
Yevropa Ittifoqi Ukrainani tiklash uchun 10 mlrd yevrogacha sarmoya kiritadi
11.07.2025 | 09:2047514
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Ukraina uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondini e’lon qildi. Ushbu tashabbus Yevropaning Ukraina iqtisodiyotini tiklashdagi strategik ishtirokini yanada mustahkamlaydi.

Fon der Lyayenning ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi tomonidan tashkil etilayotgan investitsiya fondida dastlabki kapital sifatida 220 mln yevro ajratiladi. 2026 yilgacha ushbu mablag‘ni 500 mln yevrogacha yetkazish maqsad qilingan. Yangi moliyaviy dastur doirasida 2,3 mlrd yevroga teng qo‘shimcha yordam ham ko‘zda tutilgan.
Ushbu yordam paketi 1,8 mlrd yevro miqdoridagi kredit kafolatlari va 580 mln yevro grantlardan iborat bo‘ladi. Yevropa komissiyasi ushbu dastur orqali umumiy hisobda 10 mlrd yevrogacha xususiy sarmoya jalb etilishini kutayotganini ma’lum qildi.
Fond Yevropaning yetakchi mamlakatlari — Fransiya, Germaniya, Italiya va Polsha, shuningdek, Yevropa investitsiya banki ishtirokida tashkil etildi. Uning maqsadi — Ukrainada biznes infratuzilmasini rivojlantirish, turli bozor ishtirokchilari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va iqtisodiy tiklanishni ta’minlashdir.
«Bugun Yevropa Ittifoqi nafaqat donor, balki Ukraina kelajagi uchun asosiy investor ekanini namoyon qilmoqda. Biz 2,3 mlrd yevroga teng kelishuvlar imzoladik. Bu mablag‘lar uy-joylar, kasalxonalar, korxonalar va energetika xavfsizligini tiklashga yo‘naltiriladi», — dedi fon der Lyayen.
Jahon banki baholashicha, Ukraina uchun 2025–2035 yillar davomida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan tiklanish dasturiga 524 milliard dollardan ortiq sarmoya zarur. Eng katta zarar uy-joy sektorida (57 mlrd dollar) va transport infratuzilmasida (36 mlrd dollar) qayd etilgan. Energetika hamda qazib chiqarish sohalarida zarar 20 mlrd dollarni tashkil etgan.
Rossiya qisman okkupatsiya qilgan Donetsk, Luhansk, Zaporijjya, Xerson va Xarkiv oblastlari mamlakatdagi eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar sifatida qayd etilgan. Umumiy to‘g‘ridan to‘g‘ri zararning 66 foizi va tiklanish xarajatlarining 47 foizi aynan shu mintaqalar hissasiga to‘g‘ri keladi.





