
Yer kurrasi o‘qi 80 santimetrga siljidi: inson sabab bo‘lgan geofizik jarayon
Yerosti suvlari iste’moli Yerning o‘qini ham «siljitayapti». Olimlar Yerning og‘ishi inson tomonidan sarflangan suvlar orqali yuzaga kelganini isbotladi.

So‘nggi tadqiqotlar Yerdagi suv zaxiralarining nomutanosib sarfi faqat qurg‘oqchilik va dengiz sathiga emas, balki Yerning o‘ziga xos «muvozanati» — aylanish o‘qiga ham ta’sir ko‘rsatayotganini aniqladi.
Janubiy Koreyaning Seul milliy universiteti professori Ki-Vyon So rahbarligidagi olimlar jamoasi 1993–2010 yillar oralig‘ida Yer osti suvlaridan 2150 gigatonna (2,15 trln tonna) suv tortib olingani va buning natijasida Yer o‘qi 80 santimetrga siljiganini ma’lum qildi. Bu global geofizik jarayonni ilk bor raqamlarda ko‘rsatgan tadqiqot sifatida qayd etildi.
Bunday ulkan miqdordagi suv massasi asosan Amerika va Hindistonning shimolidagi hududlaridan tortib olingan va oxir-oqibat okeanlarga qo‘shilgan. Buning o‘zi, dengiz sathining 0,24 dyuymga ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan. Olimlar bu jarayon garchi bir qarashda «dengizga tomchi»dek ko‘rinishga ega bo‘lsa ham, Yerdagi suv massasining qayta taqsimlanishi uning aylanishiga ta’sir ko‘rsatishini aytishmoqda.
NASAning 2016 yildagi hisobotlarida bu ta’sir nazariy jihatdan ko‘rsatilgan edi, ammo so‘nggi tadqiqot ilk bor bu siljish miqyosini aniq raqamlar bilan tasdiqladi. Eng katta ta’sir suv omborlari emas, balki Yer osti suvlarining tortib olinishi bilan bog‘liq ekan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Yer o‘qining o‘zgarishi qaytarib bo‘lmaydigan jarayon emas, ammo jahon miqyosida suv zaxiralarini oqilona boshqarish orqali bu jarayon sekinlashtirilishi mumkin. Qisqa muddatda bu o‘zgarish kundalik hayotda sezilmasligi mumkin, biroq uzoq muddatda u iqlim o‘zgarishi, suv aylanishi va dengiz sathi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Ki-Vyon So o‘z xulosasida «Olim sifatida topilmadan mamnunman, ammo ota va Yer sayyorasi aholisi sifatida tashvishdaman», dedi.





