add

Yevroittifoq Rossiyaga yordami uchun Qirg‘izistonga ilk sanksiyani tayyorlayapti

31.01.2026 | 08:302 daqiqa

«Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning 20-paketi doirasida Rossiyaga yordami uchun Qirg‘izistonni sanksiyalash masalasini muhokama qilmoqda.

Yevroittifoq Rossiyaga yordami uchun Qirg‘izistonga ilk sanksiyani tayyorlayapti

«Bloomberg» xabariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-paketi doirasida Qirg‘izistonga nisbatan ilk bor cheklov joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqyapti. Agar qaror qabul qilinsa, Qirg‘iziston sobiq SSSR davlatlari orasida Rossiyaga yordam uchun Yevropa sanksiyalariga duchor bo‘lgan ilk respublikaga aylanadi.

Manbalarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi «anti-circumvention tool» — sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi maxsus mexanizmni qo‘llashni rejalashtirmoqda. Ushbu mexanizm orqali Qirg‘izistonga stanoklar va radioelektron uskunalar yetkazib berish taqiqlanishi mumkin. Rasmiy izohlarga ko‘ra, ushbu tovarlar keyinchalik Rossiyaga qayta eksport qilingan.

Qirg‘iziston Rossiya boshchiligidagi iqtisodiy ittifoq — YOII a’zosi hisoblanadi, shuningdek, Kreml ta’siridagi harbiy blok — KXSHTga ham kiradi. Bu holat Brusseldagi muhokamalarda alohida e’tibor markazida.

Savdodagi o‘sish sabablari

Urush boshlanganidan keyin Qirg‘iziston Yevropa tovarlari uchun asosiy tranzit nuqtalaridan biriga aylangan. «Brookings Institution» hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa davlatlaridan Qirg‘izistonga eksport hajmlari misli ko‘rilmagan darajada oshgan.

Xususan, Estoniyadan eksport 10 000 foizga, Finlandiyadan 3 100 foizga, Polsha va Gretsiyadan mos ravishda 2 200 va 2 100 foizga o‘sgan. Norvegiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Chexiyadan yetkazib berish hajmlari esa 1 000 foizdan ortiqka ko‘paygan. Brookings iqtisodchisi Robin Bruksga ko‘ra, Yevropa eksportining katta qismi aynan Qirg‘iziston orqali Rossiyaga yetib borgan.

Shu bilan birga, mamlakatda 2025 yildan «Grinex» kriptobirjasi ish boshladi. Unda faqat rublga bog‘langan A7A5 steyblkoini aylanmada. Manbalarga ko‘ra, ushbu instrument sanksiyalar sharoitida transchegaraviy hisob-kitoblar uchun qo‘llanilmoqda va 2026 yil boshiga kelib aylanmasi 100 mlrd dollarga yetgan.

Yangi paket doirasi

«Bloomberg» manbalari ta’kidlashicha, 20-paket faqat Qirg‘iziston bilan cheklanib qolmasligi mumkin. Yangi cheklovlar Rossiya banklari, neft kompaniyalari, kriptovalyuta servislari hamda sanksiyalarni aylanib o‘tishda ishtirok etgan uchinchi davlatlardagi moliyaviy institutlarni qamrab olishi kutilmoqda.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Rossiya neftini dengiz orqali tashishga to‘liq taqiq joriy etish variantini ham muhokama qilyapti. Bu qaror hozir amal qilayotgan «narx yuqori chegarasi» mexanizmini almashtirishi mumkin. 1-fevraldan ushbu chegara bir barreliga 44,1 dollar darajasida belgilangan.

Ekspertlar fikricha, agar Qirg‘izistonga nisbatan sanksiya qo‘llanilsa, bu Markaziy Osiyodagi savdo zanjirlari va moliyaviy oqimlar uchun jiddiy signal bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid