
Yevropa katta urushga tayyorlanmoqda: qit’a davlatlari urush muqarrarligini tan oldi
16.06.2025 | 21:00205221
Yaqin-yaqingacha charchagan va parchalanganday ko‘ringan Yevropa bugun g‘alati darajadagi qat’iyat bilan katta urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ukrainadagi cho‘zilib ketgan mojaro va AQSH bilan munosabatlar sovishi fonda Yevropa Ittifoqi davlatlari birlashmoqda, mudofaani kuchaytirmoqda va siyosiy pozitsiyalarini muvofiqlashtirmoqda.

Ular Rossiyadan kelayotgan tahdid juda ham real ko‘rinishga kelganini, unga aslo ko‘z yumib bo‘lmaysligini endi anglab yetishgan ko‘rinadi, deb yozadi Republic tahlilchisi Andrey Okun.
Kelajakni bashorat qilish — yoqimsiz mashg‘ulot. Ayniqsa, agar uning istiqbolida jangu jadal olovlari yolqini ko‘zga tashlanib turgan bo‘lsa. O‘zingiz o‘ylang: 2022 yil yanvarida ham hech kim Ukrainada urush bo‘lishiga ishonmasdi. Bu bir hazilga o‘xshardi. Lekin urush ro‘y berdi va mana, yillarga cho‘zilmoqda.
O‘sha paytda butun dunyo «bunga aql bovar qilmaydi», deb o‘ylagan edi: bugunga kelib esa dronlar orqali amalga oshiriladigan hujumlar frontga yaqin hududlar uchun odatiy, fojiali kundalikka aylandi. Yoki «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilarining «Adolat yurishi» deb nomlangan Moskva sari marshi — harbiy to‘ntarish urinishini oling. Bu kabi absurd voqealar Rossiyaning tarixiga muhrlandi. Ukraina qo‘shinlari to‘qqiz oy davomida Kursk oblastining bir qismini nazorat qilganidan so‘ng, chegaralar butkul yo‘qotgandek tuyulmoqda.
Bugun Vladimir Putin NATO bilan to‘laqonli mojaroga kirishishga qaror qilishi mumkinligi — aqlga sig‘mas fikrdek. Bunga ishonging kelmaydi, bu tasavvur apokaliptik ssenariydek. Ammo, «Rossiya — imkoniyatlar mamlakati» degan ibora allaqachon fojiaviy ma’no kasb etib bo‘lgan. Buning mohiyatini eng yaxshi tushunib yetgan — Yevropa bo‘ldi, shekilli. Binobarin, u bugun katta urushga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Hatto Kremlning o‘zi ham Yevropa armiyasining Rossiyaga qarshi jang qilishga tayyorligiga katta shubha bilan qaraydi. Putin rejimi — bu siyosiy kon’yunktura, o‘zini alohida maqomda deb hisoblovchi tuzum. Bu eski avlod siyosatchilari — yangi davr va yangi etika bosimi ostida ham o‘z qo‘rquvini yo‘qotmagan insonlar. Ular Rossiya kabi ulkan va sivilizatsiyalashgan mamlakatni to‘liq o‘z nazoratiga ola bildi. G‘arbdagi siyosiy elita esa aksincha — o‘z ta’sirini boy berib qo‘ydi.
Bundan tashqari, urush oldi yillardagi Putin — juda ko‘p vaqtini COVID-19 oqibatidagi izolyatsiyada o‘tkazgan siyosatchi edi. U endi global geosiyosiy sahnada tajribali, qattiqqo‘l va qat’iy irodali «keksa aktyor» sifatida ko‘rina boshladi. Bu tasavvur unda ilgaridan mavjud kamoli ishonch — «G‘arb endi avvalgiday emas», degan qarash bilan uyg‘unlashdi.
AQSH va ittifoqchilarining zaifligiga asosiy misol sifatida esa amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi ko‘rsatiladi. 2021 yil sentyabrida Putin bu qarorni istehzo bilan tilga olgan va vaziyatni «qochish» deb baholagan edi.
AQSHning yangi prezidenti Donald Tramp ham Ukrainadagi urush boshlanishiga aynan shu voqeani turtki sifatida ko‘rsatgan. U joriy yil mart oyida Kongress oldida qilgan chiqishida shunday degandi:
«Putin nimalar sodir bo‘lganini ko‘rdi va «mana, mening imkoniyatim», dedi. Vaziyat aynan shunday darajada yomon edi. Bu sodir bo‘lmasligi kerak edi. Juda ham noqobil odamlarning qarori bo‘lgan».
Shu kabi xulosani Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson ham o‘z xotiralarida «Bu hol qanday ko‘rinsa, aynan shu edi: ya’ni, G‘arbning to‘liq axloqiy, siyosiy va strategik mag‘lubiyati», deb yozgan.
Kreml esa, shubhasiz, Afg‘onistondagi voqealarni juda diqqat bilan kuzatgan va Ukrainaga nisbatan o‘zining azaliy maqsadini — uni zo‘ravonlik bilan o‘z qamroviga qaytarish niyatini amalga oshirish uchun oldida hech qanday to‘siq ko‘rmagan. Qisqasi, barcha narsa Putinga «sen qo‘rqadigan hech kim qolmadi», degan ishonchni berayotgan edi. Chindan ham, u o‘zi kimdan qo‘rqishi kerak edi? Toliblardan qochib, harbiy texnikasiyu yillar davomida ularni qo‘llab-quvvatlagan odamlarni tashlab ketgan amerikaliklardanmi? Yoki butunlay irodasiz va «transformerlar» bilan giyohvandlarga bo‘ysunib ketgan, deb tasvirlangan Yevropadanmi?
Xalq iborasi bilan aytgandek: «Sulaymon o‘ldi — devlar qutildi».
Ukrainada G‘arb qo‘shinlari yo‘q edi. Yevropadagi ittifoqchilar esa Rossiya kabi yadroviy davlat bilan qarama-qarshilikka borishga juda ojiz ko‘rinardi. Kreml urushni boshladi — u hammasi bor-yo‘g‘i uch kunlik «maxsus harbiy operatsiya» bo‘lishiga va kollektiv G‘arb hatto miq etgan ovoz chiqarishga ham jur’at qilmasligiga ishongan edi.
Ammo Yevropa o‘z ovozini chiqardi. Ehtimol, urushning ilk kunlarida bu ovozlar ko‘pchilik istaganidek baland va keskin bo‘lmagandir, lekin hozir Yevropaning rejasi avvalo uzoq muddatga mo‘ljallanganligiga shak-shubha yo‘q.
Aynan ana shu uzoqni ko‘zlagan Yevropaning yetakchilari o‘zini qat’iyatli va prinsipial tutdi. Ukraina uchun bosh harbiy ittifoqchi bo‘lgan AQSHda esa siyosiy rahbariyat almashishi bilan birga ritorika ham o‘zgardi. Hozirgi prezident Donald Tramp Vladimir Putinga nisbatan ancha iliq munosabat bildirmoqda. Ular telefonda soatlab suhbatlashishadi, va oxirida kim birinchi qo‘ng‘iroqni tugatishini aniqlay olishmaydi.
Tramp Ukrainaga bosim o‘tkazmoqda, vaqt-vaqti bilan Volodimir Zelenskiyga shaxsan hujum qilmoqda, Putinni oqlamoqda va The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, respublikachi senator Lindsi Grehemga ham bosim o‘tkazib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va 500 foizlik bojlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini yumshatishni talab qilmoqda.
Bu paytda esa Yevropaning yetakchilari Ukraina prezidenti atrofida jipslashmoqda. Buyuk Britaniya qiroli Charlz III Volodimir Zelenskiyni Norfolkdagi Sandringhem qarorgohida qabul qilgan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa muzokaralarda alohida diplomatik vositachi sifatida qatnashmoqda. Barcha Yevropa rahbarlari bir ovozdan Ukraina pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda — bu muzokaralarda, AQSH va Rossiya bir tomonga o‘tganga o‘xshab ko‘rinmoqda.
Urush boshlanganiga uch yil to‘lgan paytda Yevropaning siyosiy tizimi hech qachon kuzatilmagan jipslik va qat’iy tusni oldi. Endi unda na sarosima, na shoshma-shosharlik bor — har bir qaror o‘z vaqtida va puxta o‘ylangan tarzda qabul qilinmoqda. AQSHdan farqli o‘laroq, Yevropa Ittifoqi davlatlarining Ukraina urushida Putinning javobgarligiga bo‘lgan pozitsiyasi hech qachon o‘zgarmadi. U doimo shay va mustahkam qoldi. Kremlda esa ana bunday ssenariyga tayyor bo‘lmagan ko‘rinadi.
Hatto siyosiy elitaning almashishi ham Yevropaning umumiy ritorikasiga deyarli ta’sir ko‘rsatmadi. Aksincha, ba’zi jihatlarda bu keskinlashdi. Masalan, Germaniyada yangi kansler Fridrix Mers boshchiligidagi hukumat qarorlari yanada qat’iyroq bo‘lmoqda. Shu tariqa, Germaniya Ukrainaga yetkazilayotgan qurollarning qo‘llanilishidagi masofa cheklovlarini bekor qildi.
«Ukrainaga yetkazilayotgan qurollarning harakat radiusi bo‘yicha cheklovlar endi yo‘q — na britaniyaliklar, na fransuzlar, va na biz tomonimizdan», — dedi Mers kansler lavozimiga kirishganidan uch hafta o‘tib.
Shuningdek, bir necha kun avval Mers Litvada Germaniya harbiy brigadasini tantanali ravishda ochdi — bu brigada NATOning sharqiy qanotini himoya qilish uchun mo‘ljallangan. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta nemis harbiylarining Germaniya tashqarisida uzoq muddatli joylashuvidir. Rejaga ko‘ra, 2027 yil oxiriga kelib Rossiya chegarasi yaqinida, Kaliningrad oblasti hududiga tutash hududda joylashtiriladigan 45-zirhli tank brigadasi tarkibida 5000 nafar harbiy xizmat qilishi kerak.
Fransiyaning ritorikasi ham ma’lum bir darajada qat’iylashdi. Prezident Emmanuel Makron boshchiligidagi hukumat NATO a’zolari bilan Ukraina hududiga tinchlikparvar kuchlar joylashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Hatto NATO bosh kotibining almashishi ham Yevropaning Rossiyaga nisbatan ehtiyotkor munosabatiga ta’sir qilmadi — aksincha, bu ehtiyotkorlik yanada kuchaydi.
Bir hafta avval NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte NATO harbiy xarajatlarga umumiy YAIMning 3,5 foizini va infratuzilmaga oid «mudofaa bilan bog‘liq xarajatlar» — yo‘llar, ko‘priklar, aerodrom va portlar qurilishi uchun yana 1,5 foizni ajratishi lozim. Uning fikricha, «Rossiya besh yil ichida NATOga qarshi harbiy kuch ishlatishga tayyor bo‘lishi mumkin. Shu sabab NATO kuchli, samarali va halokat yetkaza oluvchi ittifoqqa aylanishi kerak».
Bu paytda muzokaralar olib borilayotgan va AQSH prezidenti Donald Tramp Putin bilan kelishuvga erishishning turli yo‘llarini izlayotgan bir vaqtda, Yevropa o‘zining harbiy salohiyatini jiddiy ravishda oshirmoqda. Yevropa Ittifoqi «Readiness 2030» deb nomlangan yangilangan qayta qurollanish loyihasini tasdiqladi. Unga ko‘ra, mudofaa sanoati va infratuzilmani kuchaytirish uchun 800 mlrd yevro ajratiladi. Shu bilan birga, Rossiyaning yaqin yillarda Yevropaga bostirib kirish ehtimoli borligidan xavfsirab, Yevroittifoq 150 mlrd yevro hajmidagi maxsus qurol-yarog‘ fondi tashkil etishni ma’qulladi.
Bu jarayonga AQSHning ishonchli ittifoqchi sifatidagi o‘rni borasidagi shubhalar ham ta’sir qilmoqda — bugungi kunda Yevropa elitalari orasida AQSH endi qit’a xavfsizligini ta’minlamaydi, degan fikrlar tobora ko‘proq yangramoqda.
Donald Trampning o‘zi ham Yevropa muammolari va xavotirlariga jiddiy qaramayotganini bir necha bor ochiq bildirgan. Oq uy ma’muriyati NATOga a’zo davlatlardan mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha oshirishni talab qilgan. Ya’ni, AQSH yangi prezident rahbarligida NATO mudofaasiga mablag‘ kiritish niyatida emas. Shu bois Yevroittifoq davlatlariga «beqaror qo‘shni» Rossiya bilan mustaqil ravishda hisob-kitob qilish taklif etilmoqda.
Natijada, juda ikki qutbli pozitsiyalar shakllandi: AQSH, Tramp boshchiligida, bor urushni iloji boricha tezroq yakunlashni istamoqda. Yevropa esa, aksincha, yaqinlashib kelayotgan yangi urushga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt yutmoqda.
Bu haqda eng ochiq bayonotni yaqinda NATO bosh kotibi Ryutte berdi. U «Ukrainada otashkesim Rossiyaga tin olib, qurol-yarog‘ to‘plashga imkon berib, Yevropa uchun xavfni yanada kuchaytiradi», dedi.
Shu tarzda, AQSH Rossiyani to‘xtatish jarayonidan tobora chetlashar ekan, Yevropa aksincha, bu jarayonga yanada faol aralashmoqda. Ehtimol, qit’a Rossiya bilan bo‘ladigan urush ehtimoli endi juda ham yuqori degan xulosaga kelgan. Va shu sabab Kreml 2020-yillar boshida «irodasiz» va «demokratiyasi botib qolgan» deb qaragan Yevropa endi aniq shaklga kelgan, prinsipial raqibga aylanmoqda. Bir paytlar zaif deb baholangan G‘arb, aslida, qat’iy va izchil siyosiy tizim ekanini namoyon etmoqda.
Amerika seskanayotgan joyda Yevropa, aksincha, jazm bilan qaror qilmoqda: Putin boshchiligidagi Rossiya — aslo tinch qo‘shni emas, balki katta urush olib keluvchi mamlakat ekani ayon bo‘lib bo‘ldi va Yevropa bu urushga kuchli tayyorgarlik ko‘rmoqda.





