
Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borishi mumkin — YI elchisi
Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan viza tartibini yengillashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini inkor etmayapti. «Lekin ertaga bu sodir bo‘lmaydi. Hammasi munosabatlarimiz qanchalik mustahkamlanishiga bog‘liq bo‘ladi» — dedi YI ning O‘zbekistondagi elchisi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaarning ta’kidlashicha, Toshkent va Brussel kelgusida viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlashi mumkin. Ammo bu yaqin orada amalga oshadigan masala emas. Bu haqda Toyvo Klaar 6-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan X Yevropa kinofestivali ochilishida jurnalistlarga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jarayon Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin.
«Menimcha, O‘zbekiston bilan ham Qozog‘iston tajribasiga o‘xshash yo‘l tutiladi. Lekin bu ertaga bo‘lib qolmaydi. Hammasi munosabatlarimiz qanchalik rivojlanishiga bog‘liq», — dedi Toyvo Klaar.
Ma’lumot uchun, Ostona 2020 yilda bitimni imzolagan bo‘lsa, faqat 2025 yilda rasmiy muzokaralar uchun mandat olgan.
Elchiga ko‘ra, avval ikki tomonlama hamkorlik mustahkamlanishi va O‘zbekiston fuqarolari YI qoidalariga to‘liq rioya etishi muhim.
Diplomat fuqarolarning viza qoidalari va qolish muddatlariga amal qilishi keyingi bosqich muzokaralar uchun muhim zamin yaratishini ta’kidladi.
«Bu faqat rasmiy hujjatlar emas, balki ishonchni mustahkamlovchi omil hamdir», — dedi u.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va YI 24 oktabr kuni Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagani, unda vizalarni yengillashtirish bo‘yicha muzokaralar uchun imkoniyat nazarda tutilgan.





