samarqand, Urganch, Namangan, Farg‘ona, Nukus, Termiz, Qarshi va Navoiy aeroportlari Level 1 darajasini oldi.

Toshkent xalqaro aeroporti esa Level 2 darajasiga erishib, Markaziy Osiyoda ushbu darajani olgan birinchi va hozircha yagona aeroport bo‘ldi. Bu aeroport uglerod izini hisoblash bilan birga, uni kamaytirish choralarini ham amalga oshirayotganini anglatadi.

O‘zbekistonda alifboni yangilash bo‘yicha qonun qabul qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi.

Loyihaga ko‘ra, o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat bo‘ladi. Deputatlar o‘zgarishlarni bosqichma-bosqich joriy etish, amaldagi hujjatlar va rasmiy belgilardan belgilangan muddatgacha foydalanish bo‘yicha takliflar berdi.

«O‘zbekneftgaz» dizel va mazut ishlab chiqarish rejasini bajara olmadi

«O‘zbekneftgaz» 2026 yil birinchi yarim yilligi natijalarini e’lon qildi. Kompaniya qarz yukini 3,1 barobardan 2,7 barobargacha pasaytirgan, kreditlarni qayta moliyalashtirish orqali foiz to‘lovlaridan 219 mlrd so‘m tejagan.

Shu bilan birga, geosiyosiy vaziyat sabab xomashyo importi cheklangani ortidan dizel yoqilg‘isi va mazut ishlab chiqarish rejasi bajarilmagan. Mas’ullarga muammolarni bartaraf etish va yil yakuniga qadar belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish vazifasi qo‘yilgan.

«Open budget»ning ikkinchi mavsumi qachon boshlanishi ma’lum bo‘ldi

2026 yilning 15-iyulidan «Tashabbusli budjet» jarayonining ikkinchi mavsumi boshlanadi. Loyihalarni kiritish 15-iyuldan 3-avgustgacha, saralash 4–18-avgust kunlari, ovoz berish esa 22–31-avgust oralig‘ida o‘tkaziladi.

G‘olib loyihalarni 1-sentabr — O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi kuni e’lon qilish rejalashtirilgan. Ovoz berish faqat «Open budget» portali, mobil ilovalar va rasmiy Telegram boti orqali amalga oshiriladi.

Endi jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqishga ruxsat QR-kod orqali beriladi

O‘zbekistonda 1-avgustdan jarima maydonchasidan transport vositasini olib chiqish uchun ruxsatnoma faqat elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Jarayon «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali maxsus QR-kod asosida amalga oshiriladi.

Yangi tizimda avtomobil rusumi, davlat raqami, maydonchaga olib kirilgan va chiqarilgan vaqti hamda to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar avtomatik shakllanadi. Mas’ul idoralar ikki oy ichida tizimni soliq organlari axborot bazalari bilan integratsiya qiladi.

Xorijliklar O‘zbekistonda onlayn biznes ochishi mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda xorijiy mutaxassislar va investorlarni jalb qilish uchun «Talent Hub» dasturi ishga tushiriladi. U orqali chet elliklar masofadan turib korxona tashkil etish, bank hisobraqami va xalqaro karta ochish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Rejaga ko‘ra, 2030 yilgacha AT xizmatlari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazish, 5 mingta faol startap yaratish va sohaga 2 mlrd dollar investitsiya jalb qilish maqsad qilingan. Shuningdek, «IT-Park» rezidentlari xodimlari uchun soliq imtiyozlarini 2040 yilgacha uzaytirish taklif etilgan.

Teglar

Mavzuga oid