Yil yakuniga qadar energetikada qanday o‘zgarishlar bo‘lishi aytildi

23.02.2026 | 20:234 daqiqa

Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Toshkentdagi issiqlik stansiyalari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash uchun suyultirilgan gazni saqlash infratuzilmasi barpo etilishi ma’lum qilindi.

Yil yakuniga qadar energetikada qanday o‘zgarishlar bo‘lishi aytildi © Foto: president.uz

Yaqin yillarda jami 602 kilometr uzunlikdagi «Tolimarjon – So‘g‘diyona», «Sirdaryo – Halqa» va «Qorako‘l – Nurobod» liniyalari, 2030 yilga qadar «Yangi Angren – Namangan» tarmog‘i hamda «Namangan» nimstansiyasi quriladi.

Energetika loyihalarida mahalliy komponent ulushini 2026 yilda 1 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Joriy yilda yangi turdagi kabel, muftalar, shamol elektr stansiyalari minoralari va parraklarini mahalliylashtirish loyihalari ishga tushiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Generatsiya quvvatlari va qayta tiklanuvchi energiya

Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda qayd etilishicha, mamlakatda elektr energiyasi bo‘yicha jami generatsiya quvvatlari 25,8 ming megavattga yetgan. Shundan quyosh, shamol va gidroenergetika 8 ming megavattni, ya’ni umumiy hajmning 31 foizini tashkil etmoqda. 2026 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 90 milliard kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, bu 2020 yilga nisbatan 40 foiz o‘sish demakdir.

Joriy yilda iqtisodiy o‘sish hamda tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmlarining oshishi hisobiga elektr iste’moli yana 1 milliard kilovatt-soatga ortishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ravishda energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish, tarmoqlarni yangilash, investitsiyalarni ko‘paytirib, yirik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish birinchi navbatdagi vazifa sifatida belgilandi.

Investitsiyalar va yangi loyihalar

Bugungi kun holatiga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika majmuidagi investitsiya portfeli 133 ta loyihani qamrab olgan bo‘lib, umumiy qiymati 51,4 milliard dollarni tashkil etmoqda. Shundan 43 milliard dollarlik 73 ta yirik loyiha bo‘yicha tizimli yondashuv qilib, yil yakuniga qadar 6 ming 770 megavatt yangi quvvatlarni ishga tushirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu 2,8 ming megavatt quyosh, 2,5 ming megavatt issiqlik, 470 megavatt shamol, 68 megavatt gidroenergetika quvvatlari hamda 884 megavatt energiya saqlash tizimlaridir.

Mahalliylashtirish va tarmoqlarni modernizatsiya qilish

Biroq ayrim loyihalarni kelishish va yer ajratish bilan bog‘liq jarayonlarda turli sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani oqibatida mavjud loyihalarni kengaytirish hamda yangilarini boshlash orqaga surilayotgani tanqid qilindi. Mutasaddilarga yer ajratish va toifasini o‘zgartirish ishlarini tezlashtirish topshirildi.

Umuman, joylarda energetikani rivojlantirish va energotejamkorlikni ta’minlashda Energetika vazirligi hamda hokimliklar yaqin hamkorlik va muvofiqlashuv asosida ishlashi zarurligi qayd etildi.

Loyihalarni amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va mahsulotlar ishtirokini yanada kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi. 2025 yilda investitsiya loyihalarida mahalliy komponent ulushi 737 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan.

Jumladan, o‘tgan yili transformator ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi. Joriy yilda yangi turdagi kabel va muftalarni, shamol elektr stansiyalari minoralari va parraklarini mahalliylashtirish loyihalarini ishga tushirish, energiya saqlash tizimlarini mahalliylashtirish loyihasini boshlash rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi ortayotgan sharoitda uni iste’molchilarga o‘z vaqtida yetkazib berish masalasi dolzarb ekani, lekin qo‘shimcha yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlari qurilmasa, generatsiya quvvatlarining iste’mol hajmidan oshib ketishi xavfi mavjudligi ko‘rsatib o‘tilgan. O‘tgan yili elektr tarmoqlarini rivojlantirishga ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish sur’ati yetarli emasligi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan yaqin yillarda jami 602 kilometr uzunlikdagi «Tolimarjon – So‘g‘diyona», «Sirdaryo – Halqa» va «Qorako‘l – Nurobod» liniyalarini, 2030 yilga qadar «Yangi Angren – Namangan» tarmog‘i hamda «Namangan» nimstansiyasini qurish rejalari haqida axborot berildi. Toshkent shahrida 75 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar va 5 ta nimstansiya qurish, 69 kilometr tarmoq hamda 18 ta nimstansiyani modernizatsiya qilish, 638 kilometr past kuchlanishli tarmoqlar va 161 ta transformator shoxobchalarini modernizatsiya qilish topshirildi.

Qo‘shni davlatlar bilan energetika tizimlarini integratsiya qilish hisobiga vodiy viloyatlarida elektr ta’minotini yaxshilash rejalari ham muhokama qilindi. «Surxon – Puli-Xumri» yuqori kuchlanishli tarmog‘i va uning nimstansiyalari qurilishini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.

Energiya samaradorligi borasida hali ko‘p ishlar qilinishi shartligi qayd etildi.

Energiya tejamkorligi va kogeneratsiya

Soha va tarmoqlarda 2026 yilda elektr 4 milliard 378 million kilovatt-soat elektr energiyasi, 2 milliard 840 million kub metr tabiiy gaz tejash uchun tizimli va manzilli choralar ko‘rish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Yirik korxonalarda ishlab chiqarish hajmini o‘zgartirmasdan energiya sarfini kamida 10 foizga kamaytirish, tarmoqlar va ijtimoiy obyektlarda energiya samaradorligini oshirish uchun 200 million dollar resurs jalb etish choralari belgilandi.

Respublika hududlarida issiqlik va kogeneratsiya markazlarini qurish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan kogeneratsiya markazini tashkil etish ishlari davom ettiriladi, Yunusobod tajribasi asosida hududlarda 7 ta kogeneratsiya markazlari quriladi. Issiqlik stansiyalari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida ular uchun suyultirilgan gazni saqlash infratuzilmasini barpo etish masalasini o‘rganib, takliflar kiritish topshirildi.

Yig‘ilish yakunida Prezident strategik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, magistral va taqsimlovchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid